Jamiyat | 18:02 / 18.11.2023
31558
5 daqiqa o‘qiladi

«Ilm sabab yaxshi natijalarga erishdik» – traktorchilikdan boy fermer darajasiga chiqqan Rishton qizi hikoyasi

«Oramizdagi odamlar» ruknining bu galgi qahramoni oddiy dehqon oilasida tug‘ilgan rishtonlik Gulira’no Xoliqova. U 13 yoshidan buyon traktor minadi. Agrar sohada oliy ta’lim olgach otasi fermerlikni unga topshirdi. Farg‘ona shahriga kelin bo‘lib tushgan Gulira’no shaxsiy avtomobilida har kuni 70 kilometr yo‘l bosib, o‘zi rahbarlik qiladigan fermer xo‘jaligi dala maydoniga keladi. U dala ishlaridan ortib kelinlik vazifalarini ham uddalayotganini aytadi.

“Traktorga o‘tirganimda birinchi haydashni o‘rgangan paytlarim esimga tushadi. T-28 traktorimiz bo‘lardi, o‘shanda o‘rgandim. 13-14 yosh paytlarim edi, pedalni bosishga kuchim yetmasdi. Umuman, texnikaga qiziqishim maktabga chiqmasimdan boshlangan.

Gulira’no Xoliqova

Maktabni tamomlaganimdan keyin texnika o‘rganish va haydovchilik guvohnomasini olish uchun avto-transport kollejiga o‘qishga kirdim. Odam baribir o‘zi yaxshi ko‘rgan ishini qilishi kerak. Fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lsam ham, traktor haydab turaman, yaxshi ko‘raman shuni.

O‘z vaqtida ishonmaganlarga shu ishlarni qilishimni isbotlamoqchi bo‘lib tirishganman. Ko‘pchilik bunday og‘ir texnikalarni boshqarish qiyin, og‘irlik qilmaydimi, deb so‘raydi. Yengil avtomobildan ko‘ra traktor boshqarish oson tuyuladi. Odamlarning salbiy fikrlariga e’tibor bermaganman, hozir endi ko‘pchilik havas qiladi.

Turmushga chiqqanimga bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Turmush o‘rtog‘imdan fikrini so‘raganman boshida. Ulardan xursand qiladigan javob oldim. Meni qo‘llovchi inson bo‘lib qo‘shildi turmush o‘rtog‘im. Kasbingizni, hamkasblaringizni hurmat qilaman, degani meni ruhlantirdi.

Kelajakda farzandim shu kasbga qiziqsa, qarshilik qilmayman. Umuman, bolalarimni o‘zi sevgan kasbiga yo‘naltirishni niyat qilaman, mening ota-onam ham shunday qilgan”, – deydi u.

Yo‘lchiboy aka qizi tufayli fermer xo‘jaligida yuqori natijalarni qo‘lga kiritganini ta’kidladi:

Yo‘lchiboy Xoliqov Gulira’no bilan

“O‘g‘lim yo‘qligidan xafa bo‘lmayman. Qizim o‘nta o‘g‘ilning o‘rnini bosadi, qilayotgan ishlarini xalq ko‘rib turibdi. Barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqara oladi. Qizimni qishloq xo‘jaligi sohasida o‘qitganimdan afsuslanmayman. O‘zim ham fermer bo‘lganman, lekin qizimdek natijalarga erishganim yo‘q edi.

2016 yildan beri fermer xo‘jalikni o‘zi boshqaradi. Ishlarni ilm bilan qilayotgani uchun yaxshi natijalarga erishyapmiz. Qishloq xo‘jaligida 20 yildan ortiq ishlab, 100 foiz rejani bajarganim yo‘q edi, lekin qizim buni uddaladi.

Ikki farzandim ham qiz. Katta qizim uncha qiziqmasdi texnikaga. Lekin Gulira’no juda ishqiboz. 4-sinf paytlari mashina mina olardi. Dalada ishlayotganimda menga tushlik olib kelganda texnikalarni minib ko‘rib, keyin uyga ketardi. Hozir qizimga to‘liq ishonaman, shu sohaning mutaxassisi u, biladi. Turmushga chiqqan bo‘lsa ham, baribir o‘zi boshqaradi fermer xo‘jalikni. O‘zining shaxsiy avtomobili bor, qishloqqa qatnab, fermer xo‘jaligini boshqaryapti. Qizim bilan faxrlanaman, o‘nta o‘g‘il qilmagan ishni qiladi”, – deydi Yo‘lchiboy aka.

Gulira’noning onasi Ozoda opa ham traktor boshqara olar ekan.

Ozoda opa Xoliqova

“O‘zim ham traktor boshqara olaman, hozir ham haydab turaman. Texnikaga qiziqish menda ham bo‘lgani uchun qizimga o‘tgan deb o‘ylayman. Yoshligimda qo‘shnimizning traktorini haydab ko‘rardim.

O‘g‘ilning o‘rnini bosadigan qizlarim bor, shukr. Ko‘p narsa qo‘lidan keladi. Dala ishlariniyam qiladi. O‘g‘lim yo‘q deb xafa bo‘lmaganman, o‘g‘il o‘rnini bildirishmadi qizlarim. Hajga ham jo‘natishdi. Fermer xo‘jalikni ham chiroyli yuritishyapti”, – deydi u.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Asror Almurodov

Mavzuga oid