Iqtisodiyot | 14:15 / 26.10.2023
15194
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank makroiqtisodiy rivojlanishning ikki ssenariysini taqdim etdi

Inflyatsion targetlash muddati uzaytirildi. Markaziy bankning asosiy ssenariysida bu muddat 2025 yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi, muqobil ssenariysida esa 2026 yil yakuniga kelibgina inflatsiya 5 foizgacha pasayishi prognoz qilingan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank boshqaruv yig‘ilishida “Pul-kredit siyosatining 2024 yil va 2025-2026 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” konseptual jihatdan ma’qullandi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning barcha ssenariylarida Markaziy bankning asosiy maqsadi narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratiladi.

Kelgusi yillarda tashqi iqtisodiy sharoitlarda joriy vaziyatning keskin o‘zgarishlarsiz rivojlanishi va tarkibiy islohotlarning faol davom ettirilishi asosiy ssenariy shartlari etib belgilangan bo‘lsa, noaniqliklarning yanada kuchayishi va tashqi sharoitlarda xatarli shoklarning yuzaga kelishi muqobil ssenariy shartlari sifatida qayd etildi.

Asosiy ssenariyni ishlab chiqishda keyingi yillarda makroiqtisodiy to‘g‘rilanishlarning amalga oshirilishi, ya’ni energiya, transport hamda qishloq va suv xo‘jaligidagi tarkibiy islohotlarni faol fazaga ko‘chishi va ayrimlarining mantiqiy yakuniga yetkazilishi, fiskal konsolidatsiya boshlanib, umumiy fiskal defitsit hajmi 2023 yilgi ko‘rsatkichlardan qisqartirib borilishi, iqtisodiyotda davlat ulushining kamayishi, islohotlar natijasida xususiy investitsiyalar va eksport hajmining yuqori sur’atlarda o‘sib borishi kabi qarashlarga tayanilgan.

Ushbu ssenariy doirasida yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2022-2023 yillarda yuzaga kelgan tashqi vaziyatdagi o‘zgarishlarning taklif omillariga bo‘lgan bosimi uzoqroq saqlanib qolayotganini hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar to‘g‘rilanishining umumiy inflatsiyaga bo‘lgan ta’sirlarini inobatga olib, inflatsiyaning doimiy 5 foizlik targetiga erishish davri 2025 yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi keltirilgan.

Shuningdek, targetga erishish davrining uzayishi, bir tomondan iqtisodiyotdagi yalpi taklifning ichki iste’mol talabini yetarli darajada qondirishda kechikayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yalpi talabni tiyib turishga qaratilgan keskin choralar ko‘rilgan taqdirda iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlikka jiddiy xatarlar tug‘dirishi mumkinligi bilan bog‘liq.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysi doirasida 2024 yilda inflatsiya darajasi 8-9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Inflatsiyaning mazkur darajada bo‘lishini ta’minlash uchun pul-kredit sharoitlari 2024 yilda ham nisbatan qat’iy fazada saqlab qolinadi.

Ayni paytda, 2024 yilda tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanish darajasidan kelib chiqib inflatsiyaning prognozi qayta yangilanishi va mos ravishda pul-kredit sharoitlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Pul-kredit siyosati ta’sirchanligini oshirishda bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaytirish, imtiyozli kreditlash amaliyotini qisqartirish va bozor tamoyillari asosida shakllanuvchi foiz stavkalariga o‘tish borasida choralar davom ettiriladi.

Asosiy ssenariy doirasida 2024 yilda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi prognozi 5-5,7 foiz atrofida bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, 2025 yilda 5-6 foiz va 2026 yilda 5,5-6,5 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Muqobil ssenariy doirasida, asosiy ssenariydan farqli ravishda, tashqi sharoitlarning birmuncha noqulay shakllanishi ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishini inobatga olib, 2024 yilda inflatsiya darajasi 9-10 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bunda doimiy targetga erishish davri yanada uzoqroq davrga kechikib, 2025 yilda inflatsiya 7-8 foiz atrofida bo‘lishi va 2026 yil yakuniga kelib 5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur ssenariy doirasida iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omil fiskal rag‘batlantirishlar bo‘ladi. Bunda, o‘rta muddatli istiqbolda YaIM real o‘sishi bazaviy ssenariyda keltirilgan prognozlarga nisbatan 1,5-2 foiz bandga pastroq bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid