O‘zbekiston | 10:24 / 13.11.2023
15888
15 daqiqa o‘qiladi

U jazo emas, mukofot ekanini anglaganingizda bolalik tugagan bo‘ladi. U nima? – “Zakovat”ning kuzgi mavsumi finalidan reportaj

Aleksandr Soljyenitsin “Bu yorug‘ dunyoda ikkita jumboq bor. Birining javobini eslay olmaysiz, ikkinchisining javobini esa bilmaysiz” deganda nimalarni nazarda tutgan? Biror kishi o‘ziniki bo‘lmagan ko‘ylakni kiyib, ko‘chada xuddi o‘zinidek ko‘rsatsa, arablar uni Qur’oni Karimda uchraydigan qaysi so‘z bilan atashadi? – “Zakovat” teleo‘yini kuzgi mavsumining beshinchi o‘yinida Bobur Yoqubov sardorligidagi terma jamoa ishtirok etdi.

Foto: Zakovat intellektual klubi

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

Nurbek Alimov - bloger;

Alisher Orifjonov - turizm mutaxassisi;

Bobur Yoqubov - shifokor (jamoa sardori);

Jobir Ahmedov - shifokor;

Xushnud Xudoyberdiyev - huquqshunos;

Rushana Rajabova - filolog.

O‘yinni suratga olish jarayonidan lavhalar

Kuzgi mavsumda o‘ynagan barcha jamoalar mag‘lubiyatga uchragani uchun turnir nizomiga asosan mavsumdagi turli jamoalardagi bilimdonlardan final uchun terma jamoa shakllantirildi. Yaqin orada terma jamoa o‘yiniga guvoh bo‘lmagan muxlislar uchun bu ajoyib yangilik bo‘ldi. Shunday qilib, 2023 yilning kuzgi mavsumi final o‘yinida Bobur Yoqubov boshchiligidagi terma jamoa ishtirok etadi.

1-raundda o‘zidan o‘zi boshlanib, yo‘q gaplarni yuzaga chiqaradigan, chumolini fil, qumursqani yirik maxluq qila oladigan narsa haqida savol o‘ynaldi. Jamoa muhokamada turli yo‘nalishlarga kirib ko‘rgan bo‘lsa-da, 1-savolga javob topa olmadi. Hisob – 0:1.

2-raund savolida yapon shoirining xokkusida tilanchi yozda yo‘lda ketayotganda qaysi ikki narsa uning bor-yo‘q kiyimi bo‘ladi, degan mazmundagi savolda ham bilimdonlarning ishlari yurishmadi va hisob yana teletomoshabinlar foydasiga hal bo‘ldi. Hisob – 0:2.

Jamoa a’zosi Jobir Ahmedov

3-raundda Gulxaniyning “Zarbulmasal” asarida Boyo‘g‘li uzatmoqchi bo‘lgan qizi uchun qalin sifatida Yapaloqqushdan ming dona nimani so‘ragani haqida savol o‘ynaldi. Muhokama boshidayoq Rushana Rajabova savolga to‘g‘ri javobni aytdi va jamoaga ilk ochkoni olib keldi. Hisob – 1:2.

Jamoa a’zosi Alisher Orifjonov

4-raundda Aleksandr Soljyenitsinning “Bu yorug‘ dunyoda ikkita jumboq bor. Birining javobini eslay olmaysiz, ikkinchisining javobini esa bilmaysiz” degan uchqur iborasida birinchi va ikkinchi deya nimalar nazarda tutilgani so‘raldi. Muhokamani to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan jamoa ushbu savolga ham to‘g‘ri javob berib, hisobni tenglashtirdi. Hisob – 2:2.

Jamoa sardori Bobur Yoqubov

5-raundda shaharda aholi turmush darajasi o‘sayotgan yoki pasayayotganini qaysi ikki muassasadan bilish mumkinligi haqidagi savol o‘ynaldi. Ilk soniyalarda Rushana Rajabova tomonidan aytilgan to‘g‘ri variantni Xushnud Xudoyberdiyev mahkam “ushlab oldi” va jamoaning navbatdagi ochkosiga hissa qo‘shdi. Hisob – 3:2.

Jamoa a’zosi Rushana Rajabova

Keyingi raundda Venetsiya muzeylaridan birida saqlanyotgan to‘rt jangovar ot haykali haqidagi savol o‘ynaldi. Ushbu savolga Nurbek Alimov muddatidan oldin javob berdi. Afsuski, muddatidan oldin berilgan javob noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Hisob – 3:3.

Jamoa a’zosi Nurbek Alimov

7-raundda Dostoyevskiyning bir asarida “Uning sizga jazo emas, mukofot ekanini anglagan kuningiz bolalik tugagan bo‘ladi” deyilganda nimaga ta’rif berilgani haqidagi savol o‘ynaldi. Mazkur savolga jamoa osonlik bilan to‘g‘ri javob topdi va hisobda oldinga chiqib oldi. Hisob – 4:3.

Jamoa a’zosi Xushnud Xudoyberdiyev

Keyingi raundda Bobur Mirzo umrining oxirida o‘g‘illariga yozgan vasiyatnomada, qaysi asar bilan tanishib chiqishni so‘ragani haqidagi savol o‘ynaldi. Muhokama davomida Bobur Yoqubovdan to‘g‘ri variant chiqqan bo‘lsa-da, yakunda jamoa shaxmat variantiga to‘xtaldi. Hisob – 4:4.

9-raundda qaysi millat ayollarining 70 foizi hali ham an’anaviy milliy liboslarda yurishi va buning sababi so‘raldi. Millatni to‘g‘ri topib, sababi so‘ralgan qismda xatoga yo‘l qo‘yildi va terma jamoa hisobda ortda qola boshladi. Hisob – 4:5.

10-raundda rasmlar asosida tuzilgan qiziqarli savol o‘ynaldi. Ushbu savolga Xushnud Xudoyberdiyev muddatidan oldin javob berib hisobni 5:5 ko‘rinishiga keltirdi.

So‘nggi raundda arablar biror kishi o‘ziga oid bo‘lmagan ko‘ylakni kiyib, xuddi o‘zinidek ko‘chalarda sayr qilib yursa, uni Qur’oni Karimda uchraydigan qaysi so‘z bilan atashlari haqidagi savol o‘ynaldi. Muhokama davomida har xil ko‘chaga kirib chiqqan jamoa ushbu savolga javob topa olmadi. Hisob – 5:6.

Shunday qilib, mavsumning barcha o‘yini bilimdonlarning mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Bunday holat hali hech bir mavsumda kuzatilmagandi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi: Mohinur Shodiyeva, Sergeli tumani, Toshkent

Boshlovchi: U bamisoli bir maxluq, o‘zidan o‘zi boshlanib, yo‘q gaplarni yuzaga chiqaradi, ular atrofga vahima oynasi bilan qaraydilar, chumolini fil, qumursqani yirik maxluq qila oladilar. Taxminni xuddi rostdek qilib ko‘rsatadilar, uning 1 foizi samimiyat, 99 foizi shaxsiyatparastlikdan o‘zga narsa emas.

Diqqat savol: Yuqoridagi gaplar nima haqida?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Buni ayni qaysi atama bilan atashni bilmadik, ya’ni bu xushomad, maddohlik, bir insonni yo‘q narsalar bilan maqtash

To‘g‘ri javob: Bu fikrlar rashkka nisbatan aytilgan

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Mohinur Shodiyeva 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi: Adham Qo‘ziboyev, Nurobod tumani, Samarqand

Boshlovchi: Yapon shoiri Takarayi Kikkaku ijodidan xokku: tilanchi yo‘lda, yozda uning bor-yo‘q kiyimi Alfa va Betta. Alfa va Bettalar g‘arib va nochor tilanchiga eng yaqin nomlar.

Diqqat savol: Alfa nima? Betta nima?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Aytaylik, bu hech narsasi yo‘q tilanchi bo‘lgandan keyin, uning balki kiyimi ham yo‘q, balki bular majoziy ma’noda bu quyosh va soya.

To‘g‘ri javob: Bular yer va osmon.

Hisob: 0 - 2

Savol muallifi Adham Qo‘ziboyev 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Dilobar Abdiyeva, Toshkent

Boshlovchi: Gulxaniyning "Zarbulmasal" asari Gulxaniy yashagan davr Xorazm hayotidagi voqealarni jonzotlar orqali satira bilan bayon qilgan. Bir hikoyatda Boyo‘g‘li va Yapaloqqush quda bo‘lmoqchi bo‘ladi. Boyqush uzatmoqchi bo‘lgan qizi uchun ming dona U ni so‘raydi. Boyo‘g‘li qalin uchun so‘ragan ming dona U Xorazmda topilmaydi. Chorasiz qolgan Yapaloqqush ularni Xorazmdan emas Buxorodan topib beradi

Diqqat savol: Boyo‘g‘li qalinga nima so‘ragan edi?

