O‘zbekiston | 13:46 / 17.11.2023
31471
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari nam va sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi

O‘zbekiston bo‘yicha 17-19 noyabr kunlariga ob-havo prognozi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Bugun kunduzi O‘zbekiston hududida juda iliq va quruq bo‘lgan ob-havo saqlanib turadi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida Navoiy, Buxoro viloyatlarida kechga tomon ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.Ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi, havo harorati +22...+27 daraja atrofida bo‘ladi.

"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi.

Shanba kuni respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida kechasi va ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, Surxondaryo viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining quruq havo saqlanib turadi.

Yakshanba kuni respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik to‘xtaydi, faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

Harorat dam olish kunlari kechasi +5...+10 darajagacha, kunduzi +13...+18 darajagacha pasayadi. Shamol ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi, 18 noyabrda 21-23 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Poytaxtda bugun yog‘ingarchilik kutilmaydi. 18 noyabrda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 19 noyabr kuni biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 18 noyabrda 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Harorat bugun kunduzi +24...+26 daraja bo‘ladi, 18 noyabrda +20...+22 darajagacha, 19 noyabrda +16...+18 darajagacha asta-sekin pasayadi. Havo harorati kechalari +7...+9 darajagacha pasayadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid