«Falastin xalqi BMT rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega» - Mirziyoyev
O‘zbekiston prezidenti jahon miqyosida ishonch inqirozi avj olayotganini ta’kidlab, Isroil-Falastin mojarosining yechimi ikki xalq uchun ikki davlat bo‘lishida ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida yana bir bor Yaqin Sharqdagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi.
«Barchamiz guvoh bo‘lyapmiz, bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda.
Ayniqsa, Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Falastin-Isroil muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Qurolli to‘qnashuvda tinch aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda.
Shu munosabat bilan tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, o‘t ochishni to‘xtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqiramiz.
Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi – nizoni «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida hal etishdir.
Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega. Biz Tashkilotimiz doirasida bu boradagi yakdil va qat’iy pozitsiyamizni butun dunyoga e’lon qilishimiz zarur», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
17:39
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
20:40 / 16.11.2024
HRW Isroilni G‘azo sektoridagi falastinliklarni majburan ko‘chirganlikda aybladi
09:20 / 16.11.2024