O‘zbekistonning iqtisodiy xavfsizligi uchun muhim – IHT qanday tashkilot?
8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti bo‘lib o‘tadi. Kun.uz sammit oldidan IHT qanday tashkilotligi va O‘zbekiston uchun uning ahamiyati haqida video sharh tayyorladi. Iqtisodchi Orifjon Namozovga ko‘ra, O‘zbekiston yirik davlatlar o‘rtasida qolib ketmasligi uchun iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishi kerak – IHT shunga imkon beradi.
Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot bo‘lib, unga 1985 yilda asos solingan. O‘zbekiston unga 1992 yilda a’zo bo‘lgan.
Tashkilotga Markaziy Osiyoning beshta davlatidan tashqari Turkiya, Ozarboyjon, Afg‘oniston, Eron va Pokiston ham a’zo.
2022-2023 yillarda O‘zbekiston ilk bor mazkur xalqaro tuzilmaga raislik qildi.
Bu tashkilot O‘zbekiston uchun qanday ahamiyatga ega? Sammitdan nimalarni kutish mumkin? Kun.uz savollariga progressiv islohotlar markazi eksperti Orifjon Namozov javob berdi.
“IHTga a’zo davlatlarda katta iqtisodiy potensial bor”
Geosiyosat nuqtayi nazaridan qarasangiz, Pokiston, Eron va Turkiya ixcham, o‘rtada turibdi. Bu hududda juda katta iqtisodiy potensial bor: hali rivojlanmagan va hali ko‘p loyihalar, dasturlar olib borilmagan. Tashkilotning asosiy beshta vazifasi bor: iqtisodiy hamkorlik, savdo, transport-logistika, turizm va ijtimoiy rivojlanish.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston land locked, (dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan) mamlakat hisoblanadi. Shuning uchun logistika juda muhim rol o‘ynaydi, iqtisodiy rivojlanish uchun bizga yo‘l kerak. Bu temiryo‘l yoki avtoyo‘llar. Bu yerda katta potensial bor. Multimodal logistik loyihalarga qarasangiz, O‘zbekiston bunday loyihalarning bir nechtasida ishtirok etyapti. Bu tashkilot transport logistikasining rivojlanishiga impuls beradi.
Tashkilotga O‘zbekiston bilan birga, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston 1992 yilda a’zo bo‘lgan, lekin ularning rivojlanishi sezilarli darajada bo‘lmadi.
“IHT ikki tomonlama kelishuvlarga imkon beradi”
Transport faqatgina tashkilotning bir yo‘nalishi. Undan tashqari, tashqi savdo yo‘nalishi ham bor. O‘zbekiston mahsulotlarini chetga eksport qilish eng katta muammo bo‘lib qolgan. Biz Rossiya bozoriga o‘rganib qolganmiz. Mahsulotlar sifatiga qo‘yiladigan talablar bu davlatda uncha yuqori emas. Lekin bu tashkilot bozori biroz murakkab. Turkiya va Eronning bozoriga chiqish uchun ancha investitsiya qilish kerak. Yangi standartlar kiritish kerak. Bu hamkorlik shunga zamin yaratadi. JSTga a’zolikka harakat qilyapmiz, IHT ikki tomonlama kelishuvlarga imkon beradi. Bu tashkilotning katta ijobiy tomoni shundaki, madaniy tomondan bu davlatlar bir-biriga yaqin. Shu nuqtayi nazarda savdoni rivojlantirish ancha yengilroq.
“Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga muhtojmiz”
Rossiya-Ukraina urushi bo‘lmasa, biz bir yo‘nalishda ketardik: ular bizdan yuqori sertifikatsiya talabini qo‘ymayaptimi, demak shu bozorga eksport qilishda davom etardik. Ammo jahon iqtisodiyoti tekis rivojlanmayapti. Bu biz iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga muhtojligimizni ko‘rsatmoqda. Bu tashkilot hamkorlikning yangi vektorlariga erishish imkonini beradi. O‘zbekiston bu yerda katta imkoniyatga ega bo‘lishi mumkin.
Agar biz bu yo‘nalishni rivojlantirmasak, Xitoy, Rossiya va Yevropa orasida qolib ketamiz. Xitoy bilan magistrallarni rivojlantirish kerak, shu bilan birga islom davlatlari, turk davlatlari bilan munosabatlarni kuchaytirish kerak. Bu O‘zbekistonning iqtisodiy xavfsizligi uchun juda zarur. Xitoyga yoki Rossiyaga qarab qolsak, barqarorlik yo‘qoladi. Eron, Turkiya, Pokiston kabi davlatlari bilan hududiy savdoni rivojlantirsak, juda yaxshi bo‘ladi.
Madina Ochilova tayyorladi
Operator va montajchi – Asror Almurodov
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024