Iqtisodiyot | 13:09 / 18.11.2023
23520
8 daqiqa o‘qiladi

Oshayotgan ish haqi, pensiya va nafaqalar, JST uchun muzokaralar – Iqtisodiy taymlayn

Yakunlanayotgan haftada UzAuto Motors Chevrolet Onix narxlarini oshirdi. O‘zbekistonliklarning bank kartalariga jiddiy kiberhujum uyushtirildi. 1 dekabrdan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar oshiriladi. O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishini o‘tkazdi. Hafta iqtisodiy yangiliklari iqtisodiy taymlaynda.

O‘zbekistonning JSTga a’zoligi bo‘yicha 7-yig‘ilishni o‘tkazdi

16 noyabr kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning joriy yildagi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Ishchi guruh yig‘ilishidan bir kun oldin O‘zbekiston Turkiya, Mo‘g‘uliston va Saudiya Arabistoni bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunlab, tegishli bayonnomalarni imzoladi.

Bu bilan a’zolik jarayonida yakuniy kelishuvga erishilgan davlatlar soni beshtaga yetdi. Yaqin vaqt ichida Yaponiya, Shri-Lanka va Moldova bilan ham muzokaralarni rasman yakunlash reja qilingan.

O‘zbekiston rasmiylari 2023 yil boshida bergan bayonotlarida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralar shu yil oxirigacha yakunlanishi aytilgandi. O‘zbekiston prezidentining JST bo‘yicha maxsus vakili Aziz O‘runov bu maqsadga erishish kechikayotganiga izoh berdi.

To‘g‘ri, 2023 yil yakunigacha asosiy muzokaralarni yakunlash maqsadi qo‘yilgandi. Birinchidan, muzokaralar – juda ham murakkab jarayon. Ikkinchidan, bir xil muzokaralarda ancha oldinga ildamlagan bo‘lsak ham, ayrim davlatlar boshqa ko‘p tomonlama muzokaralardagi jarayonlar qanaqa ketishini kuzatib, ikki tomonlama muzokarani yakunlashdan o‘zini tiyib turadi. Misol uchun, bugungi kunda biz muzokaralarni deyarli yakunlab bo‘lgan 4-5 ta davlat bor, lekin ular muzokarani yakunladik deb e’lon qilishga shoshmayapti”, – dedi O‘zbekistonning JST bo‘yicha bosh muzokarachisi.

U O‘zbekiston 2003-2005 yillarda dastlabki faol muzokaralarni olib borgani va va bu muzokaralar 2020 yilda tiklanganini ta’kidlarkan, nofaol muddatni hisobga olmasa, mamlakat JSTga umumiy hisobda 10 yilga yetmasdan a’zo bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

1 dekabrdan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar oshiriladi

O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 17 noyabrdagi “Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risid”gi 196-sonli farmoniga ko‘ra, joriy yil 1 dekabrdan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7 foizga oshirilmoqda.

Ya’ni:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 372 ming so‘m (hozir – 347 ming so‘m);
  • yoshga doir eng kam pensiya miqdori – 725 ming so‘m (677 ming so‘m);
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 1 mln 50 ming so‘m (920 ming so‘m) etib belgilanmoqda.

Prezidentning farmoni natijasida 4,5 mln kishining pensiyasi va nafaqalari miqdori ko‘payadi va barcha budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari dekabrdan boshlab 7 foizga oshgan holda hisoblanadi.

Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori 1 dekabrdan 3 foiz miqdorda (7 foiz emas) o‘zgarib, 340 ming so‘m (hozir 330 ming so‘m) etib belgilanmoqda.

UzAuto Motors Chevrolet Onix narxlarini oshirdi

UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Onix’ning bir qator pozitsiyalari uchun narxlarini oshirdi. Chevrolet.uz saytidagi yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, narxlar 4 mln 600 ming so‘mdan 28 mln so‘mgacha qimmatlashgan. Narx oshgani haqidagi ma’lumotlar bu safar ham rasman e’lon qilinmadi.