Javobni Rushana Rajabova beradi: Taxminimizcha, mingta xaroba so‘ragan.

To‘g‘ri javob: Asar satira janrida yozilgan deyildi. O‘sha vaqtdagi Xiva xoni Said Umarxon Buxoro bilan teskari bo‘lgan. Gulxaniy Yapaloqqush orqali Said Umarxon g‘azabiga uchramaslik uchun bu ma’lumotni kirgizgan. To‘g‘ri javob mingta vayrona uy so‘ragan.

Hisob: 1 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi: Albert Xolmurodov, Samarqand

Boshlovchi: Aleksandr Soljyenitsindan uchqur ibora: bu yorug‘ dunyoda ikkita jumboq bor. Birining javobini eslay olmaysiz, ikkinchisining javobini esa bilmaysiz. Bu jumboq yer yuzidagi hamma insonlarga tegishli.

Diqqat savol: Jumboqning har ikkalasini ayting.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Birinchisi bu tug‘ilish, ikkinchisi - o‘lim.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 2 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi: Abdulaziz Do‘stmuhammad, Toshkent shahri

Boshlovchi: Sotsiolog olimlarning tadqiqotlari ko‘rsatishicha, shaharda aholi turmush darajasi o‘sayotgan yoki pasayayotganini ikkita muassasadan bilsa bo‘lar ekan. Agar shaharda birinchilar ko‘payayotgan bo‘lsa, aholi turmush darajasi o‘smoqda. Agar biror hududda ikkinchilar ko‘payotgan bo‘lsa, aholi turmush darajasi pasaymoqda. Aytish mumkinki, birinchining ham, ikkinchining bir-biriga o‘xshash tomonlari bor.

Diqqat savol: Birinchi va ikkinchini ayting.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Ikkinchisidan boshlasam, qashshoqlashayotganidan bilsak bo‘ladi - agar shaharda lombardlar ko‘paysa, ya’ni odamlarga pul kerak, qimmatbaho narsalarini garovga qo‘yadi va o‘rniga qarz oladi. Birinchisiga keladigan bo‘lsak, banklar bo‘lishi mumkin, omonatga qo‘yishlar ko‘payadi, ya’ni o‘sha shaharda pul ko‘paygandan so‘ng.

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 3 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi: Pardavoy Umrzoqov, Oqoltin tumani, Sirdaryo

Boshlovchi: Ekranga e’tiboringizni qarating.

Bu Venetsiya muzeylaridan birida saqlanayotgan to‘rt jangovar ot haykalining surati. Oltin, mis va bronza qorishmasidan yasalgan bu ulkan otlar muzeyning oldida ko‘rk to‘kib turadi. Ularning bo‘ynida bo‘yinbog‘i bor, odatda bu kabi bo‘yinbog‘li otlar forslarga mansub bo‘lardi. Ammo haykal eramizdan avvalgi IV asrda rimlik haykaltarosh tomonidan yasalgan.

Diqqat savol: Nega unda bu otlarga xuddi forslarnikidek bo‘yniga bo‘yinbog‘ taqishgan?

Jamoa muddatdan oldin javob beradi.

Javobni Nurbek Alimov beradi: Bu otlarning boshini bosqinchilar kesib ketishgan, keyin joyiga qaytib ulash uchun shunaqa maskirovka qilingan.

To‘g‘ri javob: Bu otlar boshqa shaharda yasalib, Venetsiyaga kemada olib kelingan. Kemaga ortib tushirishda qiyinchilik bo‘lmasligi uchun tanasini alohida, boshini alohida qilib kesib olib kelishgan. Keyin boshqatdan ulashgan. Birlashgan joyining choki bilinib qolgan, keyin bo‘yinbog‘lar taqishga majbur bo‘lishgan.

Hisob: 3 - 3

Savol muallifi Pardavoy Umrzoqov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi: Malohat Ro‘ziyeva, Qamashi tumani, Qashqadaryo

Boshlovchi: Mashhur yozuvchi Fyodor Mixaylovich Dostoyevskiy bir asarida "bolalik qachon tugaydi?" degan savolga shunday ta’rif bergan: bolalar yoqtirmaydigan Uning sizga jazo emas, mukofot ekanini anglagan kuningiz bolalik tugagan bo‘ladi. Uni yuz foiz odamlar bolalikda yoqtirmaydi.

Diqqat savol: Adib bolalik va ulg‘ayishni nima bilan taqqoslagan?

Javobni Bobur Yoqubov beradi: uyqu

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 4 - 3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi: Fayruza Rahmatullayeva, Navoiy viloyati

Boshlovchi: Marhamat, “Zakovat” sandiqchasi olib chiqilsin. “Boburnoma”da yozilishicha, Bobur Mirzo umrining oxirida o‘g‘illariga yozgan vasiyatnomada, siz ham, sizlarning farzand-u nabiralaringiz ham sandiqchadagidan chuqur xabardor bo‘lmog‘i kerak, degan. Ayniqsa, taxtga o‘tirishdan oldin.

Diqqat savol: Sandiqchada nima bor?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: shaxmat

To‘g‘ri javob: “Temur tuzuklari” kitobi edi

Hisob: 4 - 4

Savol muallifi Fayruza Rahmatullayeva 8 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi: Nargiza Qahhorova, Toshkent shahri

Boshlovchi: Hozir barcha millatlar o‘z liboslaridan voz kechib, zamonaviy kiyimlarga o‘tib ketishmoqda. Yaponlar kimanoni yechishgan, o‘zbeklar yaktak, belbog‘larni taqmay qo‘yishgan. Faqat bir millat ayollarining 70 foizi haliyam an’anaviy milliy liboslarda yurishadi.

Diqqat savol: O‘sha millat va nima sababdan sadoqat bilan milliy liboslarda yurishini ayting.

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Katta ehtimol bilan bu hind ayollari. Chunki, Hindiston iqlimi judayam issiq, shuning uchun ular uchun judayam qulay.

To‘g‘ri javob: Bu hindlar, sababi esa mamlakatdagi nochorlik. Hind ayollari ozgina pulga anchagina mato sotib oladi.

Hisob: 4 - 5

Savol muallifi Nargiza Qahhorova 10 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi: Tursunxon Mamajonova, To‘raqo‘rg‘on tumani, Namangan

Boshlovchi: Ekranga qarang.

Bir she’rning so‘zlari shu suratlar orqali berilgan.

Diqqat savol: Suratlardan ma’no to‘plang va qaysi she’r ekanini ayting.

Jamoa vaqtdan oldin javob beradi.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Barcha zakovatchilarning sevimli she’ri Anvar Obidjon qalamiga mansub she’r. 

To‘g‘ri javob: Javob to‘g‘ri

Hisob: 5 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

11-raund. Savol muallifi: Jahongirmirzo Abdullayev, Chortoq tumani, Namangan

Boshlovchi: Arablar, biror kishi o‘ziga oid bo‘lmagan ko‘ylakni kiyib, xuddi o‘zinidek ko‘chalarda sayr qilib yursa, uni bir so‘zi bilan atashar ekan. Qur’oni Karimda bu so‘z bir necha marotaba tilga olingan. Bu juda zalvorli so‘z, hammamiz biladigan uning turkiy analogini ham siz yaxshi bilasiz.

Diqqat savol: 1 daqiqadan so‘ng xoh arabcha varianti, xoh turkiy nomdagi atamasini ayting.

Jamoa qo‘shimcha daqiqadan foydalandi.

Javobni Bobur Yoqubov beradi: O‘ylashimizcha, bu so‘z - munofiq

To‘g‘ri javob: U ham boshqadan olgan nuri evaziga o‘zini butun olamga ko‘z-ko‘z qiladi. Birovni ko‘ylagini kiyib yuruvchi kishini arablar qamar so‘zi bilan atashadi. Qamar so‘zini tarjimasi shundan kelib chiqqan. Qamarni turkiy nomi oy.

Hisob: 5 - 6

Savol muallifi Jahongirmirzo Abdullayev 12 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

14

Eng yaxshi savol muallifi - Jahongirmirzo Abdullayev, qamar (oy) haqidagi savol bilan

Jahongirmirzo Abdullayev 50 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning to‘liq videosini ushbu havolada tomosha qilishingiz mumkin.

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid