Jahon | 15:51 / 02.11.2023
9056
6 daqiqa o‘qiladi

Shu zamonda ham kuniga 14 soat ishlash kerakmi? – hind milliarder nega tanqid ostida qoldi?

Hindistonlik milliarder, ish beruvchi Narayana Murti mamlakatni rivojlantirish uchun hindlar haftasiga 70 soat ishlashi kerakligi haqida gapirdi. Pandemiyadan keyin qator dunyo davlatlarida ish haftasi 4 kunga qisqartirilayotgan bir paytda milliarderning bu gaplari keskin tanqidga uchradi.

Fotokollaj: Kun.uz

Hindistonda 70 soatlik ish haftasi keskin muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Bunga dasturiy ta’minot sohasi bo‘yicha hind milliarderi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning qaynotasi Narayana Murtining gapi sabab bo‘ldi. Milliarder "Yoshlar mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishni istasa, haftasiga 70 soat ishlashga rozi bo‘lishi kerak", deb aytdi.

hindistonlik milliarder Narayana Murti.
Foto: Getty images

Haftasiga 70 soatlik ish 5 kun ishlaydiganlar uchun sutkasiga 14 soat, 6 kun ishlaydiganlar uchun 11,6 soatlik ish kuniga to‘g‘ri keladi.

"Hindiston — dunyoda ish unumdorligi eng past bo‘lgan mamlakatlardan biri. Agar biz ish unumdorligimizni oshirmasak, yurtimizda misli ko‘rilmagan biror o‘zgarish qila olmaymiz. Shuning uchun ham bugungi yoshlarga shunday degan bo‘lardim: "Bu mening mamlakatim va men bu yerda haftasiga 70 soat ham ishlashga tayyorman", degan Narayana Murti podkastlardan birida.

Uning so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgach, odamlarning tanqidlari va aksincha, qo‘llab-quvvatlashi ostida qoldi. Gazetalarning "Mulohaza" sahifalari toksik ish madaniyati va ish beruvchilarning o‘z xodimlaridan nimalar kutishi haqidagi debatlarga to‘ldi.

Odamlar nima deyapti?

Tanqidlarning ayrimlari boshlang‘ich maoshlari odatdagidan pastroq darajada bo‘lgan hind texnologiya kompaniyalari, jumladan, milliarder Murti hammuassis bo‘lgan Infosys kompaniyasi muhandislaridan yog‘ilmoqda.

Boshqalar esa tanaffussiz ishlashning jismoniy va ruhiy salomatlikka ta’siriga e’tibor qaratyapti.

"Dam olishga vaqt yo‘q, oila bilan suhbatlashishga vaqt yo‘q, jismoniy mashg‘ulotlarga vaqt yo‘q, biror ijodiy ish qilishga ham vaqt yo‘q. Kompaniyalarning ish vaqti tugagandan keyin ham xodimlarining telefonga javob berishlarini kutishini aytib ham o‘tirmoqchimasman. Shunchasidan keyin yana nega yoshlar yurak xurujiga chalinyapti deb hayron ham bo‘lamiz", deb yozdi bangalorlik kardiolog-vrach Dipak Krishnamurti X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.

Ba’zilar esa ayollar ishxona va uylarida shundoq ham 70 soatdan ko‘p ishlashlarini eslatib o‘tgan.

Foto: Shutterstock

O‘z vaqtida bo‘lmagan debat

Debatning ko‘tarilishi butun dunyo Covid-19 pandemiyasidan keyin ish sharoitlarini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Pandemiyada bir muddat masofadan ishlagan odamlarning ayrimlari uydan ishlasa, ish unumdorligi yuqori bo‘lishini, yana bir toifa esa ishxonada ishlab, mehnat-shaxsiy hayot balansini to‘g‘ri yuritishni afzal ko‘ryapti.

Ekspertlar esa hamma o‘z tanlovini qilishi nafaqat xodim uchun, balki ish beruvchi uchun ham foydali ekani haqida yozishmoqda.

Xalqaro mehnat tashkilotining pandemiyadan oldingi ma’lumotlariga ko‘ra, hindistonliklar shundoq ham ko‘p ishlaydi. Ularning o‘rtacha ish soati yiliga 2 ming soatni tashkil qilgan va bu AQSh, Germaniya va Braziliyadagi o‘rtacha ish soatidan ancha yuqori.

Fikrlarga ko‘ra, ish unumdorligini ko‘proq ishlab emas, ish sifatini yaxshilash va malaka oshirib borish orqali oshirish mumkin.

Umuman olganda, bu mavzu hindistonliklar uchun nozik masala. Sababi faollar mamlakatda kuchli mehnat qonunlari mavjud bo‘lsa-da, ularning amal qilishini yaxshilash uchun hukumat yanayam ko‘proq harakat qilishi kerak, degan fikrda.

O‘tgan yili mamlakatning janubidagi Tamil Nadu shtatida hukumat fabrikalarda ish vaqtini 8 soatdan 12 soatga oshirish to‘g‘risida qonun loyihasini e’lon qilgan, muxoliflar va faollar esa uning qaytarib olinishiga erishgan edi.

Janob Murti esa 2020 yilda to koronavirus sabab sekinlashgan hind iqtisodini ko‘tarib olish uchun haftasiga 64 soat ishlashni taklif qilganda ham tanqidlarga uchragandi.

O‘tgan yili eyosh mutaxassislar o‘z kareralarining boshida kuniga 18 soat ishlashi kerakligini aytganda tanqid qilingan.

Biroq milliarderning fikrini ma’qullaydigan tadbirkorlar ham bor. Bu tarafning qarashiga ko‘ra, Murti faqat kompaniya uchun 70 soat ishlashni nazarda tutmagan, balki 40 soat kompaniya uchun, yana qolgan 30 soatda esa xodimlar o‘z ustida ishlashga sarflashi kerakligini aytmoqchi bo‘lgan.

Teskari ma’lumot: Hindistonda ish soatini cho‘zish muhokama qilinayotgan bir paytda dunyo 4 kunlik ish haftasiga o‘tish ustida ishlayapti. Masalan, 2022 yilda Belgiyada qonunlar o‘zgarib, xodimlarga ish haqi kamaytirilmagan holda 4 kun ishlashga ruxsat berilgan.

Buyuk Britaniyada esa 4 kunlik ish haftasiga o‘tishga oid sinovlar o‘tkazilib, uning samarali ekani aniqlandi. Bunday sinovlardan biri hozir Portugaliyada amalga oshirilmoqda.  

Mavzuga oid