“Ayrim holatlarda dorilar belgilangan narxidan 10 karra qimmat sotilyapti” – Mubin Mirzayev
Dori vositalari va veterinariya dori vositalarini QQSdan ozod etish bo‘yicha imtiyoz bekor qilinadi. “Ijtimoiy himoya” reyestriga kiritilgan aholi dori xarid qilayotib to‘lagan 12 foizlik QQSni ilova orqali qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Soliq qo‘mitasi, shuningdek, dori vositalarini realizatsiya qilishdagi 15-20 foizlik narx cheklovini bekor qilishni taklif qilmoqda.
2024-2026 yillar uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida berilgan soliq va bojxona imtiyozlarini samarasi va bergan natijasiga qarab qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga ko‘ra, dori vositalari va veterinariya dori vositalari uchun berilgan soliq imtiyozlarini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritilgan.
“Bosqichma bosqich soliq imtiyozlarini bekor qilish bo‘yicha har yili takliflar kirityapmiz. Birinchi navbatda hammaga bir xil sharoit yaratib berish va raqobat muhitini yaratish lozim. Qo‘shilgan qiymat solig‘i zanjirining uzluksizligini ta’minlash maqsadida bir qancha imtiyozlarni bekor qilish nazarda tutilgan. Xususan, dori vositalari va veterinariya dori vositalari QQSdan ozod qilingandi. Biz mazkur imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha takliflarni tayyorladik. Dori vositalari ishlab chiqarish va ularni realizatsiya qilish, umuman olganda mana shu sohada ishlovchilar uchun bir xil sharoit yaratib berish ko‘zda tutilmoqda. Savol berishingiz mumkin, dori vositalarini xarid qiladigan aholining kam ta’minlangan qismi nima qiladi, deb. Aholining ijtimoiy reyestrga tushgan qismi uchun to‘langan QQS keshbek ko‘rinishida qaytarib beriladi.
Shu bilan birga, dori vositalarini realizatsiya qilishda 15 va 20 foiz ustamalar belgilangan. Buning ham aholi va tadbirkorlarga hech qanday foydasi bo‘lmayapti. Chunki ayrim holatlarda dorilar belgilangan narxidan 10 karra qimmat sotilyapti. Bu ham qonunbuzilishi holatlariga olib kelyapti. Shu sababli bu cheklovni bekor qilishni taklif qilyapmiz”, dedi Mirzayev.
Mavzuga oid
11:40 / 16.10.2024
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktoriga o‘rinbosar tayinlandi
20:04 / 14.10.2024
Chilonzorda salkam 44 ming dollarga qalbaki dori sotganlar ushlandi
23:02 / 10.10.2024
Britaniya kompaniyasi Zantac dorisi tufayli kiritilgan da’volarga 2,2 mlrd dollar to‘laydi
20:26 / 09.10.2024