Jamiyat | 12:28 / 03.11.2023
75453
8 daqiqa o‘qiladi

Avtomobildan “himoyalangan” shahar: Pekinda havo tozaligini saqlash va tirbandliklar masalasi qanday yechilgan?

Poytaxt Toshkentda “anomal” tirbandliklar-u, havoning yuqori darajali ifloslanishi tobora avjiga chiqmoqda. Buning sabablarini o‘rganish va muammolarni bartaraf etishda dunyoning “yashil” shaharlaridan o‘rnak olish eng to‘g‘ri yo‘l. 22 mln aholisining 88 foizi yashil maydonli hududlardan atigi 500 metrgina radiusda yashayotgan Pekin tajribasi bunda bizga qo‘l kelishi mumkin.

Raqam olish avtomobil olishdan-da qiyinroq

Pekinda avtomobillarga davlat raqamlarini olish jarayoni murakkab qilib qo‘yilgan. Davlat raqamini olish esa avtomobil sotib olishdan qiyinroq. Ya’ni raqamni sotib olish uchun lotereyada ishtirok etish yoki yillar davomida kutishga to‘g‘ri keladi. Yoki auksionda qatnashib, 100 ming yuan va undan yuqori (13,8 ming dollar) to‘lovni amalga oshirish kerak. Ammo buning uchun ham talablar bor: Pekinda so‘nggi besh yil davomida yashash, soliq to‘lash, ijtimoiy sug‘urtaga ega bo‘lish va hokazo. Kompaniyalar uchun talablar yanada yuqoriroq.

Havo ifloslanganda avtomobillar uchun cheklovlar

Havo ifloslanishi o‘ta yuqori bo‘lgan kunlarda transport harakati uchun talablar kuchaytirilib, shaxsiy avtomobildan haftada to‘rt kungacha foydalanish mumkin bo‘lgan qoida joriy etilgan. Pekinni qora tutun qoplaganida, shaxsiy transportdan foydalanish qoidalari yanada kuchaytiriladi: toq raqamli kunlarda davlat raqami toq raqamlar bilan boshlanadigan transport, juft raqamli kunlarda davlat raqami juft raqamlar bilan boshlanadigan transport harakatiga ruxsat beriladi. Davlat avtomobillarining 30 foizga yaqini garajda qoladi. Buning natijasida, taxminan 2 million aholi havo ifloslangan kunlarda jamoat transportidan foydalanadi.

Qurilish kompaniyalari uchun tozalikni saqlash bo‘yicha qat’iy qoidalar joriy etilgan. Xususan, yuk mashinalari oldin tozalanmasdan turib, qurilish maydonlaridan shahar ko‘chalariga chiqib ketishi qat’iyan man etiladi.

Yechimlardan biri – jamoat transporti

Pekindagi yuqori tirbandlik sayohat vaqtini oshiradi, mehnat unumdorligini pasaytiradi va pul yo‘qotishlarga olib keladi. Hisob-kitoblariga ko‘ra, Pekin har yili bundan 100 mlrd yuanga yaqin bevosita va bilvosita iqtisodiy yo‘qotishlarga duch kelmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Xitoy poytaxti YaHMning (2023 yil boshida – 550 mlrd dollardan ortiq) qariyb 5 foizini tashkil etadi.

Bugungi kunda Xitoy poytaxtida 25 mingdan ortiq avtobus turli yo‘nalishlarda qatnaydi. Xitoy Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jamoat transportining yo‘lovchi tashish umumiy hajmidagi hissasi atigi 30 foiz (rivojlangan mamlakatlarda – 60 foizga yaqin). Shu sababli Xitoy hukumati jamoat transportining qulay, tez, ishonchli, qatnov jadvaliga amal qiluvchi, xavfsiz va arzon bo‘lishiga harakat qilmoqda.

Masalan, Pekindagi 500 dan ortiq avtobus yo‘nalishlarida katta yoshli yo‘lovchilar uchun 60 foiz, maktab o‘quvchilari uchun 80 foiz chegirma mavjud. Avtobuslar va tez yordam mashinalari kunning ma’lum vaqtlarida harakatlanishi uchun alohida yo‘laklar ajratilgan (asosan, ertalab va kechqurungi paytlarda). Ushbu yo‘laklarda boshqa avtomobillarni haydash uchun katta jarimalar bor, takroran sodir etilgan taqdirda, jarima miqdori ikki baravar oshiriladi.

Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab kun davomida yo‘llarda rejali ta’mirlash ishlarini olib borish taqiqlanadi (ayrim holatlar bundan mustasno, ayniqsa, shoshilinch ishlarni bajarish kerak bo‘lsa).

Qulay va “aqlli” yo‘l infratuzilmasi

Shahar ma’muriyati birinchi navbatda, yo‘l infratuzilmasi, yuqori sifatli yo‘l qoplamalari, aniq ajratuvchi chiziqlar, yo‘l belgilari va boshqalar sifatini keng miqyosda yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqda. 6 ta Pekin halqa yo‘llarida maksimal tezlik chegarasi 60 dan 100 km/soatgacha. Qulay burilish yo‘laklari, yo‘l o‘tkazgichlar tufayli (svetoforlar yo‘qligida) transport tizimining imkoniyatlari sezilarli darajada oshib, tirbandlik miqdorini kamaytirishga yordam bermoqda.

Shuningdek, poytaxtdagi deyarli barcha yo‘llarda qoidabuzarliklarni qayd etuvchi videokameralar o‘rnatilgan. Videokuzatuv tizimi 2005 yilda boshlangan Skynet davlat dasturining bir qismidir. 2023 yil boshida videokuzatuv kameralari soni 46 mingtani tashkil etdi. Xitoy poytaxti “Aqlli shahar” global reytingida uchinchi o‘rinni egalladi.

Bundan tashqari, asosiy yirik obektlarga (aeroportlar, vokzallar) olib boruvchi pulli, ko‘p polosali yo‘l o‘tkazgichlar (ruxsat etilgan tezlik - 120 km/soatgacha) qurildi. Masalan, Pekin markazidan Shoudu aeroportigacha bo‘lgan masofa 30 km, Dasin aeroportigacha 60 km.

Tavsiya va imkoniyatlar evaziga yechimlar

Ularga quyidagilarni misol qilish mumkin:

1.   2013 yildan boshlab og‘ir yuk avtomobillarining poytaxtga kirishiga faqat tungi vaqtda — soat 23:00 dan 6:00 gacha ruxsat etiladi.

2.   Davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan ish kunining boshlanishi va tugashiga o‘zgartirishlar kiritilishini rag‘batlantirish, tig‘iz paytlarda tirbandlikni kamaytirish. Ushbu chora-tadbirlar poytaxtdagi shaxsiy avtomobillar parkining 20 foizini har kuni shahar ko‘chalarida harakatlanishini cheklash, kunlik gaz chiqindilarini 10 foizga kamaytirish imkonini beradi.

3.   Taksilarni real vaqt rejimida harakat zichligini ko‘rsatadigan va haydovchilarga marshrutni optimallashtirish uchun tavsiyalar beruvchi maxsus navigatsiya tizimlari bilan jihozlash.

4.   Yirik xalqaro tadbirlar (konferensiyalar, forumlar, Olimpiya o‘yinlari va boshqalar) vaqtida davlat organlari avtoparkining 70 foizidan foydalanishni taqiqlash.

5.   Velosiped va mopedlardan foydalanishni keng joriy qilish. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan: infratuzilmadan tortib, onlayn to‘lovlarni joriy etish orqali xizmatlar narxini arzonlashtirishgacha.

6.   Avto va piyodalar harakatini tezkor tartibga solish uchun asosiy chorrahalarga inspektorlarni joylashtirish.

7.   Nafaqat haydovchilar, balki piyodalarning ham yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishi ustidan politsiya nazoratini kuchaytirish, hatto jarima solishgacha.

“Yashil” jamiyat sari

Xitoy elektr transport vositalari uchun eng yirik bozor bo‘lib, 2023 yil birinchi yarmida elektr transport vositalari global savdosining 55 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan – 3,4 million dona. Pekin ma’muriyati 2023 yilda 100 ming dona davlat raqamini chiqarishga qaror qilgan bo‘lsa, shundan 70 mingtasi elektromobillar uchun beriladi. Bundan tashqari, elektr va gibrid transport vositalari uchun “yashil” davlat raqamlarini bepul olish mumkin. Shu bilan birga, elektrobuslar ham faol joriy etilmoqda. Pekin va Xitoyning yana 30 ta shahri 2028 yilga borib, jamoat transportida 100 foiz elektrobuslardan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Pekinda obodonlashtirish jarayoni “tajovuzkor” olib borilyapti. Masalan, 2023 yilning o‘zida:

-        8 ming gektar yer maydoni ekologik restavratsiya qilinib, 1 ming gektar maydonda o‘rmonlar barpo etiladi;

-        22 ta istirohat bog‘i va shahar o‘rmonlari, shuningdek, 50 ta “cho‘ntak” bog‘lari va kichik yashil maydonlar paydo bo‘ladi;

-        aholi zich yashaydigan massivlarida 10 ta yangi bog‘ tashkil etish rejalashtirilgan;

-        shahar yashil maydonlari maydoni yana 200 gektarga ko‘payishi kutilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Pekinda o‘rmon qoplami 44,9 foizga, ko‘kalamzorlashtirish darajasi esa 49,35 foizga yetadi.

Mavzuga oid