O‘zbekiston | 18:09 / 01.11.2023
23259
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Rahimxon «Vaqf» fondi rahbari o‘rinbosari etib tayinlandi

Fondning xayriya aksiyalarini ommalashtirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda mehr-muruvvat aksiyalari va «Yurak amri» nomli xayriya ishlari bilan tanilgan Sardor Rahimxon Fond rahbari o‘rinbosari – «Vaqf» xayriya ishlari bo‘yicha direktor lavozimiga tayinlandi.

2023 yil 1 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi boshqaruvi a’zolarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Fond boshqaruvi rahbari Isaxon Abdullayev boshchiligidagi yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilgan.

«Fondning xayriya aksiyalarini ommalashtirish maqsadida, mehr-muruvvat ishlarini uyushtirish, nogiron bolalarga yordam qo‘lini cho‘zish va sinovli kunlarda ko‘ngli yarim insonlar qalbiga yo‘l topishda «Yurak amri» nomli xayriya ishlari bilan tanilgan Sardor Rahimxon (Sanjar Rahimov) Fond rahbari o‘rinbosari – «Vaqf» xayriya ishlari bo‘yicha direktor lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi», deyiladi diniy idora xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Sardor Rahimxon pandemiyaning dastlabki davrlarida O‘zbekistonda qisqa muddatli xayriyalar uchun tashkil qilib yurgan. Keyinchalik, 2021 yil 12 iyulda «Yurak amri» xayriya jamoat fondi loyihasi rasman fond sifatida tashkil qilinib, faoliyatini davom ettirgan.

2022 yil may oyida «Yurak amri» xayriya jamoat fondining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi. Fond asoschisi va yetakchisi Sardor Rahimxon buni loyiha masshtabi kengayib ketgani bois ehtimoliy xatolarning oldini olish, deya izohladi. «Yanada kuchga to‘lish, xatolarimizni isloh qilish va rasmiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mana shunday qarorga keldik, azizlar», degan edi u.

2023 yil oktyabr oyida Ziyovuddin domla Mirsodiqov o‘z arizasi bilan «Vaqf» fondi rahbari lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga Isaxon Abdullayev tayinlangandi.

Mavzuga oid