Jahon | 15:04 / 02.11.2023
7411
2 daqiqa o‘qiladi

Putin yadro sinovini taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiyasini bekor qiluvchi qonunni imzoladi

Shartnoma Rossiya Federatsiyasi nomidan 1996 yil 24 sentabrda Nyu-Yorkda imzolangan va 2000 yil 27 mayda Rossiya tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin qonunni imzoladi, unga ko‘ra Moskva yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma (YaSTsh) ratifikatsiyasini qaytarib oladi. Tegishli hujjat rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Shartnoma Rossiya Federatsiyasi nomidan 1996 yil 24 sentabrda Nyu-Yorkda imzolangan va 2000 yil 27 mayda Rossiya tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ushbu ko‘p tomonlama hujjat barcha turdagi yadro sinovlarini to‘xtatish uchun asosiy xalqaro huquqiy hujjat bo‘lishi kerak edi.

Biroq shu kungacha shartnoma kuchga kirmadi, chunki yadro quroliga ega yoki uni yaratish salohiyatiga ega 44 davlatdan sakkiztasi uni ratifikatsiya qilmagan.

Ilovadagi materiallarda qayd etilishicha, qabul qilingan qonun yadro qurollarini nazorat qilish sohasidagi majburiyatlar tengligini tiklash uchun ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, aniqlik kiritilishicha, hujjat Rossiyaning ratifikatsiya yorlig‘ini qaytarib olish uchun huquqiy asos yaratadi, biroq mamlakatning YaSTshdan chiqishini nazarda tutmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. 

YaSTsh ratifikatsiyasini bekor qilish tashabbusi Davlat dumasiga 13 oktyabr kuni taqdim etilgan. 

Federatsiya kengashi senatorlari 25 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasining yadroviy sinovlarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiyasini qaytarib olishini bir ovozdan ma’qulladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid