Fan-texnika | 14:23 / 08.11.2023
59152
2 daqiqa o‘qiladi

Soatiga 275 km tezlikda ortga harakatlangan Rimac Nevera giperkari dunyo rekordini o‘rnatdi

Xorvatiyaning Rimac Automobil kompaniyasi navbatdagi dunyo rekordini o‘rnatganini ma’lum qildi. 

Foto: Rimac Nevera

Kompaniyaning seriyali tarzda ishlab chiqarilgan yagona modeli Nevera giperkarida o‘rnatilgan rekord — ortga harakatlanish bilan bog‘liq. 

1914 ot kuchiga ega 4 ta mustaqil elektromotor bilan jihozlangan Nevera soatiga 275,74 km tezlikda ortga harakatlandi va dunyo rekordini o‘rnatdi. Natija darhol Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin oldi. 

Rekord Germaniyadagi Automotive Testing Papenburg tajriba poligonida qo‘yildi. Nevera may oyida ayni shu yerda tezlik bilan bog‘liq 23 ta jahon rekordini qayd etgandi.

Kompaniya vakili ortga yuqori tezlikda harakatlanish bo‘yicha rekord o‘rnatish g‘oyasi avtomobilni ishlab chiqish jarayonidayoq mavjud bo‘lganini ta’kidladi.

Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olgan bu boradagi avvalgi rekord 2001 yilda o‘rnatilgandi. O‘shanda Caterham 7 Fireblade  sportkari soatiga 165 km tezlik bilan ortga harakatlana olgandi.

Rimac Nevera joriy yilda seriyali ishlab chiqarilayotgan elektromobillar orasida eng tezkor nomini qo‘lga kiritgandi. Nyurburgringdagi avtodromda Nevera finish chizig‘ini Tesla Model S Plaid liftbekini 20 soniyaga ortda qoldirgan holda bosib o‘tgandi.

Mavzuga oid