O‘zbekiston | 21:37 / 24.10.2023
3114
2 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra ziyorati masalasida fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqirdi

Qo‘mita Umra faoliyatini reklama qiladigan har qanday turistik tashkilotning litsenziyasi mavjudligini surishtirib ko‘rishga chaqirdi.

Foto: Kun.uz

2023 yil 1 noyabrdan boshlab, faqat «Umra litsenziyasi»ga ega turistik tashkilot Umra tadbirlarini tashkil etishi mumkin. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 1 noyabrdan so‘ng Umra faoliyatini reklama qiladigan har qanday turistik tashkilotning litsenziyasi mavjudligini surishtirib olish muhim. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita noqonuniy «turfirma» yoki «turagent»lardan ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda.

Qayd qilinishicha, bunday talablar Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi «Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan.

Unga ko‘ra, Umra xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etilmoqda:

- 100 ming AQSh dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;

- Umra xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;

- Umra xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishini ta’minlash.

Qarorga ko‘ra, Umra xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taqiqlanadi. Umra xizmatlari Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.

Mavzuga oid