Iqtisodiyot | 19:00 / 06.11.2023
48689
4 daqiqa o‘qiladi

MB: Ikki tomonlama defitsit tarkibiy islohotlarga zaruratni kuchaytirmoqda

O‘zbekistonda davlat xarajatlarining haddan tashqari ko‘payib ketishi nafaqat budjet taqchilligini oshiryapti, balki importga qo‘shimcha talab yaratib, tashqi savdo balansidagi taqchillikning ortishiga ham turtki beryapti. Ikki tomonlama defitsitning uzoq davom etishi defolt xavfini yuzaga keltirishi mumkin.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki davlat xarajatlari o‘sishining mamlakat tashqi savdo balansiga ta’sirini o‘rgandi. O‘rganish natijalari MB Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan “Pul-kredit siyosatining 2024 yil va 2025-2026 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ning dastlabki konseptual loyihasiga ilova qilingan.

Monetar organning e’tibor qaratishicha, 2022 yilda O‘zbekiston tashqi savdo balansidagi taqchillik (eksport va import miqdori o‘rtasidagi manfiy farq) YaIMga nisbatan 14,2 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda valuta erkinlashtirilganidan keyin 2018 yildan buyon 10 foizdan kam bo‘lmay kelyapti.

Statagent ma’lumotlari asosida Markaziy bank hisob-kitoblari

Tashqi savdodagi manfiy disbalans ortib borishi – so‘nggi yillarda budjet taqchilligining ham ortishi fonida ro‘y bermoqda. Davlat xarajatlarining oshishi importga qo‘shimcha talabni yuzaga keltirmoqda, importning o‘sishi esa mamlakat tashqi savdo balansiga bosim o‘tkazyapti.

“Davlat budjeti tarkibida joriy xarajatlarning salmoqli ulushi (o‘rtacha 75-80 foiz) iqtisodiyotda qo‘shimcha talabning shakllanishiga bilvosita ta’sir ko‘rsatib, mahalliy ishlab chiqarishning cheklanganligi sharoitida budjet xarajatlari o‘zgarishiga importning ta’sirchanligini oshirmoqda.

Davlat xarajatlari va import hajmi o‘rtasidagi bog‘liqlik (korrelyatsiya koeffitsiyenti) 84 foizni tashkil etib, ular o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Empirik tahlillarga ko‘ra, fiskal xarajatlarning 1 foizga oshirilishining import hajmi o‘sishiga yaxlit ta’sir davridagi kumulyativ multiplikator effekti 0,6 foizga yetishi mumkin”, – deyiladi Markaziy bank axborotida.

Monetar siyosat organiga ko‘ra, mamlakatda nisbatan uzoq davrda ikki tomonlama (tashqi savdo balansi va davlat budjeti) taqchillikning davomi etishi kuzatilmoqda, bu esa kelgusida  fiskal xarajatlar samaradorligini oshirish, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan tarkibiy islohotlarni izchil davom ettirish zaruriyatini yanada kuchaytirmoqda.

Markaziy bank mutaxassislari budjet taqchilligining joriy hisob taqchilligiga ta’sirini Shri-Lanka misolida o‘rgangan.

Qayd etilishicha, Shri-Lanki hukumatining yillar davomida budjet xarajatlarining katta qismi ijtimoiy soha va norentabel infratuzilma loyihalariga yo‘naltirgani budjet taqchilligi o‘sishiga sabab bo‘lgan. Vujudga kelgan taqchillikning tashqi qarz hisobiga moliyalashtirilishi esa, o‘z o‘rnida, joriy hisob taqchilligi oshishiga olib kelgan. Uzoq yillar davom etgan ikki tomonlama taqchillik mamlakatning 2022 yilda tashqi majburiyatlar bo‘yicha defolt e’lon qilishiga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 9 oyida O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi mo‘ljaldagidan 2 barobarga oshib ketib, YaIMga nisbatan qariyb 6 foizga yetgan. Yil yakunida bu ko‘rsatkich 5,5 foizni tashkil etishi kutilyapti.

Endilikda hukumat 2024 yilda 4 foizlik, 2025-2026 yillarda 3 foizlik defitsitni prognoz qilmoqda.

Mavzuga oid