O‘zbekiston | 10:29 / 27.10.2023
15113
2 daqiqa o‘qiladi

Rasman: O‘zbekistonda telefon raqamni saqlagan holda aloqa operatorini o‘zgartirish tizimi – MNP ishga tushdi

27 oktabr kuni Toshkentda davom etayotgan “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” haftaligi doirasida O‘zbekistonda mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tizimning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.

Foto: Kun.uz

“Xizmatning ishga tushirilishi mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida sog‘lom, ijobiy raqobatni yanada kuchaytirish bilan birga ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga olib keladi.

Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yo‘qotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.

Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi”, — deyiladi taqdimotda.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatadi. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va ko‘rinishini saqlab qoladi.

Tizim ishlashi haqida Kun.uz sayti avvalroq batafsil ma’lumot taqdim qilgan edi.

Mavzuga oid