Jahon | 14:38 / 03.11.2023
8413
3 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi ikki yilda kamida 158 nafar jurnalist o‘ldirildi - YuNeSKO

2023 yilning o‘zida 70 dan ortiq jurnalist shunchaki o‘z vazifasini bajarayotgani uchun o‘ldirib yuborilgan. Bu o‘limlar bilan bog‘liq jinoyatlarning aksari ochilmagan, juda ko‘plab jurnalistlar esa qamoqxonalarda qolmoqda. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kunida yo‘llangan murojaatnomasida eslab o‘tdi.

Foto: AFP

Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kuni har yili Birlashgan millatlar tashkilotining xalqaro kunlar tizimi bo‘yicha 2 noyabr sanasida nishonlab kelinadi.

Bu sana Bosh Assambleya tomonidan jurnalistlar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan, jamiyatning ishonchli axborot olish huquqini toptaydigan xavotirli holatga dunyo hamjamiyati e’tiborini jalb qilish maqsadida 2013 yilda tashkil etilgan.

Uning 2 noyabrga belgilangani esa Fransiyalik ikki nafar jurnalistning o‘limi bilan bog‘liq. 2013 yilning 2 noyabr kuni tahririyat topshirig‘iga binoan Malidagi qurolli mojaroni yoritishga borgan Gislen Dyupon va Klod Verlon jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketiladi va o‘ldiriladi.

BMT mazkur voqea sabab OAV xodimlari, jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik va ularning o‘z faoliyatini bajarishga to‘sqinlik qilishni qoralab chiquvchi hujjatni qabul qiladi.

«2022 yilda kamida 88 jurnalist o‘z vazifasini bajargani uchun o‘ldirilgan. Bu avvalgi yillarga nisbatan keskin o‘sish hisoblanadi. Yaqin sharqdagi hozirgi mojaro ham jurnalistlarga qo‘rqinchli zarba bermoqda. Bu raqamlar, jurnalistlarga bo‘layotgan tahdidlardan chuqur xavotirdaman», — deydi BMT bosh kotibi.

Shuningdek, u mustaqil matbuot demokratiya, huquqbuzarlikni fosh etish, hozirgi murakkab dunyoda yo‘nalishlarni tushunish, barqaror rivojlanish uchun juda muhim hisoblanishini qayd etdi.

YuNeSKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2006–2023 yillarda dunyo bo‘ylab 1600 dan ortiq jurnalist o‘ldirilgan. O‘lim holatlarining 10 dan 9 tasi sud hukmlarisiz ro‘y bergan. Jazosizlik o‘limlar soni oshishiga olib keladi, shuningdek, ko‘p holatlarda ziddiyatlar, muammolarning ko‘payishi, keskinlashuvi va qonunlar, sud-huquq tizimi buzilishiga sabab bo‘ladi. 

YuNeSKO jazosizlik inson huquqlari buzilishi, korrupsiya va jinoyatlarni yashirish orqali butun jamiyatga katta zarar keltirishidan xavotirda ekanligini bildirib, hukumatlar, fuqarolik jamiyatlari, OAV va qonun ustuvorligini ta’minlash istagida bo‘lgan barchadan jazosizlikka barham berish bo‘yicha global harakatlarga qo‘shilishni so‘rab keladi.

Mavzuga oid