Saudiya Arabistoni 2034 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi oydinlashdi
Avstraliya o‘z nomzodini qo‘ymagach, Saudiyaga bu borada raqib qolmadi.
Avstraliya futbol assotsiatsiyasi 2034 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati mezbonligi uchun kurashmaydigan bo‘ldi. Natijada, Saudiya Arabistoni mundialni qabul qilishga ariza topshirgan yagona nomzod sifatida qoldi.
Avstraliya jahon chempionati o‘rniga 2026 yilda ayollar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi va 2029 yilda futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilish rejalariga e’tibor qaratmoqchi. Avstraliyaliklarning bu qarori Saudiyaga raqobat qila olmasligidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq, FIFA 2034 yilgi jahon chempionati Osiyo yoki Okeaniyada o‘tkazilishi mumkinligini aytgandi. Shuning uchun Avstraliya Saudiya Arabistoniga yagona raqobatchi sifatida ko‘rilgan edi.
Navbatdagi, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadi. Marokash, Portugaliya va Ispaniya 2030 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi, ba’zi o‘yinlar Argentina, Paragvay va Urugvayda bo‘lib o‘tadi.
2034 yilgi jahon chempionatini o‘tkazishga Avstraliya bilan birga Yangi Zelandiya, Malayziya va Singapur ham da’vogarlik qilishi, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston qo‘shma ariza topshirishi, shu bilan birga Xitoy mustaqil ariza berishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo ular o‘z tasdig‘ini topmadi.
2034 yilgi jahon chempionati mezboni FIFA tomonidan rasman 2027 yilda e’lon qilinishi kerak.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi
18:01 / 10.11.2024