Odamsimon robotlar haqida ilm-fan orzusi – ularning insoniyatga qanday foydasi bor?
Tashqi ko‘rinishi insonga o‘xshash va foydali bo‘lgan robotlarni yasash bir necha o‘n yillardan beri ilmiy fantastikadan ilhomlangan muhandislik sohasidagi orzu bo‘lib kelyapti. Shunday robotlar yasaldimi va ulardan insonlarga foyda bormi?
Sun’iy intellekt humanoid robotlarga investitsiya kiritishning yangi to‘lqinini keltirib chiqargan bir paytda mavjud robotlar haqida juda iliq gapirib bo‘lmaydi. Ularning aksari ko‘rinish jihatdan qo‘pol va amaliyotga ko‘p ham mos emas, real hayotdan ko‘ra sahnada yaxshiroq ko‘rinadi. Biroq bular humanoid robotlar yasashga oid startaplarni cheklab qo‘ymadi.
Amazon kompaniyasi qiziqayotgan robot
Ana shunday startaplardan biri Agility Robotics kompaniyasiga tegishli.
“Maqsad hamma narsani boshdan boshlash va ʻHey, qaranglar, biz insonga o‘xshash robot yaratdikʼ, deyish emas. Biz insoniyat olamida ishlay oladigan robot yasashga harakat qilyapmiz”, deydi Agility Robotics kompaniyasi asoschilaridan biri Jonatan Herst.
Herst Agility kompaniyasining Digit robotini humanoid debmas, balki “insonga qaratilgan” ekanini aytadi.
Hozircha Digit robotlari qutilarni olib ularni siljita oladi. Oktyabr oyida Amazon kompaniyasi Digit robotlarini o‘z omborlarida sinovdan o‘tkazishini e’lon qildi. Sal oldinroq, sentabr oyida Agility kompaniyasi robotlarini ommaviy ishlab chiqarish uchun Oregonda zavod ochgandi.
Digit robotida animatsion ko‘zlar, turli sensorlar va kameralardan iborat bosh, dvigatel sifatida ishlaydigan tana bor. Shuningdek, qo‘l-oyoqlari ham bor, biroq oyoqlari odamnikidan ko‘ra ko‘proq qushlarnikiga o‘xshab ketadi.
Robotlar insonlar o‘rnini bosishi kerak
Raqobatchi robot ishlab chiqaruvchilar kabi Figure kompaniyasi faqatgina haqiqiy humanoid robotlargina insonlar uchun qurilgan jamiyat, uylar va ish joylarida samarali harakatlana oladi, degan g‘oya bilan yondashmoqda. Figure kompaniyasi boshida robotlari chakana savdo ombori kabi nisbatan oddiy joylarda ishlashini reja qilgan. Keyinroq esa tug‘ilish kamayishi sabab insonlar taqchil bo‘lgan joylardagi barcha ishlarni robotlar qila olishi kerak.
“Bozor juda katta, ishlarni qilish uchun esa insonlar yetishmaydi. Shu taqchillik sababli insonlar qilishni xohlamayotgan ishlarga humanoid robotlarni jalb qilsak, millionlab, balki milliardlab robotlarni sotishimiz mumkin”, deydi Figure kompaniyasi bosh direktori Brett Adkok.
Biroq hozirda janob Adkokning kompaniyasida bozor uchun tayyor sotuvdagi robotlar yo‘q. Asos solinganiga endi 1 yildan oshgan kompaniya yaqindagina sinovdan o‘tkazilgan robotning 38 soniyalik videosini e’lon qildi.
Tesla bosh direktori Ilon Mask Optimus nomli humanoidni yaratishga harakat qilmoqda, biroq o‘tgan yili robotning jonli namoyishda noqulay tarzda to‘xtab qolgani sabab u robototexnika sohasidagi mutaxassislarni hayratda qoldirmayapti.
Odamsimon mashinalarni yasash boy texnologlar uchun hobbidek gap bo‘lishi mumkin, lekin ba’zi robotchilar uchun humanoidlar yasash bundan ko‘proq narsani anglatadi.
“Bular nafaqat robotlarning dizayni va ularning qanday harakatlanishi, balki odamlarning ularga qanday munosabatda bo‘lishi va robotlar uchun muhim bo‘lgan harakatlanish, epchillik, idrok etish va intellekt uchun zarur texnologiyalarni tushunish demakdir”, deydi Boston Dynamics kompaniyasi asoschilaridan biri Mark Raybert. Uning kompaniyasi qutilar bilan ishlaydigan robotni sinovdan o‘tkazgan.
Raybertning aytishicha, rivojlanish ba’zida tekis to‘g‘ri yo‘l bo‘ylab bormasligi ham mumkin.
Odamsimon robot yasashni maqsad qilgan ba’zi startaplar robotlarini yurishidan oldin ularning barmoqlari epchil ishlashiga e’tibor qaratyapti.
Kanadada joylashgan Sanctuary startapi tegishli bo‘lgan British Kolumbiya kompaniyasi rahbari Jordi Rouzning aytishicha, insonga o‘xshash robotlarda eng asosiy muammo ularning yura olishi emas, balki ularning dunyoni tushuna olishi va qo‘l bilan boshqarishdadir.
Bu startapning Phoenix roboti javonlarni tartiblashi, yetkazib berish xizmati mashinalaridagi yuklarni tushirishi va kassani ham boshqara olishi mumkin.
Rouzning aytishicha, keyingi maqsad robotlar tizimining odamlarga o‘xshab o‘ylash olishiga erishishdan iborat. Bunda tizim nutqlarni tushuna olishi va zarur paytda shu nutqlarga qarab harakatlana olishi kerak.
Robotlar hamma joyni egallaydi
Amazon kompaniyasi Digit robotini o‘z omborlaridagi bo‘sh qutilarni yig‘ib olish ishini eplay olishini sinovdan o‘tkazyapti. Shu o‘rinda aytish kerakki, robotlar inson o‘rnini egallab oladi, degan xavotirlar ham bor.
Digit roboti tegishli bo‘lgan Agility Robotics kompaniyasi bosh direktori Damion Sheltonning umid qilishicha, 10, 20 yildan keyin robotlarni hamma joyda ko‘rish mumkin bo‘ladi. Insonga asoslangan holda yaratilgan robotlar inson hayotining bir qismiga aylanib qoladi. Buni ko‘rish hayajonli.
Mavzuga oid
16:51 / 21.09.2024
Ilm-fanni moliyalashtirish: taklif qilinayotgan yangi tizim samara beradimi?
17:12 / 20.06.2024
G‘ururi toptalganiga chidolmay, rivojlangan xalq - Yaponiyada ilmga munosabat haqida
08:22 / 08.06.2024
Yaxshi daromad, xalqaro kompaniyada ish, ilmda yutuqlar – maktabni bitirmay turib 17 yoshli qiz bularga qanday erishdi?
18:35 / 27.03.2023