Jahon | 17:40 / 28.10.2023
15977
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda dahshatli YTH: 32 kishi halok bo‘ldi, 63 kishi jarohatlangan

Qohira–Iskandariya trassasida sodir bo‘lgan hodisada 3 ta yo‘lovchi avtobusi va 10 ta avtomobil to‘qnashgan. Natijada ularning ayrimlari yo‘lovchilari bilan yonib ketgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

28 oktyabr kuni ertalab Misrning Beheyra gubernatorligida bir necha avtomobil ishtirokida yirik YTH sodir bo‘ldi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, YTHda 32 kishi halok bo‘lgan va kamida 63 kishi jarohat olgan.

BBC nashrining ma’lum qilishicha, to‘qnashuv poytaxt Qohiradan 131 km shimolda, Qohira-Aleksandriya yo‘lida sodir bo‘lgan. Halokatda jami 3 ta yo‘lovchi avtobusi va o‘nta shaxsiy avtomobil to‘qnashgan, ulardan ba’zilari yo‘lovchilari bilan yonib ketgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilishicha, halokat joyiga kamida 20 ta tez yordam mashinasi yuborilgan. Yaradorlar yaqin atrofdagi Vodi an-Natrundagi kasalxonaga, qolganlari esa Al-Nubariyaga olib ketilgan.

Nashrning yozishicha, Misrda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari tez-tez uchrab turadi. Bunga ko‘pincha yo‘llar yomon ahvolda bo‘lgani hamda haydovchilarning qoidalarga rioya qilmasligi sabab qilib ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid