O‘zbekiston | 11:45 / 19.11.2023
25713
9 daqiqa o‘qiladi

“Onlayn qopqon” - ommalashgan virtual firibgarlik turlari va ulardan qanday himoyalanish kerak?

Hozir qorningiz ochsa, istalgan taom yoki qaysidir kiyim yoqib qolsa, uydan chiqmagan holda uni onlayn tarzda buyurtma qilish mumkin. Onlayn xizmatlarning rivojlanishi insonlarga shu kabi qator yengilliklarni beryapti, biroq bu bilan birga “virtual firibgarlik” ham avj olishda davom etmoqda. Firibgarlar endi o‘z o‘ljalarini onlayn tarzda ovlayapti.

Ko‘p hollarda fuqarolar onlayn to‘lovlardan foydalanish qoidalaridan bexabarligi, ijtimoiy tarmoqlarda botlar va kanallardan foydalanishda virtual bilimlarning yetarli emasligi sabab firibgarlarning tuzog‘iga tushib qoladi. Noqulay vaziyatlarga tushib qolmaslik, yolg‘on qurboniga aylanmaslik, pullardan ayrilib qolmaslik uchun odamdan biroz diqqat, ozroq qunt talab etiladi. Kun.uz onlayn firibgarlikning eng ommalashgan ko‘rinishlari va ulardan qanday saqlanish mumkinligi haqida ma’lumotlarni jamladi. 

 “Fishing” usuli

Fishing sxemasi oddiy – qalloblar taniqli brendlar, banklar va yetkazib berish kompaniyalari nomidan firibgar saytiga havolani tarqatishni tashkil qilishadi.

Firibgarlar o‘zlarini bank xodimi, Click, Payme kabi to‘lov tizimlaridan ekanini aytib, “Plastik kartangizga kiberhujum bo‘lyapti” yoki tizimda qandaydir xatolik yuz bergani, tizim yangilangani uchun unga raqamni qayta ulab qo‘yish kerakligini sabab qilib ko‘rsatadi.

“Hozir sizga maxfiy kod yuboriladi, uni zudlik bilan aytishingiz kerak”, deydi. Agar raqamni ulash uchun kodni berishmasa, foydalanuvchilar tarmoqdan uzib qo‘yilishlari, pul o‘tkazish-yechish amaliyotlarini bajara olmasdan bloklanib qolishlarini yoki bo‘lmasa, kartasidagi pullaridan ayrilib qolishini aytib, bosim o‘tkazishadi. Shuningdek, foydalanuvchidan shaxsiy ma’lumotlari: karta raqam, login va parollar ham so‘ralishi mumkin. Sodda insonlar esa vahima va qo‘rquv ostida bunday aldovlarga ishonib, darhol telefoniga kelgan SMS-kodni aytadi va kartasidagi bor mablag‘dan ayriladi. 

Qanday himoyalanish kerak?

Sayt nomiga e’tibor bering. Manzil satrida haqiqiy sayt https bilan boshlanadi, soxta sayt http bilan boshlanadi yoki sayt nomi o‘zgartirilgan bo‘ladi. Masalan, https://www.korzinka.uz emas, http://www.korzinka.official.u.... (http://www.korzinka-online.uz va hokazo).

Soxta xabarlar

IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi

“Pul yutib olishingiz mumkin”, “Sovg‘a yutib oldingiz”, “Sizga qanchadir mablag‘ meros qoldi” yoki “Sizga birorta fond tomonidan pul ajratildi, uni ushbu havola orqali olishingiz mumkin” kabi xabarlar orqali insonlarni ishontirib, shaxsiy ma’lumotlarini bilib olish holatlari ham ko‘p kuzatiladi. Hozirgi kunda ulardan eng ommalashgani bu — meros haqidagi va’da.

Sizga ham elektron pochta yoki messenjerlar orqali qaysidir xorijlik uzoq qarindoshingiz yoki familiyangiz o‘xshash insondan tasodif tufayli sizga katta meros qoldirgani haqida xabar kelgandir.

Ushbu merosni qo‘lga kiritishdagi dastlabki xarajatlar sizning bo‘yningizda bo‘ladi. Pul yutib olganiga yoki kutilmaganda “merosxo‘r” bo‘lib qolganiga ishongan sodda odamlar esa havola orqali maxfiy ma’lumotlarini: karta raqam, login va parollarini kiritib, ushbu mablag‘ni to‘lab yuborishadi. Natijada “merosxo‘r” yoki “sovrindor” emas, balki jonli xo‘rakka aylanishadi.

Banklar nomidan soxta yutuqlar 

Firibgarlar soxta akkaunt, soxta saytlar orqali foydalanuvchilarga yozishadi, turli reklamalar orqali ularni jalb qilishadi. Banklar tomonidan pul ajratilgani yoki yutuqli o‘yinda g‘olib bo‘lganlikni tasdiqlovchi xabarlarni jo‘natib, havola orqali uni olish mumkinligini ta’kidlashadi.

IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi

Biroq bu kabi xabarlarga ishonishdan oldin foydalanuvchining akkauntini ko‘zdan kechirish va sayt nomi hamda domeniga e’tibor berish kerak. O‘zbekiston hududidagi barcha to‘lov tizimlari, banklar hamda rasmiy saytlar faqat “.uz» domeni bilan tugaydigan manzildan foydalanadi. Xabar jo‘natgan akkauntda esa asosan bitta rasm bo‘ladi va telefon raqami ko‘rsatilmaydi.

Oldi-sotdi saytlardagi firibgarliklar

Firibgarlar oldi-sotdi saytlarida sotuvga qo‘yilgan narsalarga xaridor sifatida o‘zini tanishtiradi. Faqat uzoqda, boshqa bir viloyatda yashashini aytib, tovarni pochta orqali berib yuborishingizni iltimos qiladi. So‘ng turli banklarning soxta saytini yaratib, (masalan, «anorbank.uz» emas, «anorbank.uz-derart.com) “mana shu saytga karta ma’lumotlaringizni kiritib, pulni qabul qilib oling”, deydi. Siz esa haqiqiydek ko‘ringan saytga o‘ylab o‘tirmasdan ma’lumotlaringizni kiritasiz, qarabsizki, kartadagi barcha pullaringiz yechib olinadi. 

Buning teskarisi ham bo‘lishi mumkin. Ya’ni firibgarlar xaridor emas, sotuvchi rolida ham ko‘pchilikni chuv tushiradi: Aytaylik, 6 million so‘mlik noutbukni yarim narxiga baholab, saytga e’lon beradi. Sotib olmoqchi bo‘lganlarni tovar holati ijobiyligiga ishontirgandan so‘ng, hammasi firibgar rejasi asosida davom etadi. Kim ham katta chegirmada xarid qilishni xohlamaydi deysiz? Xaridorlar “Iltimos, hech kimga sotib yubormang, men olaman”, deyishni boshlaydi va firibgar ularning har biriga “Xaridorlar juda ko‘p, xohlasangiz pulning yarmini hoziroq tashlab bering, men boshqaga sotmay turaman”, deb mo‘maygina mablag‘ yig‘ib oladi va “g‘oyib bo‘ladi”.

Pul o‘tkazish uchun ba’zida bank karta raqami, egasining F.I.Sh, STIR kerak bo‘ladi. Ammo CVV-kod, PIN-kod va SMS-xabarlar orqali kelgan bir martalik tasdiqlash kodlari hech qachon talab qilinmaydi. Agar sotuvchiga ishonmasangiz, oldindan to‘lovni amalga oshirmang.

Sarmoya, xayriya taklifi

Firibgarlar, shuningdek, o‘zlarini treyding yoki qandaydir qurilish kompaniyasi vakili sifatida tanishtirib, “Siz bizga ma’lum miqdorda sarmoya kiritish evaziga ko‘p pul ishlab olishingiz mumkin”, deb ham odamlarni aldaydi. Achinarlisi, oramizda mana shunday oddiy yolg‘onlarga ishonib qolayotganlar ham yo‘q emas.

Foto: IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi

Virtual firibgarlar insonlarni chuv tushirishda mashhur qiyofalardan ham foydalanishmoqda. Hozirgi paytda Alisher Usmonov, Ravshan Ermatov, Zafar Hoshimovning qiyofalaridan foydalanish orqali odamlarning ishonchiga kirish firibgarlarning “trend”dagi usuli bo‘lib turibdi. 

Firibgarlar mashhurlarning videotasviriga sun’iy intellektga asoslangan dastur yordamida qayta ishlov berib, audioyozuvlarni soxtalashtirish yo‘li orqali buni amalga oshiryapti. Natijada sodda insonlar soxta “mashhur”larga ishonib, katta miqdordagi pul mablag‘larini virtual firibgarlar qo‘liga berib qo‘ymoqda.

Tarmoqlar hamda messenjerlar orqali davlat rahbari nomidan aholiga, yoshlarga, oilalarga pul ajratilayotgani, shuningdek, foizsiz kreditlar berilishi haqidagi xabarlar jo‘natish holatlari ham ko‘p kuzatilmoqda. 

Foto: IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi

Bu mazmundagi xabarlarga ishonishdan oldin saytning nomiga, domeniga e’tibor berish kerak. Masalan, “Har bir bolali oilaga 850 ming so‘mdan to‘lov” haqidagi xabarni olaylik.

Foto: IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi

Yordam pulini helpchildren.coqsecu.com saytidan olish mumkinligi ta’kidlangan. Bu kabi mazmundagi xabarlarning yolg‘onligini domen manzilidagi chalkashlik, noaniqlik va imloviy xatolardan ham aniqlash mumkin: firibgarlar asosan oddiy, grammatik xatolar bilan yozadi yoki so‘zlar bir-biriga to‘g‘ri ulanmagan bo‘ladi. Bu esa boshqa tildan o‘zbek tiliga tarjima asosida yozilganini isbotlashi mumkin. Afsuski, bularning yolg‘on ekanini bilganlar ham bor, bilmaganlar ham.

Bularni o‘qib, “Menda ham xuddi shunday vaziyat bo‘lgan”, deyayotgan bo‘lsangiz, ajabmas, chunki virtual firibgarlar tuzog‘iga ilinganlar soni kundan kunga ko‘payib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har sekundda dunyo bo‘yicha 5-7 nafar fuqarolar to‘lov kartalari vositasida virtual firibgarlik jabrlanuvchisiga aylanarkan.

Onlayn firibgarlik uchun qonunchilikda qanday javobgarlik mavjud?

Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik va uning turlari uchun javobgarlik va jazo belgilangan. Unga ko‘ra, firibgarlikni axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etganlik uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Baxtiyor To‘xtayev, Kun.uz

Mavzuga oid