O‘zbekiston | 22:37 / 26.10.2023
8086
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning qonun ustuvorligi reytingidagi o‘rni e’lon qilindi 

Reyting fuqarolar, huquqshunoslar va huquq sohasidagi ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida tuzilgan. 

Foto: Getty Images

O‘zbekiston World Justice Project (WJP) xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan qonun ustuvorligi yillik reytingida 142 mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi. 

Reytingga kiritilgan MDH davlatlari orasida Qozog‘iston eng yuqori (65-o‘rin), Rossiya esa eng past (113-o‘rin) o‘rinni egalladi. Qirg‘iziston 103-o‘rinda, Belarus 104-o‘rinda joylashdi. 

Ro‘yxatning yuqori beshligidan Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Germaniya joy olgan. Oxirgi o‘rinlarni Venesuela, Kamboja, Afg‘oniston, Haiti va Kongo Demokratik Respublikasi egallagan. 

WJP reytingi fuqarolar, huquqshunoslar va huquq sohasidagi ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida tuziladi. Qonun ustuvorligini o‘lchash uchun sakkizta omil qo‘llaniladi: hukumat vakolatlarining cheklanishi, korrupsiyaning yo‘qligi, hokimiyatning ochiqligi, fuqarolarning asosiy huquqlariga rioya etilishi, tartib va xavfsizlik, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik va jinoiy sud jarayonlari. 

Reyting mualliflarining qayd etishicha, qonun ustuvorligi jahon miqyosida ketma-ket yettinchi yil pasaymoqda. 2016 yil bilan taqqoslaganda, retsessiya mamlakatlarning 78 foiziga ta’sir ko‘rsatgan. Reyting tuzuvchilarning fikricha, qonun ustuvorligining zaiflashuvining ikkita asosiy sababi avtoritarizmning kuchayishi va sud tizimining zaifligidir.

 

Mavzuga oid