Jahon | 15:40 / 08.11.2023
6824
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Bayden va Si Jinping 15 noyabr kuni APEC sammitida uchrashadi

Xitoy hali Si Jinpingning bo‘lajak Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida ishtirok etishini rasman tasdiqlamadi. 

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy yetakchisi Si Jinping 15 noyabr kuni San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida muzokaralar o‘tkazishi mumkin. Bu haqda 8 noyabr, chorshanba kuni yetakchi axborot agentliklari xabar berdi

Yaponiyaning Kyodo agentligiga ko‘ra, Vashington va Pekin ikki siyosatchining uchrashuviga «yakuniy tayyorgarlik ko‘rmoqda». Shu bilan birga, Xitoy hali Si Jinpingning yaqinlashib kelayotgan APEC sammitida ishtirok etishini rasman tasdiqlamadi. Bu AQSh va Xitoy rahbarlarining 2022 yil noyabrida Balida G20 sammiti doirasidagi muzokaralaridan buyon ilk ikki tomonlama uchrashuvi bo‘ladi. 

Uchrashuvda iqlim o‘zgarishi kabi global muammolar bo‘yicha hamkorlikning ehtimoliy yo‘nalishlarini muhokama qilish rejalashtirilgan, deyiladi agentlik xabarida. Shuningdek, Amerika tomoni vaziyat keskinlashuvi xavfini minimallashtirish uchun Xitoy bilan mudofaa bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash niyatida ekani ta’kidlanadi. 

Oq uy noyabr oyi boshida Vashington va Pekin o‘z yetakchilarining San-Fransiskoda uchrashishiga «kelishib olgani» to‘g‘risida ma’lum qildi. Oktyabr oyi oxirida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQShga tashrifi chog‘ida Bayden va davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi. Boshqa masalalar qatorida, bu uchrashuvlarda Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid