O‘zbekiston | 18:40 / 02.11.2023
10720
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent, Urganch va Buxoro yashash uchun eng qulay shaharlar deb topildi

Yuqori beshlikdan Samarqand va Navoiy ham joy olgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent — yashash uchun O‘zbekistonning eng qulay shahri. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan tuzilgan reyting natijalaridan ma’lum bo‘lmoqda.

Qayd qilinishicha, respublikadagi yashash uchun eng qulay shaharlar yuqori beshtaligidan Toshkent (100 ballik tizimda reyting bali 79,1), Urganch (76,0), Buxoro (75,4), Samarqand (70,6) va Navoiy (68,1) shahri o‘rin egalladi. Ro‘yxatning eng quyi beshtaligidan Bekobod (35,3), Xonobod (35,3), Yangiyer (33,5), Ohangaron (32,9) hamda Quvasoy (26,4) shahri joy olgan.

Indeksni shakllantirishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, barqarorlik, madaniyat va atrof-muhit yo‘nalishlaridagi jami 27 ta miqdoriy hamda sifat ko‘rsatkichlaridan foydalanilgan.

Reyting aholi soni 40 ming kishidan ortiq bo‘lgan respublikaning 30 ta shahri uchun ishlab chiqilgan.

Alohida yo‘nalishlar inobatga olinsa, ta’lim hamda tibbiyot yo‘nalishida Buxoro, Guliston va Urganch, infratuzilma bo‘yicha Urganch, Navoiy va Toshkent, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha Toshkent, Urganch va Guliston, madaniyat va atrof-muhit bo‘yicha Toshkent, Buxoro va Samarqand eng yaxshi deb topilgan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti 1968 yilda tashkil topgan va makroiqtisodiy, pul-moliya, bank, ijtimoiy muammolarni prognoz qilish va tadqiq qilish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega. 2005 yildan Ijtimoiy-iqtisodiy tadqiqotlar markazi nomi ostida faoliyat yuritgan. 2023 yildan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutiga aylantirilgan.

Mavzuga oid