O‘zbekiston | 09:50 / 25.10.2023
23828
6 daqiqa o‘qiladi

Intizomiydan jinoiygacha: Qimor o‘ynaganlik uchun qanday jazo bor?

Uchko‘prik tuman moliya bo‘limi boshlig‘i va tuman hokimi yordamchisi ish joyida qimor o‘ynagani aks etgan fotosurat tarmoqlarda aylanmoqda. Holat o‘z tasdig‘ini topsa davlat xizmatchilari jarimaga tortilishi kerak. Oldin kuzatilgan shu kabi holatlarda qimor o‘ynagan mas’ullar lavozimdan olingan edi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani moliya bo‘limi boshlig‘i va tuman hokimi yordamchisi karta o‘ynayotgani, o‘rtaga pul tikilgani aks etgan surat tarqaldi. Unda rasmiy idora xonasi ekani ko‘rinib turgan joyda bir guruh shaxslar ko‘rpacha solib, pul tikkan holda karta o‘ynab o‘tirganini ko‘rish mumkin. 

Qimor o‘ynaganga qanday jazo bor?

Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 16 avgustdagi 176-sonli qarori bilan 2007 yil 1 sentabrdan boshlab qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlab qo‘yilgan.

Bunday qilmish uchun tegishli kodekslarga ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari kiritilgan.

Intizomiy jazo. Davlat xizmatchisining qimor o‘ynashi, xususan bu “ish”ni xizmat idorasida amalga oshirishi ahloq odob hamda intizomga oid normalarning qo‘pol buzilishini ham anglatadi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ga ko‘ra, davlat xizmatchilari xizmat faoliyati davomida o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ymasligi, har qanday qonunbuzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashishi zarur.

Mazkur hujjatda davlat xizmatchilari ishdan bo‘sh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid bo‘lgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan o‘zlarini tiyishlari shartligi, dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymasligi ham belgilab qo‘yilgan.

Davlat xizmatchisining Odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Ma’muriy javobgarlik. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 191-moddasiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, ana shu o‘yinlar buyumlarini, shuningdek o‘yinga tikilgan hamda o‘yindagi yutuq bo‘lgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan (990 ming so‘m) 5 baravarigacha (1 mln 650 ming so‘m) miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Huddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa shu o‘yinga tikilgan pullar, ashyolar va boshqa qimmatbaho buyumlarni musodara qilib, BHMning 10 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘m) miqdorda jarima jazosi qo‘llaniladi. 

Jinoiy javobgarlik. Jinoyat kodeksining 278-moddasiga ko‘ra qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish, shu jumladan ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash — 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Uchko‘prikdagi amaldorlar ishini kim o‘rganadi?

Ushbu holatda qilmish ikki qismga bo‘lib o‘rganilishi kerak. Birinchi navbatda davlat xizmatchilari qimorni qayerda o‘ynagani aniqlanishi va bordiyu bu holat xizmat xonasida sodir etilgani tasdiqlansa hokimlik (ish beruvchi timsolida) intizomiy jazo qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishi lozim. Rasmiy izohga ko‘ra, davlat xizmatchilarining qilmishi hokimlik xuzuridagi odob-axloq komissiyasi yig‘ilishishida muhokama qilingan (natijasi xozircha ma’lum emas).

Intizomiy jazo yetarli bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan fotosurat ichki ishlar idorasida jinoyat haqida xabar sifatida (Forma-1 kitobiga) ro‘yxatga olinishi va tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilishi lozim. Holat tasdig‘ini topsa ish ma’muriy tartibda rasmiylashtirilib, MJtKning 245-moddasi talabi asosida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga chiqarilishi lozim.

Qanday jazo qo‘llash esa sudning ixtiyorida qoladi.

Uchko‘prikdagi holat birinchisi emas...

Ish joyida qimor o‘ynash holatlari ko‘p uchrab turadi. Aksariyat holatlarda qimor o‘ynagan mas’ullar bu ishi o‘z tasdig‘ini topgach, egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Jumladan, 2022 yilning noyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Nurota tumanidagi 52-umumta’lim maktabi direktori va uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari maktab qorovulxonasida karta o‘ynab o‘tirgan videosi tarqalgandi. Holat tasdiqlangachmaktab direktori va uning o‘rinbosari ishdan olingandi

Yana bir holatda esa Past Darg‘om tumanidagi Qozoq Nayman mahallasi raisi Ahror Arslonov internetda qimor o‘ynayotgani aks etgan suratlar tarqalishi ortidan lavozimidan ozod etilgandi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid