Devid Kemeron kutilmaganda Britaniya siyosatiga qaytdi. Bundan nima kutish mumkin?
Yetti yillik tanaffusdan keyin sobiq bosh vazir Devid Kemeron yana Buyuk Britaniya siyosatiga qaytdi va tashqi ishlar vaziri lavozimini egalladi.
Hukumatdagi kadrlar almashinuviga Houm-ofis rahbari, ichki ishlar vaziri Suella Braverman Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushi tufayli Falastin tarafdorlarining Londonda muntazam ravishda o‘tkazila boshlangan marshlari borasidagi pozitsiyasi tufayli ishdan ketdi.
Shundan keyin Forin-ofis rahbari Jyeyms Kleverli ichki ishlar vazirligi rahbarligiga o‘tkazildi, uning o‘rnini – Kemeron egalladi.
Bu 1970-yillardan bu ilk bor sobiq bosh vazir hukumatga qaytishi bo‘lmoqda.
Kemeron boshqaruvi davrida Britaniya tashqi siyosatida o‘zgarishlar bo‘lishini kutish mumkinmi?
Devid Kemeron kim o‘zi?
Devid Kemeron Britaniyada bolalar uchun eng nufuzli maktab – Iton maktabida o‘qigan, keyin esa Oksford universitetini tamomlagan.
U ancha yoshligida Konservativ partiya a’zosi bo‘lgan, 39 yoshida (2005 yilda) unga rahbar bo‘lgan.
2010 yildan 2016 yilgacha u Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan, bu vaqt ichida qator siyosiy g‘alabalarga erishgan.
Masalan, ko‘p jihatdan u olib borgan siyosat tufayli Shotlandiya 2014 yilgi mustaqillik referendumidan keyin ham Birlashgan Qirollik tarkibida qolgan.
Shuningdek, Rossiya 2008 yilda Gurjistonga bostirib kirganida aynan u G‘arbni Rossiyaning G8 a’zoligini to‘xtatishga chaqirgan. Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilingach, Kemeron Kreml siyosatining ashaddiy muxoliflaridan biri bo‘ladi.
Kemeron Britaniya Yevroittifoqni tark etishiga qarshi chiqqandi.
Yevroittifoq a’zoligi bo‘yicha milliy referendum o‘tkazish uning asosiy saylovoldi va’dalaridan biri edi, u so‘zida turdi, lekin 2016 yilgi ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib (o‘shanda YeIdan ajralib chiqish tarafdorlari minimal ustunlikka erishgandi) iste’foga chiqdi.
Uning qaytishidan nima kutish mumkin?
Devid Kemeron yetti yil davomida katta siyosatda bo‘lmadi, ammo, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, u partiya va vazirlar kabineti rahbarligidagi o‘n yildan ortiq tajribasi hozirgi hukumatga foyda keltirishiga umid qilmoqda.
U ikki urush – Ukraina va Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar fonida Britaniya diplomatiyasini boshqaradi, ammo uning tajribasi bunday murakkab xalqaro vaziyatda qanday qo‘llanishi hozircha aniq emas.
Ayni vaqtda britaniyalik siyosatchilar, jumladan sobiq safdoshlari uning Xitoyga nisbatan ehtimoliy pozitsiyasini faol muhokama qilmoqda.
Kemeron bosh vazirlik yillarida Pekinga juda yaxshi munosabatda bo‘lgan, XXR raisi Si Jinpingning davlat tashrifini uyushtirgan va mamlakatga katta miqdorda Xitoy investitsiyalarini jalb etgandi.
Hukumatni tark etganidan keyin ham u Britaniya-Xitoy investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga urindi, ammo bunga erisha olmadi.
Yangi tashqi ishlar vaziri va Xitoy o‘rtasidagi bunday iliq munosabatlar, agar, albatta, Kemeron ularni saqlab qolgan bo‘lsa va rivojlantirishda davom etsa, ko‘pchilikda ma’lum xavotirlarni uyg‘otadi.
Ayrimlar bu Britaniyaning Rossiya-Ukraina mojarosidagi pozitsiyasiga ham ta’sir qilishi mumkin deb hisoblaydi.
Konservativ partiyaning sobiq yetakchisi, ser Ien Dunkan Smit esa Kemeronning tayinlanishi – Britaniya «Hongkongda demokratiya talab qilayotganlar va Shinjondagi genotsiddan jabr ko‘rayotganlar»ni himoya qilishdan bosh tortishi haqida Xitoyga berilgan signal ekanini aytdi.
Uning partiyadoshlaridan ayrimlari fikricha, TIV rahbarligiga rozi bo‘lish orqali Kemeron fursatdan foydalanib, o‘z siyosiy faoliyatida boshqacha yakun bo‘lishini ta’minlagan.
«Iste’foga chiqqanda bu hech qachon sening shartlaring bo‘yicha bo‘lmaydi. Ammo agar sen ketsang va qaytsang, nimanidir o‘zgartirishga, boshqacha notada yakunlashga imkon bo‘ladi», – degan Kemeronning sobiq safdoshi, uning hukumatida lavozim olgan baronessa Niki Morgan.
Ammo Devid Kemeronning siyosatga qaytishi o‘zidan ko‘ra hozirgi bosh vazir Rishi Sunakka foyda keltirishi tayin.
Ichki sabablar
Buyuk Britaniyada navbatdagi parlament saylovlariga qadar bir yildan ko‘proq muddat qoldi. Aniq sanasi hozircha ma’lum emas, ammo ular 2025 yil yanvaridan kechiktirmay o‘tkazilishi lozim.
Ijtimoiy so‘rovlar mamlakatdagi mavjud siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda leyboristlar uchun yaqqol ustunlikni ko‘rsatmoqda.
Bunday vaziyatda Rishi Sunak, aftidan, saylovchilarning bir qismini qaytarish uchun, o‘z partiyasining konservativ qanotini mo‘’tadil siyosatchilar foydasiga mo‘’tadillashtirishga harakat qilmoqda.
Devid Kemeron Konservativ partiyaning mo‘’tadil qanotiga mansub va hamon torilar orasida nufuzli shaxs bo‘lib qolmoqda.
«Bu [Kemeronning tayinlanishi] Sunak amalga oshirishi mumkin bo‘lgan eng katta o‘zgarishdir. Bu partiyani yanada o‘ngga tortayotgan Yevropaga qarshi harakat bostirilganini yaqqol namoyon etadi», – deydi Konservativ partiya faxriysi, Margaret Tetcher va Jon Meydjor kabinetlarida ham ishlagan Maykl Hezeltayn.
Ammo Sunakning hisob-kitoblari ish berishiga kafolat yo‘q, deb hisoblaydi tahlilchilar.
Ularning fikricha, Suella Bravermanning ishdan bo‘shatilishi uning foydasiga xizmat qilishi hamda uni Sunakning partiya ichidagi asosiy muxolifiga aylantirishi, natijada konservatorlar partiyasi rahbarligi uchun keyingi saylovlarda partiyadoshlarning radikal qarashlarga ega bo‘lgan qismi aynan uni qo‘llashi mumkin.
Mavzuga oid
23:36 / 20.11.2024
Britaniyalik fermerlar yangi meros solig‘i bekor qilinishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi
21:14 / 20.11.2024
Britaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklash masalasi ko‘rib chiqiladi
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:53 / 20.11.2024