Shevrolet Onix modellarining narxlari quyidagicha o‘zgargan: 

  • Chevrolet Onix LS MT 149 mln so‘mdan 176,9 mln so‘mga;
  • Chevrolet Onix 1LT MT 155 mln so‘mdan 180,8 mln so‘mga;
  • Chevrolet Onix 4LT LTZ Turbo AT 185 mln so‘mdan 199,9 mln so‘mga;
  • Chevrolet Onix Premier-1 – 207,3 mln so‘mdan 211,9 mln so‘mga;
  • Chevrolet Onix Premier-2 – 214,7 mln so‘mdan 219,6 mln so‘mga qimmatlagan.

E’tiborga molik jihati, ushbu pozitsiyadagi avtomobillarining birortasi sotuvda mavjud emas.

Avvalroq Onix 3LT MT modelining narxi ham 159 mln so‘mdan 184,7 mln so‘mga oshirilib, keyin sotuvga chiqarilgandi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan oyda Lacetti, Damas, Labo va Cobalt modellari narxlari ham 4 mln 700 ming so‘mdan 9 mln so‘mgacha qimmatlashgandi.

O‘zbekistonliklarning bank kartalariga jiddiy kiberhujum uyushtirildi

11 noyabr kuni bir qancha O‘zbekiston fuqarolarining bank kartalaridan katta miqdorda pul yechib olindi. Noma’lum shaxslar SMS-kodlar himoyasini chetlab o‘tgan. “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, mazkur hakerlik hujumi natijasida kamida 16 kishi jabr ko‘rgan, ularga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 1 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda hakerlik hujumi oqibatida serverlar buzib kirilib, firibgarlar bank kartalaridan pul yechib olgani haqidagi xabarlar tarqalgach, Markaziy bank va Humo to‘lov tizimi xabarlar yolg‘on ekanini va tizim barcha xavfsizlik talablariga javob berishini ma’lum qilgandi.

“Gazeta.uz” bilan bog‘langan jabrlanuvchilar turli banklarning mijozlari bo‘lib, ular hech kimga sms kodni bermagan, shunday bo‘lsa-da, bank kartalaridan 20 mln so‘mdan 74 mln so‘mgacha mablag‘lar yechib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, plastik kartalardan pullarni yechib olishda Unired ilovasidan foydalanilgan.

Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan boshqa yangiliklarga qisqacha to‘xtalamiz:

  • Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” dasturi amalga oshiriladi. Zangiota tumanida quriladigan imtiyozli uy-joylar oxirgi 5 yilda mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan oilalarga 15 foiz miqdorda boshlang‘ich to‘lov asosida 20 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi.
  • Aksilkorrupsiya agentligi Davlat organlari o‘z xarajatlarini e’lon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotganini ma’lum qildi.
  • “Ko‘mir ta’minot”ning Toshkent viloyat filiali boshlig‘i 50 ming dollar bilan ushlandi. U korxonaning hozirgi kunda vakant hisoblangan Sirdaryo viloyat filialiga rahbar sifatida ishga qabul qilinishida ko‘maklashish evaziga boshqa bir fuqarodan pul talab qilgan. Ayni vaqtda Namangan va Farg‘onada aholiga ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilgan ombor mudirlari ham ushlandi, bundan oldinroq esa Andijon viloyatida aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan ko‘mir talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgandi. Ular Andijon, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlarida kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan ko‘mirni sotib yuborgan;
  • O‘zbekiston va Afg‘oniston temiryo‘l shirkatlari rahbarlari Hayraton – Naibobod – Mozori-Sharif temiryo‘lining bir qismini ta’mirlash haqida kelishib oldi;
  • O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirildi. Ro‘yxatga quyidagi 19 ta faoliyat turi qo‘shildi. Ular qayta ishlangan jundan kiyimlar va boshqa buyumlar to‘qish, uy sharoitida loydan tandir tayyorlash, atlas va adras to‘qish, mayda munchoq (biser) tikish; do‘ppido‘zlik, temirchilik mahsulotlarini uy sharoitida tayyorlash; asalari uyasi va ramkalarini yasash; pichoq tayyorlash, charxlash va sotish kabilardir.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov,
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid