Jahon | 12:10 / 26.10.2023
36066
4 daqiqa o‘qiladi

AQShda otishma: 20 dan ortiq qurbon bor

Men shtatida noma’lum shaxs bar va bouling mijozlarini o‘qqa tutdi. Kamida 22 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralangan. Gumonlanuvchi - o‘q otish bo‘yicha instruktor va zaxiradagi harbiy.

Foto: Steven Senne / AP / Scanpix / LETA

26 oktyabrga o‘tar kechasi Amerikaning Men shtati Lyuiston shahrida ro‘y bergan otishma oqibatida 22 kishi halok bo‘lib, 50 dan ortiq kishi yaralangan.

Men shtati markaziy tibbiyot markazi «ko‘p sonli qurbonlar qayd etilgan katta otishma hodisasi» bo‘yicha ishlayotganini va yaqin atrofdagi boshqa tibbiyot muassasalari bilan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirayotganini bildirgan. 

«Lyuistonda faol otishma. Biz aholidan boshpanada qolishlarini so‘raymiz. Iltimos, uylaringizda qoling va eshiklaringizni qulflang», deyiladi Men shtati politsiyasi xabarida.

Shahar kengashi a’zosi Robert Makkarti CNN telekanaliga bergan intervyusida hukumat 22 kishining o‘limini tasdiqlagani, shuningdek «juda, juda ko‘p kishi yaralangani» haqida aytgan.

Politsiya xabariga ko‘ra, ikki joydan chaqiruv kelib tushgan – Schemengees restorani hamda Sparetime Recreation bouling-hollidan. Ularning orasidagi masofa 6,5 km, bu masofani esa mashinada 10 daqiqada bosib o‘tish mumkin.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs hamon zararsizlantirilmagan. Politsiya jinoyatchi qurollangani va o‘ta xavfli ekanidan ogohlantirmoqda. Keyinroq uning avtomobili Lyuistondan taxminan 10 kilometr masofadagi Lisbon shahridan topilgan.

Politsiyachilar oq rangli yengil mashina suratini e’lon qilgan va bu mashinani taniganlardan politsiyaga aloqaga chiqish so‘ralgan.

Ko‘p o‘tmay gumonlanuvchining shaxsi aniqlandi – u 40 yoshli Robert Kard bo‘lib, o‘q otish bo‘yicha instruktor hamda AQSh armiyasining zaxiradagi harbiy xizmatchisi hisoblanadi. Politsiya gumonlanuvchining kuzatuv kamerasi orqali olingan fotosuratini tarqatgan, unda Kard qo‘lida vintovka tutgan holda bouling-klubga kirayotgani aks etgan.

Foto: ANDROSCOGGIN COUNTY SHERIFF’S OFFICE

Kardga qidiruv e’lon qilingan, uni qidirish ishlariga yuzlab politsiyachilar jalb etilgan. Lyuiston va atrofdagi boshqa bir necha shahar aholisiga o‘z uylaridan chiqmaslik tavsiya etilgan, shaharda to‘liq lokdaun joriy etilgan. Mahalliy ofislar yopilgan, maktablarda darslar bekor qilingan, shifoxonalarning qo‘riqchi xodimlari yuqori shaylik holatiga keltirilgan.

Oq uy prezident Jo Bayden voqea haqida xabardor qilingani va tezkor ma’lumotlarni olishda davom etishini bildirgan.

Associated Press va Sky News xabariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan politsiya xabarnomasida Kard 2023 yil yozida ikki hafta mobaynida ruhiy kasalliklar shifoxonasida bo‘lgan. Hujjatda aytilishicha, Kard «ovozlar eshitayotgani»ni aytgan va harbiy bazada otishma uyushtirish bilan tahdid qilgan. CNN’ning aniqlik kiritishicha, gap Men shtati Sako shaharchasidagi Milliy gvardiya obekti haqida borgan.

Lyuiston — Men shtatining aholi soni ko‘pligi bo‘yicha ikkinchi shahri bo‘lib, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 38 mingdan ortiq kishi yashashi qayd etilgan.

Shahar Men shtatidagi 24 shahardan eng yirigi bo‘lmish Portlenddan 60 km masofada joylashgan. Shtatning jami aholisi soni 1,3 milliondan ortiq kishini tashkil etadi.

Men shtatidagi o‘limlarning ko‘p qismi qotilliklar bilan emas, o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq sanaladi.

Everytown for Gun Safety tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, quroldan o‘lim topish holatlarining 89 foizi o‘z joniga qasd etish, 7 foizi esa qotillik tufayli sodir bo‘ladi. Milliy miqyosda esa AQShda quroldan o‘lim holatlarining 61 foizi o‘z joniga qasd etish, 36 foizi — qotillik bilan bog‘liq.

Mavzuga oid