Fan-texnika | 15:18 / 18.11.2023
68028
6 daqiqa o‘qiladi

«Hamyonbop» Tesla, noyob Ferrari va Xiaomi'ning birinchi elektromobili – hafta texnodayjesti

Rimac Nevera giperkari soatiga 275 km tezlikda ortga harakatlandi. Bu – dunyo rekordi. Xitoyda ma’lumotlar uzatish tezligi sekundiga 1,2 terabit bo‘lgan optik tolali internetdan foydalanish boshlandi. Qozog‘istonda raqamli tenge ishga tushirildi. Apple’ning sobiq ikki xodimi «kelajak smartfoni»ni taqdi etdi. Yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlar Kun.uz texnodayjestida.  

Raqamli tenge

Qozog‘iston Markaziy banki raqamli tengeni rasman ishga tushirdi. Ekspertlar raqamli pullarni joriy etishning quyidagi afzalliklarini sanab o‘tishgan:

  • korrupsiyaga qarshi kurash;
  • oflayn formatda naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati;
  • vositachilar sonini kamaytirish hisobiga transchegaraviy to‘lovlarni tezlashtirish;
  • narxini pasaytirish. 

Raqamli tengeni to‘liq miqyosda joriy etish 2025 yil oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 

Xuddi shunday valuta Rossiyada ham joriy qilinmoqda. 15 avgustda raqamli rubl orqali to‘lovlarni amalga oshirish sinov tariqasida ishga tushirilgandi.

Snapdragon 7 Gen 3 protsessori

Qualcomm yangi Snapdragon 7 Gen 3 protsessorini taqdim etdi. Qayd etilishicha, yangi protsessor 4 ta yuqori unumdor yadroga ega: ulardan biri 2,63 GGs, qolgan 3tasi esa 2,4 GGs. Shuningdek, 1,8 GGs chastotali energiya tejovchi to‘rtta yadro ham mavjud.

Snapdragon 7 Gen 3 avvalgi Snapdragon 7 Gen 1 protsessoriga qaraganda 15 foizga tez. Uning asosidagi qurilmalar FHD+ ruxsatiga va 168 Gs chastotaga ega ekranlarni qo‘llab-quvvatlay oladi.

Foto: MobiDevices

Snapdragon 7 Gen 3 asosidagi birinchi qurilma Honor 100 smartfoni bo‘ladi. Bundan tashqari, Oppo, Vivo, ZTE, iQOO, OnePlus, Sony, Redmi, Realme va boshqa ishlab chiqaruvchilar ham keyingi qurilmalarida mazkur protsessordan foydalanishni rejalashtirishmoqda.

275 km tezlikda ortga harakatlanadigan giperkar

1914 ot kuchiga ega 4 ta mustaqil elektromotor bilan jihozlangan Rimac Nevera giperkari soatiga 275,74 km tezlikda ortga harakatlandi va dunyo rekordini o‘rnatdi.

Avvalgi rekord 2001 yilda o‘rnatilgan, o‘shanda Caterham 7 Fireblade sportkari soatiga 165 km tezlik bilan ortga harakatlana olgandi.

«Kelajak smartfoni»

Apple kompaniyasining sobiq xodimlari Imron Chaudri va Betani Bonjorno tomonidan asos solingan Humane startapi o‘zining birinchi AI Pin qurilmasini taqdim etdi.

Foto: Humane

Yangi texnologiya ikki qismdan iborat: kvadrat korpus va batareya bloki. U Snapdragon protsessorida ishlaydi va magnitlar yordamida kiyim yoki boshqa yuzaga biriktirilishi mumkin.

AI Pin ekranga ega emas va uni ovoz yordamida boshqarish kerak. Lekin karnay va kamera, chuqurlik va harakat sensorlari bor. Bundan tashqari, korpusga mini-proyektor o‘rnatilgan bo‘lib, u ma’lumotni tashqi yuzalarga, shu jumladan, kaftga ham uzata oladi. Sensorli panelga tegish orqali ham o‘zaro aloqada bo‘lish mumkin. 

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, AI Pin butunlay avtonom qurilma. Ya’ni, undan foydalanish uchun smartfon bilan bog‘lanish shart emas, ammo qiymati 24 dollar bo‘lgan oylik obuna sotib olish lozim. U T-Mobile tarmog‘idagi telefon raqamini, bulutli xotirani va sun’iy intellektdan cheksiz foydalanish imkoniyatini o‘z ichiga oladi.

AI Pin 700 dollarga baholanmoqda. Oldindan buyurtmalarni qabul qilish boshlangan. Qurilma 2024 yil boshida yetkazib berilishi kutilmoqda. 

Eng tezkor internet

Xitoyda ma’lumotlar uzatish tezligi sekundiga 1,2 terabit bo‘lgan dunyodagi eng tezkor optik tolali internet kabelidan foydalanish boshlandi. Bu bir soniyada 150 ta HD filmini yuklab olish imkonini beradi.

Bunday tezlikdagi internet uchun Pekin, Uxan va Guangjou o‘rtasida optik tolali kabel yotqizilgan. Uning uzunligi 3 ming km dan ortiq.

Ma’lumot uzatish tezligi Qo‘shma Shtatlardagi shunga o‘xshash loyihalardan o‘n baravar ko‘pligi ta’kidlanmoqda. Olimlar bunday texnologiyalar 2025 yildan keyin paydo bo‘lishini kutishgan edi.

Xiaomi'ning birinchi elektromobili

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi o‘zining birinchi elektromobili - SU7 modelini e’lon qildi. Sedan bir necha versiyalarda chiqariladi, ular quvvati, elektr motorlari soni va akkumulyatori bilan farqlanadi. Avtomobil og‘irligi 2205 kg, maksimal tezligi esa 265 km/soat. Yangi Xiaomi mahsuloti uchun akkumulyator bloki BYD va CATL tomonidan yetkazib beriladi.

Foto: Xiaomi
Foto: Xiaomi
Foto: Xiaomi

Elektromobil Pekin avtomobilsozlik xoldingi (BAIC) zavodida ishlab chiqariladi. Xiaomi SU7 rasmiy taqdimoti 2023 yil oxirigacha o‘tkazilishi kutilmoqda. Uning narxi haqida ma’lumot berilmagan.

Noyob Ferrari

Nyu-Yorkdagi RM Sotheby's auksionida 1962 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 330 LM/250 GTO avtomobili rekord miqdoridagi summa – 51,7 million dollarga sotildi.

Mashina Ferrari poyga jamoasi uchun ishlab chiqarilgan va «Nyurburgring 1000 km», «24 soatlik Le Man» poygalarida qatnashgan. U 400 ot kuchiga ega V12 dvigateli bilan jihozlangan. Keyinchalik 310 ot kuchiga ega V12 3.0 dvigateli o‘rnatilgan.

Foto: RM Sotheby’s

Scaglietti atelesi tomonidan ishlab chiqilgan kuzovli avtomobil auksionda sotilgan eng qimmat Ferrari’ga aylandi. 

«Hamyonbop» Tesla

Amerikaning Tesla kompaniyasi Berlin yaqinidagi Gigafactory zavodida narxi taxminan 25 ming yevro bo‘lgan yangi «hamyonbop» elektromobil ishlab chiqaradi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. Ishlab chiqarish qachon boshlanishi aniq emas. 

Hozir bu zavodda Yevropadagi eng xaridorgir Model Y ishlab chiqarilmoqda. Uning o‘rtacha chakana narxi 65 ming yevrodan oshadi.

Tesla arzon elektromobil orqali 2030 yilgacha bozordagi ulushini 20 millionga yetkazishni maqsad qilgani aytilmoqda. 

Mavzuga oid