O‘zbekiston | 18:24 / 18.11.2023
13677
7 daqiqa o‘qiladi

Intervyu: Alisher Qodirov – “bayroq kuni”, til haqidagi qonun, yozuv islohi va rus deputatlarining chiqishlari haqida

18 noyabr – O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. O‘zbekistonliklar bu yil davlat bayrog‘i qabul qilinganining 32 yilligini nishonlashmoqda.

Foto: Kun.uz

Kun.uz muxbiri “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov bilan telefon orqali bog‘landi va O‘zbekistonda davlat bayrog‘idan foydalanish borasida kiritilgan o‘zgarishlar, “Davlat tili haqida”gi qonun, yozuv islohi va boshqa bir qator mavzularda intervyu o‘tkazdi.

— Alisher aka, bugungi bayram muborak bo‘lsin. “Milliy tiklanish” partiyasi davlat bayrog‘idan foydalanishda qo‘yilgan qator cheklovlarni yumshatish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surgan partiyalardan hisoblanadi. Bu o‘zgarishlar keyinchalik “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda ham aks etdi. Qonundagi asosiy o‘zgarishlarni sodda qilib tushuntirib bersangiz.

— Ha, davlat bayrog‘idan foydalanishda belgilangan qator cheklovlarni olib tashlash masalasini uzoq vaqt ko‘tardik, muhokamalar bo‘ldi. O‘zLiDeP partiyasi bilan birgalikda harakat qilib, cheklovlar olib tashlanishiga erishdik. Fuqarolarning bayroqdan foydalanishini cheklovchi me’yorlar olib tashlandi. Yangi qonun loyihasi ishlab chiqishda xalqaro hamjamiyatdagi bayroq bilan bog‘liq qonunchiliklar misol keltirildi. Deylik, Turkiyada bayroq osilib turishi sharaf hisoblanadi, qonunchiligi shunga yo‘l beradi. Bayramlarda ko‘chalar qip-qizil (bayrog‘i rangi) bo‘lib ketadi. Bayroqqa bo‘lgan cheklovlar, munosabat jamiyatdagi kamchilik ekanini e’tirof etib, birinchi qadam sifatida qonunga o‘zgartirish kiritdik. Qonunga ko‘ra, endi fuqarolar bayroq va hurmat ko‘rsatgan holda bemalol foydalanishlari mumkin. Davlat bayrog‘i bo‘lishi kerak bo‘lgan tashkilot turlari aniq belgilab qo‘yildi. Hali bu borada yana ishlar davom etadi. Masalan, ranglarni qo‘llash bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqiladi, turli talqinlar yuzaga kelishi oldini olish kerak. Bu narsa qonunda belgilanishi zarur, har joyda har xil bo‘lib qolmasligi kerak bayroq.

Bizdagi eng katta muammolardan biri – jamiyatda bayroqqa bo‘lgan munosabat shakllanmagani. Partiyamizning har bir a’zosiga bayroq berib, o‘zi yashayotgan hududga osish masalasini ko‘ryapmiz. Jamiyatga shuni namuna qilib borsak, qisqa davrda xalqimizda bayroqqa munosabat shakllanadi.

Bayroqni xonadonlarga, boshqa muassasalarga bemalol ilib qo‘yish mumkin endi, bayram bo‘lishi shart emas buning uchun. Har bir xonadonda bayroq bo‘lishi, ayrilmas qismi bo‘lishi kerak. Bizda ham Turkiyadagi kabi munosabat shakllanishiga ko‘p vaqt ketmaydi. O‘zim ham uyimga ikkita bayroq ilib qo‘ydim derazadan. Targ‘ibot ishlarini ham olib boryapmiz.

Eshitishimizga qaraganda, deputatlar oxirgi vaqtlarda davlat tili borasidagi qandaydir qonunchilik ustida ishlamoqda. Bu qanday harakatlar, ayta olasizmi?

— Davlat rahbari tomonidan “Davlat tili haqida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish taklifi bo‘ldi. Endi qonunni yanada takomillashtirgan holda muhokamaga kiritamiz. Oldingi muhokamalarda ko‘p takliflarimiz o‘tmay qolgandi.

O‘zbek xalqi bag‘rikeng xalq, shuning uchun boshqa tillarni kamsitib qo‘ymaylik, degan fikrlar bilan e’tirozlar bor edi. Lekin endi til masalasi muhimligi, boshqa davlatlarga yumshoq kuch sifatida ta’sir o‘tkazish vositasi ekanini ochiq aytyapti ko‘pchilik. Biz katta tarixga ega, o‘ziga xos til madaniyati mavjud bo‘lgan xalqmiz. Jamiyatda til masalasiga sustkashlik bo‘lishi muammoli masala. Lekin yangi qonun orqali tilga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishga erishamiz deb o‘ylayman.

Jarayonda jamoatchilik faol bo‘lishi kerak. Har qancha qonun qabul qilgan bilan jamoatchilik faol bo‘lmasa, natija bermaydi. Bizga jamiyat birdamligi, hamohang harakatlar kerak.

Yozuv masalasi-chi, olimlarimiz yozuvni isloh qilish bo‘yicha takliflarini berishdi. Xo‘sh, taklif parlamentga kirib bordimi, jarayonlar qaysi bosqichda bugun?

— Hanuzgacha bu masala bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmadi. Rostdan ham bizdagi kabi ish yuritish va ta’limdagi yozuvi har xil bo‘lgan davlat yo‘q, menimcha. Hatto kirill yozuvida qolaylik, degan takliflar bor. Bolalarimizni shuncha lotin yozuvida o‘qitib, kirillda qolish — kelajakka xiyonat, buni tushunish kerak.

Yozuv masalasida jarayon bosqichlarda ketyapti. Taklif qilinayotgan harflar ham bizga begona emas, jadidlarimiz taklif etgan alifbo shunday bo‘lgan. Tarixan mustahkamlanib borayotgan lotin yozuviga o‘tishni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Bu alifbodan o‘zimizning turkiy dunyo foydalanyapti. 10 yildan keyin dunyo qanday bo‘ladi, bilmaymiz. Turkiylar bir-biriga yaqinlashaversa, bizga juda katta foyda bo‘ladi. Davlatlar o‘rtasidagi integratsiya zamonaviy dunyoda juda muhim, bu narsani YeI ko‘rsatib berdi. Alifbo o‘zgarishi kelajakka xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

So‘nggi vaqtlarda rossiyalik deputatlarning O‘zbekistonda til va migrantlar bilan bog‘liq qo‘pol va hurmatsizlikka asoslangan chiqishlari ko‘p kuzatilmoqda. Sizningcha, buning qanday sabablari bor?

— Bu bor gap, shunday tendensiya kuchayib boryapti. O‘ylashimcha, bu tendensiya Markaziy Osiyo mintaqasining turli sohalarida kuchayib borayotgani bilan bog‘liq. Mintaqamizning global dunyoda o‘rni ortib boryapti. Bir tomondan Rossiyaning o‘zidagi muammolar ortishi mana shunday populistik mavzularni ko‘tarishlariga sabab bo‘lyapti.

Sobiq ittifoq tarqagach, Rossiya possovet hududidagi yetakchi davlatlardan biri bo‘lib qoldi. Markaziy Osiyodan boradigan ishchi kuchiga nisbatan munosabatni to‘g‘ri shakllantirganda, ularning o‘zi uchun yaxshi bo‘lardi. Lekin ular siyosiy tus berib, o‘zidan itarishga haraka qilyapti. Ayrim siyosatchilar bugungi strategik holatda Rossiya manfaatlarini to‘g‘ri baholay olmayapti. O‘zbekistonning hozirgi siyosati esa o‘zini oqlab, jahon hamjamiyatiga ijobiy kirib boryapti.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid