“Mobil qullik”ning tugashi, fermerlarga ozodlik ehtimoli va qalloblarga chala jazo - hafta dayjesti
Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.
Telefon raqam va IMEI bo‘yicha o‘zgarishlar
2017 yil boshidan beri, ya’ni salkam 7 yildan buyon muhokama qilib kelinayotgan o‘zgarishlardan biri nihoyat amalga oshdi. Endi O‘zbekistonda ham telefon raqamni saqlab qolgan holda, aloqa operatorini o‘zgartirsa bo‘ladi. Bu yangilik 27 oktyabr kuni, Toshkentdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida e’lon qilindi.
Buning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi, shu bilan birga, o‘z raqamini o‘zgartirmay saqlab qolishi mumkin. Bu ayniqsa qimmatbaho raqam egalari uchun katta qulaylik tug‘diradi. Raqamni bitta kompaniyadan ikkinchisiga cheklanmagan marta olib o‘tsa bo‘ladi, faqat oxirgi o‘zgarishdan kamida 1 oy o‘tgan bo‘lishi kerak.
Bu imkoniyatdan foydalanish uchun abonent o‘zi o‘tmoqchi bo‘layotgan aloqa operatorining ofisiga murojaat qilib, ariza berishi va to‘lov qilishi kerak. To‘lov miqdorini operatorlar mustaqil belgilaydi. Hozir aksar kompaniyalar bu miqdorni 60 ming so‘m deb belgilagan. Yangi SIM-karta olish jarayoni 10 daqiqa, bu SIM-kartaga eski raqamni biriktirish esa uzog‘i 8 soatgacha vaqt oladi.
ICTWEEK'da IMEI tizimi bo‘yicha ham bir nechta ijobiy yangiliklar ma’lum qilindi. Uyushgan jinoiy guruhlar xorijga chiqib kelgan fuqarolarning pasport ma’lumotlaridan foydalanib, ularning nomiga mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazib kelgani bu borada asosiy muammolardan biri edi. Rasmiylarga ko‘ra, endi qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda masofadan turib shaxsni biometrik identifikatsiya qilish, ya’ni Face-ID amaliyoti joriy etilgan. Fuqarolarga ularning nomiga qachon va qanaqa qurilmalar ro‘yxatdan o‘tkazilganini ko‘rish imkoniyatini yaratish ustidagi ishlar esa hali davom etayotgani aytildi.
Bundan tashqari, endilikda jismoniy shaxslar xorijdan o‘zi bilan olib kirgan bitta emas, ikkita telefonni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, chet el fuqarolari esa mobil qurilmalaridan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanish davri amaldagi 30 kundan 60 kunga uzaytirildi.
Fermerga klasterni tanlash erki beriladimi?
Yaxshi yangiliklardan yana biri – fermerlarga klasterni ixtiyoriy tanlash imkoniyati berilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev bu yilgi mavsumdan to‘g‘ri saboq chiqarib, qishloq xo‘jaligidagi yondashuvlarni o‘zgartirish vaqti kelganini aytdi. Ma’lum qilinishicha, hozirda kelgusi yildan boshlab fermerlarga klasterlarni ixtiyoriy tanlash va hosilning shartnomadan ortiqcha qismini erkin sotish imkoniyatini berish masalasi muhokama qilinyapti.
Huquqiy jihatdan olganda, fermerlarda bunday imkoniyat hozir ham bor. Qonunchilikka ko‘ra, fermer o‘zi ishlayotgan viloyat hududidagi klasterlar orasidan xohlagan bittasi bilan shartnoma tuzishi, yoki umuman klaster bilan ishlamasdan, boshqa fermerlar bilan birga kooperativga birlashishi mumkin. Lekin ularning boshqa ko‘plab huquqlari qatorida, klasterni erkin tanlash yoki umuman tanlamaslik huquqi klasterlarning manfaatiga xizmat qiladigan hokimlar tomonidan poymol qilib kelinyapti.
Albatta, fermer huquqini cheklayotganlar faqat mahalliy rasmiylar emas. Prezidentning agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev bu hafta yana jamoatchilik e’tiboriga tushdi. U selektorda bergan topshiriqqa asosan, klasterlar terimni tugatmagan fermerlarning dalalariga kombayn kiritib, paxtani terib ketishga ruxsat oldi.
“Fermer mening paxtamni terib ketding, deya olmaydi. Klaster bergan mablag‘, klaster bergan o‘g‘it, klaster bergan chigit. Fermer nima degan taqdirda ham klaster noqonuniy ish qilmagan bo‘ladi”, – dedi Shuhrat G‘aniyev.
Qonunchilik, albatta, G‘aniyev aytganidek emas. “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, fermer yetishtirgan mahsulotini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf qilish huquqiga ega. Bu qonunning 22-moddasida fermer xo‘jaliklarining ishiga davlat amaldorlarining aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb yozib qo‘yilgan.
Soha vakillariga ko‘ra, ayrim joylarda paxta birinchi terimdan keyin terilmay qolib ketayotganiga sabab – terimchilarning yo‘qligi. Chunki terim narxi hatto qishloqlarda ham mehnat bozori ishtirokchilari uchun yetarlicha jozibador emas. Bu esa klasterlar fermerlardan paxtani past narxda sotib olayotgani bilan bog‘liq. Ya’ni dalada qolgan paxtani terib topshirishdan fermer manfaatdor emas.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu yil paxta qaysi narxda xarid qilinishini e’lon qilmadi. Buni izohlagan vazir Aziz Voitov narxni klasterlar va fermerlar erkin bozor tamoyillariga asoslanib belgilashini aytdi. Lekin fermerlarda tanlov imkoniyatining yo‘qligi, ular klasterlarga qaram qilib qo‘yilgan sharoitda erkin bozor munosabatlari haqida gapirib bo‘lmaydi. Qolaversa, vazir havola berayotgan hujjatlarda 2023 yil paxta hosili uchun 2023 yil 1 fevralgacha, 2024 yilgi hosil uchun esa 1 oktyabrgacha shartnomalar tuzilishi kerak edi, lekin har ikkalasi ham o‘z vaqtida bo‘lgani yo‘q.
Shuhrat G‘aniyevning noqonuniy topshirig‘iga biror rasmiy aks-sado bo‘lmadi, lekin shu topshiriq sabab bo‘lib fermerlarning erksizligi mavzusi ko‘tarilgani fonida, davlat rahbarining klasterlarni ixtiyoriy tanlash va ortiqcha hosilni erkin sotish haqidagi bayonoti yangradi. Shu kuni qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ishdan olindi.
Voitov 2022 yil avgustidan beri vazir lavozimida edi. Uning o‘rnini oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov egallaydi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga esa Prezident administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti direktori Odil Abdurahmonov rahbar etib tayinlanadigan bo‘ldi.
Qonundagi lazeyka – firibgarlarga rag‘bat
“Jinoyat kodeksining 74-moddasida jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish degan qoida bor. Masalan, firibgarlik uchun 8 yil olgan shaxs jazoning uchdan birini, ya’ni 2 yil-u 8 oyini o‘tab bo‘lganidan keyin, yengilroq jazo bilan ochiqqa chiqishi mumkin bo‘ladi. Tasavvur qilyapsizmi? Milliardlarni o‘zlashtirgan firibgar bu pullardan bir so‘mini qaytarib bermasa-da, 2 yil-u 8 oydan so‘ng ozodlikka chiqib, o‘zlashtirgan pullarini maza qilib yeb yuradi. Yuqoridagi kabi jazodan oson qutulib ketish hollari amaliyotda to‘lib yotibdi”.
Bu – ikki yil oldin firibgarlik mavzusida Kun.uz'da e’lon qilingan maqoladan parcha edi. Afsuski, oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, qalloblarga katta sharoit yaratib berayotgan qonunchilikda biror o‘zgarish qilinmadi. Natijada biz yuzlab, minglab odamlar chuv tushayotgan yangidan yangi firibgarliklarga duch kelishda davom etyapmiz.
Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, 2021 yilda “Avto 60 oy” ishi bo‘yicha 8 yilga qamalgan Jamshid Bahodirov hozir ozodlikda. U odamlarga foizsiz, pulini 5 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan avtomobil olib berishni va’da qilib, minglab fuqarolarni 34 mlrd so‘mdan ortiqqa tushirgan, sud uni 8 yillik qamoqqa ravona qilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Jamshid Bahodirov 3 yilga bormay ozodlikka chiqib olgan.
Buning ustiga, u yana “arzon va qulay shartlarda avtomobil hamda kvartiralar olib berish xizmatlari”ni taklif qilib, yuzlab odamlar bilan shartnoma tuzishda ishtirok etgani aytilyapti. Kun.uz ixtiyoridagi materiallar yana yuzlab odamlar navbatdagi yirik firibgarlik qurboniga aylanganini ko‘rsatyapti. Bu haqda batafsil yaqin orada saytimizda o‘qishingiz mumkin bo‘ladi.
Hafta davomida qalloblikda gumonlanayotgan yana bir shaxs muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Qo‘shtirnoq ichidagi “biznes trener” Islom Ibrohimov qidiruvga berilgan. Ichki ishlar vazirligi saytidagi ma’lumotga ko‘ra, u juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda gumonlanyapti.
Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, Ibrohimov odamlarni o‘zining kompaniyasiga investitsiya kiritishga taklif qilib, yiliga 70 foizlik foydani va’da qilgan. U jami 200 ga yaqin odamni salkam 500 ming dollarga “uxlatib ketgan” bo‘lishi mumkin. Uni qo‘lga olish esa, aftidan, ichki ishlar organlariga oson bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qaraganda, Islom Ibrohimov hozir chet elda bo‘lishi mumkin. U go‘yoki Kanadaga borganini aytib joylagan rasm va videolari bu iddaosi yolg‘on ekanini sotib qo‘yayapti. O‘rganishlarimizga ko‘ra, bu kadrlar katta ehtimol bilan Dubay shahrida olingan.
Aslini olganda, Islom Ibrohimov odamlarni laqillatib yurgani o‘tgan yiliyoq SUBeKTIV loyihasining filmidan keyin aniq bo‘lgan edi. Ichki ishlar vazirligi bu holatga nega o‘shandayoq e’tibor qaratmagani taajjublanarli. Qolaversa, agar vazirlik qonunchilik shu holatda qolishiga indamay qarab turaversa, 8 yilga qamalib, 3 yilga bormay chiqib kelgan firibgarlar ro‘yxati kengayishda davom etaveradi.
Advokatlarning og‘zini yopishmoqchi
Advokatlar palatasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi hujjat loyihasi advokatura sohasi va inson huquqlari bo‘yicha vaziyatni inqirozga yetaklashi mumkin. Xavotirli loyihaga palataning o‘zi qarshi ekanini bildirgan bo‘lsa ham, loyiha hamon kun tartibida qolyapti.
Gap shundaki, Advokatlar palatasi “Advokatning kasb etikasi qoidalari”ni yangi tahrirda qabul qilmoqchi. Loyihaning 55-moddasi bilan, advokatlarga ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarini muhokama qilish, “olib borilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan materiallar”ni joylashtirmaslik talabi qo‘yilishi mumkin. Ya’ni bu – to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘z erkinligining cheklanishi bo‘ladi.
Loyiha mualliflarining izohlashicha, advokatlarning tanqidiy chiqishlari go‘yoki islohotlarga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaryapti. “Mazkur vaziyatlar keskinlashib, xalqning noqonuniy mitinglar uyushtirishi, aholi tinchligi buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda”, – deyiladi rasmiy izohda.
Jamoatchilik va advokatlarning e’tirozlaridan keyin, loyiha muallifi ekani aytilgan Advokatlar palatasining o‘zi bu moddaga qarshi ekani va u qoidalarga kiritilmasligini aytib bayonot berdi. Ayni paytda, Kun.uz bilan suhbatlashgan soha vakillariga ko‘ra, loyihaning bahsli joyi faqat 55-moddadan iborat emas. Unda advokatlar mustaqilligi va erkinligi cheklovchi boshqa talablar ham bor. “Bu hujjat tasdiqlansa, ishlamasak ham bo‘laveradi”, dedi advokatlardan biri. Loyiha Advokatlar palatasining 18 noyabr kungi konferensiyasida muhokamaga qo‘yilishi kutilyapti.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Navbatdagi daraxtlar qirg‘ini Toshkent tumanidagi dendroparkda ro‘y berdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda 85 tup qimmatbaho navli daraxt kesib tashlangan, 103 tup daraxt esa qurib qolgan. Dastlab 100 gektardan iborat bo‘lgan o‘rmon hududi hozir 57 gektar bo‘lib qolgan. Tadbirkorlik niqobi ostida issiqxona qurish uchun olingan joylar asta-sekin 4 sotixdan bo‘linib, uy-joy joy qurish uchun sotib yuborilgan. Prokuratura holat bo‘yicha jinoyat ishi ochdi.
Qashqadaryoda ichimlik suvi bilan dalasini sug‘organ ikki dehqonga jazo tayinlandi. Nishon tumanidagi dehqon xo‘jaligi rahbari magistral tarmoqqa noqonuniy ulanib, ekinlarini sug‘orish uchun 280 mln so‘mlik suv o‘g‘irlagan. Buning uchun u 3 yilga qamaldi. Shahrisabz tumanida esa fermer 60 mln so‘mlik suv o‘g‘irlagani aniqlanib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Farg‘onaning Uchko‘prik tumanida hokimlik xodimlari qimor o‘ynagani uchun ishdan olindi. Tumanning kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari hamda iqtisodiyot-moliya bo‘limi boshlig‘i ish joyida qarta o‘ynayotgani rasmi internetda tarqalib ketgan edi. Ma’lumot uchun, bu kabi holatlar avval ham kuzatilgan va ularda ham qimor o‘ynagan mas’ullar ishdan olingan edi.
Toshkentdagi yana bitta “novostroyka”da lift tushib ketdi. Voqea Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasidagi uylardan birida sodir bo‘lgan, unda ichida odamlar bo‘lgan lift 9-qavatdan pastga tushib ketib, 5-qavatga yetganida avariya tormozi sababli to‘xtagan. Rasmiylarga ko‘ra, hech kim jarohat olmagan. Aniqlanishicha, lift belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan va foydalanishga qabul qilinmagan. Uyda odamlar yashay boshlaganiga esa salkam 3 yil bo‘lgan.
O‘zbekiston Qirg‘izistonga harbiy vertolyot sovg‘a qilgani ma’lum bo‘ldi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning aytishicha, uning mamlakati 2021 yilda O‘zbekistondan MI-8MTV rusumli harbiy vertolyotni bepul insonparvarlik yordami sifatida qabul qilib olgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston qirg‘iz harbiylarining xuddi shunday vertolyotlardan birini Chirchiq aviatsiya zavodida bepul ta’mirlab bergan.
O‘zbekiston G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda. Bu borada mamlakatimiz BMT Bosh assambleyasida qabul qilingan rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. Isroilning o‘zi, AQSh va Yevropa ittifoqining ayrim davlatlari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chaqiriqqa qarshi chiqdi. Hafta davomida, shuningdek, tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BAA, Jazoir, Iordaniya, Kuvayt, Misr, Qatar, Falastin, Saudiya Arabistoni va Isroilning O‘zbekistondagi elchilari bilan uchrashib, mojaroni faqat diplomatik vositalar va xalqaro huquqqa asoslangan holda hal qilishga chaqirdi.
Mavzuga oid
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
11:37 / 20.11.2024
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida importni 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda
21:20 / 19.11.2024