Jahon | 13:31 / 17.11.2023
7344
3 daqiqa o‘qiladi

The Guardian: YeI Medvedevning o‘g‘lini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

Yevropa Ittifoqining urushga qarshi sanksiyalari 12-paketi doirasida tayyorlanayotgan chora-tadbirlar Rossiyaning tijoriy daromad manbalarini to‘xtatishga qaratilgan. Ular 120 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarga taalluqlidir.

Foto: Mixail Svetlov / Getty Images

Ilya Dmitriyevich Medvedev ismli, tug‘ilgan sanasi Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedevning yagona o‘g‘li tug‘ilgan kuniga to‘liq to‘g‘ri keladigan shaxs Yevropa Ittifoqining 12-sanksiyalar paketida ko‘zda tutilgan cheklovlar ostida qoladi. Bu haqda Britaniyaning The Guardian gazetasi 16 noyabr, payshanba kuni xabar berdi. Qayd etilishicha, Ilya Medvedevga «Ukrainada dezinformatsiya va tashviqot kampaniyasiga rahbarlik qilgani» uchun sanksiya joriy etilyapti.

Bundan tashqari, 47 kishi kiritilgan sanksiya ro‘yxatida Kemerovo viloyati gubernatorining rafiqasi va Ukrainada jang qilayotgan rossiyaliklarga yordam ko‘rsatuvchi «Zashchitniki Otechestva» jamg‘armasi rahbari Anna Tsivilyova ham bor. «Agenstvo» surishtiruv nashrining yozishicha, Tsivilyova Rossiya prezidentining qarindoshi hisoblanadi, chunki uning otasi Rossiya davlati rahbarining amakivachchasidir.

«Qarindoshlar yoki yuqori martabali amaldorlar, jumladan, rahbariyat vakillarining oilasi ham Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi Kremlni g‘azablantiradi», deb taxmin qilmoqda britaniyalik jurnalistlar.

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari 12-to‘plami

15 noyabr kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevrokomissiya bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi kengashiga Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlashi munosabati bilan qabul qilinadigan yangi sanksiyalar paketi loyihasini taqdim etdi.

12-paket doirasida Borrel Yevropa komissiyasi bilan birgalikda 120 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarni «Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishdagi roli uchun» sanksiya ro‘yxatiga kiritishni taklif qilmoqda. Gap, boshqa narsalar qatorida, Rossiya harbiy, mudofaa va IT-sektorlari vakillari, shuningdek, «boshqa muhim iqtisodiy operatorlar» haqida bormoqda. 

The Guardian nashrining yozishicha, sanksiya takliflari Rossiyaning tijorat daromadlaridan foydalanishni cheklashga qaratilgan chora-tadbirlardan iborat. Xususan, gap Yevropa Ittifoqida Sibir konlaridan qazib olingan olmos va qimmatbaho toshlar bo‘lgan zargarlik buyumlarini sotishni to‘liq taqiqlash haqida ketyapti. YeI ma’lumotlariga ko‘ra, bu Rossiya daromadlarini yiliga 4,5 milliard yevroga kamaytirishi mumkin.

Avvalroq Bloomberg Yevropa Ittifoqidan olingan hujjatlarga tayanib, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning 12-paketi doirasida Rossiya Ukrainada qo‘llangan qurollarni ishlab chiqarishda foydalanadigan stanoklar va butlovchi qismlarni Rossiyaga eksport qilishni taqiqlamoqchi ekanini xabar qilgan edi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga kimyoviy moddalar, litiyli batareyalar, termostatlar, servodvigatellar va dronlar uchun dvigatellar olib kirishni taqiqlashni taklif etmoqda. 

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar vakillari 17 noyabrda yangi paket bo‘yicha kelishish jarayonini boshlaydi. U yil oxirigacha qabul qilinishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid