Jahon | 23:26 / 03.11.2023
15028
2 daqiqa o‘qiladi

Kolumbiya Eskobarning «kokain» begemotlarini yo‘q qilishni boshlaydi 

Jonivorlar haddan ziyod ko‘payib, muammolarni keltirib chiqarmoqda. 

Foto: Getty Images

Kolumbiya hukumati narkobaron Pablo Eskobarga tegishli bo‘lgan begemotlarning bir qismini yo‘q qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda BBC News xabar berdi. 

Hozir Kolumbiyada kamida 166 «kokain» begemotlari yashamoqda. Mamlakat atrof-muhit vaziri Susana Muhammad so‘zlariga ko‘ra, 20 bosh hayvon sterilizatsiya qilinadi. Boshqalari chet elga jo‘natiladi yoki yo‘q qilinadi. 

Pablo Eskobar 1980-yillarda o‘zining shaxsiy hayvonot bog‘i uchun begemotlarni Afrikadan noqonuniy olib kelgan. Uning o‘limidan keyin to‘rt bosh begemot qarovsiz qolib, ko‘payishni boshlagan. Tabiiy dushmanlar yo‘qligi sababli ularning soni oshib ketgan. Mutaxassislar 2040 yilga borib Kolumbiyada bu hayvonlarning soni bir yarim mingga yetishidan xavotirda. 

Kolumbiya hukumati ko‘p yillar davomida begemotlar tarqalishini to‘xtatishga harakat qilmoqda. Ularni otib o‘ldirish keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi, shuning uchun hukumat hayvonlarni sterilizatsiya qilish jarayonini boshladi. Biroq, bu juda qiyin ish bo‘lib chiqdi, chunki begemotlarni ushlash va harakatsizlantirish o‘ta og‘ir. 

«Begemotni otib o‘ldirish fikri hech kimga yoqmaydi, ammo boshqa strategiya ishlamaydi», dedi ekolog Natali Kastelblanko-Martines muammo haqida. 

Mart oyida Kolumbiya hukumati boshqa mamlakatlardan Pablo Eskobarning 70 bosh begemotini qabul qilishni so‘ragani, jumladan, Hindiston va Meksikaga murojaat qilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid