O‘zbekiston | 13:17 / 28.10.2023
10394
6 daqiqa o‘qiladi

“Oylik kam, texnik imkoniyatlar past, tartibsizlik ko‘paydi” – Milliy kutubxona uzluksiz ishlashni nega to‘xtatdi?

Milliy kutubxonaning 24/7 tartibi 1 yillik sinov muddatidan keyin vaqtincha to‘xtatildi. Mas’ullar bu tizimni qaytarish uchun shahar hokimligi texnik imkoniyatlarni va Vazirlar Mahkamasi xodimlar oyligini ko‘tarish masalasini qaytadan ko‘rib chiqishi kerakligini aytyapti.

Foto: Kun.uz

2022 yilning 1 noyabridan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning B binosi 24/7 ishlashni boshlagandi. Kutubxona rasmiylarining Kun.uz’ga bergan izohiga ko‘ra, sinov tariqasidagi tizim o‘zini qisman oqlamagan.

Buning sabablarini kutubxona direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorova sanab o‘tdi. Uning ma’lumot berishicha, birinchi sabab tungi vaqtda faoliyat yuritadigan xodimlar uchun taklif qilingan maoshga ko‘pchilik rozi bo‘lmagan va yana tungi smenada ishlashga ayol xodimlarning oila a’zolari qarshilik qilgan.

Keyingi sabab, Milliy kutubxona foydalanayotgan “Ma’rifat markazi” ixtisoslashtirilgan direksiyasida farrosh xodimlar oylik maoshlarining (980 000 ming so‘m) kamligi tufayli 22 shtat birligidan 14 tasi vakant qolyapti. Natijada xizmat ko‘rsatish zallari va binoning umumiy foydalanish joylarini tozalash sanitar gigiyenik talablarga javob berishida muammolar yuzaga kelgan.

Uchinchi sabab kuz-qish mavsumi yaqinlashgani tufayli garderob xizmati zarur, tungi vaqtda garderobda xizmat ko‘rsatishga shtat birligi ajratilmagan.

Binoni qo‘riqlash va xavfsizlikni ta’minlashga jalb etilgan Milliy gvardiya xodimlarining bir smena tarkibi qisqartirilgani ham binoni to‘liq nazorat qilish (foydalanuvchilarning kirib-chiqishi) imkoniyatini cheklagan.

Xoldorova Milliy kutubxonaning tungi vaqtda faoliyat yuritishi jarayonida foydalanuvchilar tartibsizligi ham ko‘payganini aytadi.

Foydalanuvchilar bir-birlari bilan kelishmovchilikka borishlari, o‘quv zallarida (stullarni birlashtirib) uxlab yotishlari, tungi vaqtda (borar joyi bo‘lmagan) uxlash maskaniga aylantirib olishi, spirtli ichimlik ichib kelish holatlari, o‘g‘riliklar kuzatilib, binoni qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlash xizmati, ichki ishlar organi xodimlari tomonidan bayonnomalar, Milliy kutubxona xodimlari tomonidan tushuntirish xatlari olingan va ogohlantirishlar rasmiylashtirilgan”, – deydi u.

Shuningdek, Kun.uz’ga kutubxona foydalanuvchilari kechki tartibda qanday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullangani haqidagi statistika ham taqdim etildi. Unga ko‘ra, tungi vaqtda foydalanuvchilarning 66 foizi internet tarmog‘idan,  32,5 foizi YouTube’dan, 1,5 foizi kitoblardan foydalangan.

Nasiba Xoldorova aytayotgan tungi smenada ishlaydigan xodimlar yetishmasligi va oyliklar masalasini aniqlashtirish uchun Kun.uz “Ma’rifat markazi” ixtisoslashtirilgan direksiyasi direktori o‘rinbosari Botir Qurbonov bilan gaplashdi. Uning tushuntirishicha, shtat va oyliklar masalasida Vazirlar Mahkamasi yangi qaror chiqarishi kerak.

Biz takliflarni o‘tgan yili kiritganmiz, javobini kutyapmiz”, – dedi Botir Qurbonov

Bundan tashqari, Botir Qurbonov kutubxonaning tungi tartibida isitish yoki sovitish tizimi doimiy yoniq turishi konditsionerlarga ortiqcha yuklama tug‘dirgani va bu ham muammolarga sabab bo‘layotganini ma’lum qildi.

“Bu bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilganmiz. Hokimlik balansidagi tashkilot bo‘lganimiz uchun kommunal va texnik masalalarga ham ular mablag‘ ajratadi”, – deydi direktor o‘rinbosari.

Kun.uz o‘tkazgan kichik so‘rovnomada kutubxonaning aksar foydalanuvchilari talabalar ekani, ular yashash joyida yetarli sharoit yo‘qligi sabab kutubxonaga kelib dars qilishni afzal ko‘rishlarini va shuning uchun ham tungi “smena” qaytishini xohlashlarini aytdi.

Jamoatchilik faollari ham kutubxona tungi tartibda ishlashini vaqtincha to‘xtatganini ijobiy qabul qilmadi. Mavzuga birinchilardan bo‘lib o‘z munosabatini Harvard universiteti katta ilmiy xodimi Botir Qobilov yozdi.

Ushbu kutubxonaning obunachisi sifatida aytishim mumkin – yaxshi ish bo‘lmabdi… Toshkentda ba’zida uydan tashqari joyda kompyuterimda ishlash uchun joy qidirib qolaman. Ba’zilar “kofe-shoplar talaygina-ku, boring” yoki “bizning ofisdan joy qilib beramiz” deyishadi. Yoki pulli kovorking markazlarni tavsiya etishadi. Lekin kofe-shopga borib shovqinda ishlay olmasam-chi, ofisdan stol berib turadigan tanishim bo‘lmasa-chi? Kovorking markazlari to‘lovi menga qimmatlik qilsa-chi? Qayerga boraman? Javob jamoat kutubxonasi bo‘lishi kerak”, – deb yozgan u.

Qobilov, xorijda konferensiyalarda yurgani sababli faoliyati 24/7 soat davom etishini va shu vaqtda unga kutubxonalar eng yaxshi joy ekanini aytadi.

“Kutubxonalar bu stereotipdagi faqat talabalar kitob o‘qiydigan joy emasligini, ular imkoniyatlarni tenglashtiradigan, insonlarni o‘zaro bir-biriga yaqinlashtiradigan va fuqarolik jamiyatini qurishda muhim makon ekanini eslatishni joiz deb topdim”, – deb yozadi u.

Holatga iqtisodchi Otabek Bakirov, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham munosabat bildirib, O‘zbekistonga qancha ko‘p jamoat kutubxonasi bo‘lsa, shuncha yaxshiligini yozgan.

Demak, masala Toshkent shahar hokimligi va Vazirlar Mahkamasi bo‘ynida qolmoqda. Budjet mablag‘lari jamoatchilik tomonidan tanqid qilinadigan festivallarga ajratilganidan ko‘ra, kutubxona tungi tartibi kamchiliklarini tuzatishga sarflansa, bundan talabalar, yoshlar, mustaqil izlanuvchilar, ilm odamlari ko‘proq foyda ko‘radi.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz

Mavzuga oid