Iqtisodiyot | 21:14 / 06.11.2023
29437
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda AI-95 benzini taqchilligi yuzaga keldi. Energetika vaziri buni inkor etdi

“O‘zbekneftgaz” va boshqa bir qator xususiy yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-95 markali benzin sotilmayapti. Bunga nima sabab bo‘lgani noma’lum. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov benzin defitsiti borligini rad etdi.

Foto: Kun.uz

So‘nggi haftada Toshkentda AI-95 markali benzin taqchilligi paydo bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri shahardagi “O‘zbekneftgaz” va bir qancha boshqa xususiy AYoQShlarga borib, shu markadagi benzin bor yoki yo‘qligini o‘rgandi. Lekin 5 noyabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan va holat o‘rganilgan o‘nga yaqin yonilg‘i quyish shoxobchalarining birortasida bu turdagi mahsulot mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Defitsit AI-95 markali benzinning doimiy xaridori bo‘lgan muayyan toifadagi turbo dvigatelli avtomobil egalariga muammo tug‘dirmoqda.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz”ga oid ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari ish faoliyatida ham uzilishlar kuzatildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, jiddiy taqchillik ortidan o‘zbekistonliklar AI-95 benzin quyish uchun qo‘shni Qozog‘istonga borishmoqda. “O‘zbekneftgaz” hozircha defitsitga nima sabab bo‘layotgani yuzasidan izoh bermadi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda benzin taqchilligi yo‘qligini aytgan. Bu haqda Spot xabar berdi.

Vazir Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benzinini sotib olish limiti oshirilganiga ham izoh berib, bu mamlakatda yoqilg‘i defitsiti bilan bog‘liq emasligiga urg‘u bergan.

“Cheklov narxlarni manipulyatsiya qilishning oldini olish uchun kiritildi. Bu aholining arzon benzinga ega bo‘lishini ta’minlash uchun qilingan. Bu import hajmiga bog‘liq emas. Defitsit yo‘q”, degan Mirzamahmudov.

Avvalroq, O‘zbekiston Rossiyadan neft importini 3 barobarga oshirishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Bu – 3 noyabr kuni Moskvada imzolangan uch tomonlama hujjatda qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2023 yil uchun Rossiya va Qozog‘istondan 300 ming tonnadan neft xarid qilish bo‘yicha kelishuvlar tuzgandi.

Sentyabr oyida Rossiya benzin eksportiga taqiq kiritishi ortidan, oktyabr o‘rtalariga kelib O‘zbekistonda benzin narxlari oshishi kuzatildi.

Kun.uz avvalroq Tojikistonda yonilg‘i shoxobchalarida gaz va benzin taqchillashib, narxlar oshayotgani haqida yozgandi.

Mavzuga oid