Jahon | 17:13 / 01.11.2023
19214
5 daqiqa o‘qiladi

Rafah punkti ochildi. Xorijliklar va bemorlar G‘azo sektoridan chiqmoqda

1 noyabr kuni G‘azo sektori va Misr chegarasidagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti urush boshlanganidan buyon ilk marta ochildi hamda jarohatlangan falastinliklar davolanish uchun xorijga chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, sektorni ro‘yxat asosida chet el fuqarolari yoki ikki fuqarolikka ega falastinliklar ham tark etmoqda.

Foto: Getty Images

Misr tibbiyot mulozimi falastinliklarni qabul qilish uchun Sinay shimolidagi Shayx Zuvayd shahrida, Rafahdan 15 km uzoqlikda dala kasalxonasi qurilishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Al-Jazeera nashri ma’lum qilishicha, dastlab G‘azo chegaralari va o‘tish joylari boshqarmasi o‘z sahifasida 500 dan ortiq xorijlik va qo‘sh fuqarolikka ega shaxslar ro‘yxatini e’lon qilib, ularni chorshanba kuni ertalab G‘azoni tark etish uchun Rafahdagi o‘tish joyiga kelishga chaqirgan.

1 noyabr kuni ertalabdan chegaraning Misr tarafida yaradorlarga yordam berish uchun tibbiy mashinalar va shifokorlar to‘plandi. Shu bilan birga, G‘azoga insonparvarlik yordami olib ketayotgan yuk mashinalari ham chegarada kutib turibdi. Bu 7 oktyabrda urush boshlanganidan buyon ilk bor G‘azodan Rafahga chiqish uchun yo‘l ochilishi bo‘lmoqda.

Mohammed Abed / AFP

Ayni vaqtda Rafahdagi nazorat-o‘tkazish punktida bo‘lib turgan nashr muxbiri vaziyat juda tartibsiz ekanini aytgan.

«Bu yerga kelgan odamlar G‘azodan chiqib ketishga harakat qilmoqda, ammo noaniqlik ko‘p. Chegaraga kelgan ko‘pchilikning nomlari ro‘yxatda yo‘q. Ular bugun o‘tkazishni talab qilmoqda. Odamlar so‘nggi uch hafta davomida G‘azoni tark etishni kutgan, o‘z elchixonalari va hukumat amaldorlariga juda ko‘p qo‘ng‘iroq va murojaatlar qilgan. Lekin hech qanday javob bo‘lmagani uchun g‘azabda.

Bu yerda hamma ketishga harakat qilmoqda, lekin ro‘yxat bo‘yicha ismi-sharifi bo‘lgan 500 nafarga yaqin kishigagina ketishga ruxsat beriladi», — degan muxbir.

Ikki davlat fuqaroligiga ega falastinlik oila farzandlari Rafah nazorat-o‘tkazish punkti oldida kutishmoqda. Foto: Arafat Barbax/Reuters

Chegaradan o‘tish uchun tuzilgan ro‘yxatda G‘azodagi turli nodavlat tashkilotlar tarkibida ishlagan Ispaniya, Italiya, Filippin, Haiti, Germaniya, AQSh, Tayvan, Yaponiya, Avstriya, Meksika, Fransiya, Keniya, Nigeriya, Janubiy Afrika, Armaniston, Uganda, Gana, Ukraina va Avstraliya pasportiga ega odamlar ro‘yxati mavjud. Bundan tashqari, turli davlatlardan ikkinchi fuqarolik olgan falastinliklar ham bor.

Dohalik siyosatshunos professor Tamer Qarmoutning Al-Jazeera'ga aytishicha, Isroil tomoni yuzlab odamlar Misrga o‘tishiga ruxsat berishi G‘azodagi gumanitar falokatni bartaraf etish uchun yetarli emas. Qarmout Misr ommaviy qochqindan ehtiyot bo‘lishini kerakligini ta’kidlagan.

«Misrliklar ommaviy ko‘chish ssenariysidan xavotirda. Ular Sinayda falastinlik qochqinlarni ko‘rishni xohlamaydi. Lekin, ular Falastinni ham himoya qilmoqchi. Agar g‘azoliklar to‘liq Misrga qochib o‘tsa, bo‘shab qolgan sektor hududini Isroil uchun berishni xohlamaydi. Agar shunday bo‘lsa, Falastin davlatining kelajagi bo‘lmaydi», degan siyosatshunos.

Nashrga ko‘ra, chet el fuqarolari G‘azodan chiqib ketishi uchun Qizil Xoch orqali o‘z elchixonalaridan ma’lumot olgan. Aks holda hech kim shunchaki Rafahga bora olmaydi.

Rafah hududida tezlik bilan dala hospitali qurilmoqda. Foto: AFP

Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ochilishidan bir necha daqiqa oldin Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli «xorijiy fuqarolarning birinchi guruhi» G‘azoni tark etishini kutayotganini aytdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sektorni guruh bo‘lib tark etgan ilk xorijliklar Britaniya fuqarolari bo‘ldi.

Rafah o‘tish joyi 7 oktyabrda Isroil-Hamas o‘rtasida urush boshlanganidan buyon ilk marta chiqib ketish uchun ochildi. Bundan oldinroq bir necha marta G‘azoga gumanitar yordam karvonlari olib kirildi.

BMT va u doxil xalqaro tashkilotlarning G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat inqirozli holatga kelib qolganini ta’kidlab, sulh va urushni to‘xtatishga chaqiriqlari samara bermayapti.

Mavzuga oid