Sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rish viloyat sudlariga qaytarilmoqda
Yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi instansiya sudlarining qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun yana quyi sudga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish majburiyati yuklanyapti.
Senat yalpi majlisida sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslarga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi to‘rtta qonun ko‘rib chiqildi.
Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish belgilanmoqda. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat sudi va unga tenglashtirilgan sudlarga qaytarilmoqda.
Sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi kiritilishi munosabati bilan Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual kodekslarga, Ma’muriy sud ishlarini yuritish va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda taftish instansiyasida ish yuritish tartibi batafsil yoritilyapti.
Jumladan, qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga sud ishlarini ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berilishini, ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish bosqichlari joriy etilishini, ishlar Oliy sudda taftish tartibida hamda Oliy sudning Rayosatida qayta ko‘rilishini, yuqori turuvchi sudlar tomonidan quyi sudlarning bekor qilingan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun qaytadan ushbu sudlarga yuborish tartibi chiqarib tashlanishini, har bir sud instansiyasining zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish majburiyati yuklatilishini, sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, amaldagi yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi instansiya sudlarining qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun yana quyi sudga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish majburiyati yuklanmoqda. Shu bilan birga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.
Bundan tashqari, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga ishlarni ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berish, fuqarolarning olis hududlardan sudga kelib sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlarda ishlar apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rilishini, ishlar taftish tartibida Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida va alohida hollarda Oliy sud Rayosatida ko‘rilishini hamda yuqori instansiya sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish tartibi bekor qilinishini, shuningdek yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rishda prokuror ishtirok etishi shartligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
“Mazkur qonunlarning maqsadi va ahamiyati odil sudlovning tayanch prinsiplari — qonuniylik, asoslilik va adolatlilik talablarini ta’minlashga qaratilgan. Aynan ana shu uch omil odil sudlov sifati va samaradorligini amalda namoyon qiladi.
Bunda ustuvor maqsad – fuqarolarimizning qonuniy haq-huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, sud sansalorligi va ovoragarchiliklarning oldini olish, sudlarga ishonchni mustahkamlashdir.
Afsuski, fuqarolarimiz adolat izlab sudma-sud ovora bo‘layotgan holatlar ko‘p. Jumladan, parlamentga ham aynan sud nizolari bilan bog‘liq ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda.
Albatta, protsessual tartiblarni o‘zgartirish, takomillashtirish juda muhim, biroq bu bilan muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Yondashuv, sifat va mazmun o‘zgarishi kerak.
Bunda asosiy mas’uliyat Oliy sud, sudyalik hamjamiyati organlari zimmasidadir. Shu bilan birga, kodekslarga kiritilayotgan ushbu yangiliklardan aholining xabardorligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratish, bu borada nafaqat sudlar, balki boshqa mas’ul tuzilmalar, jumladan Senat va mahalliy kengashlar imkoniyatlarini ham safarbar qilish zarur”, deya ta’kidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva.
Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024