O‘zbekiston | 10:00 / 20.11.2023
5270
10 daqiqa o‘qiladi

Gross: «XAVFSIZ HARAKAT» loyihasi doirasida «Yashagim kelar» qo‘shig‘i va klipining premerasi bo‘lib o‘tdi

Foto: Gross

Joriy yil 17 noyabr kuni InterContinental mehmonxonasida Gross sug‘urta kompaniyasi tashabbusi bilan boshlangan «XAVFSIZ HARAKAT» ijtimoiy loyihasi uchun maxsus yaratilgan «Yashagim kelar» qo‘shig‘i va klipining katta premerasi bo‘lib o‘tdi. Klip real voqealarga asoslangan bo‘lib, unda rejissyorning klip g‘oyasiga oid noyob o‘y-mulohazasi bo‘yicha YTH real ishtirokchilari bilan sodir bo‘lgan holatlar videoregistrator va tashqi kuzatuv kameralarining tasvirlaridan foydalanilgan.

Yo‘l-transport hodisalari statistikasining har raqami ortida inson hayoti va barbod bo‘lgan qayg‘uli taqdirlar yashiringan. Afsuski, qo‘rquv keltirib chiqarishi va yo‘l harakatining har bir ishtirokchisini hushyorlikka da’vat qilishi kerakdek bo‘lgan mazkur raqamlar oddiy holat kabi loqayd qabul qilinishi kishini chuqur o‘y va mulohazalarga tortadi.

Biroq barcha ko‘nikkandek bo‘lgan mazkur holat dahshati kam bo‘lib qolgani yo‘q, balki hamon katta yo‘qotishlarni keltirib chiqarmoqda. Nafaqat moddiy zararlar, balki jismonan va ruhan yetkazilgan ziyonlar ko‘lami bundan-da dahshatliroq! Endilikda yo‘llarda sodir bo‘layotgan hodisalarga nisbatan loqayd holda va vaziyatni tuzatishga doir chora-tadbirlarni ko‘rish zaruratini e’tiborga olmay qolib bo‘lmaydi.

Gross sug‘urta kompaniyasi o‘z ijtimoiy mas’uliyatini namoyon qilgan holda mazkur muammoga jamoatchilik diqqat-eʼtiborini jalb qilish maqsadida Toshkent shahar IIBB va «XAVFSIZ HARAKAT» loyihasining qator hamkorlari ko‘magida loyihaning navbatdagi tashabbusini amalga oshirishga, ya’ni «Yashagim kelar» qo‘shig‘i va klipini yaratish hamda tasvirga olishga muvaffaq bo‘ldi.

«XAVFSIZ HARAKAT» xavfsiz yo‘l harakatini targ‘ib qiluvchi keng ko‘lamli ijtimoiy loyiha bo‘lib, u piyodalarning xavfsiz o‘tish joylarini tashkil etish, svetofor va tezlik rejimiga rioya qilish, shuningdek transport vositalari yo‘lovchilari xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘l harakati muammolariga jamoatchilik diqqat-eʼtiborni jalb qilishga qaratilgan.

«Shuni qayd etish joizki, so‘nggi paytlarda korporativ muhitda ijtimoiy loyihalar tashabbusi bilan chiqish va jamiyatdagi dolzarb muammolarni hal qilish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish borasida ijobiy tamoyil kuzatilmoqda. Biz asosiy faoliyat turlaridan biri avtosug‘urta bo‘lgan sug‘urta kompaniyasi sifatida «XAVFSIZ HARAKAT» loyihasi tashabbusi bilan chiqqan holda jamiyat diqqat-eʼtiborini yo‘llardagi hodisalar va ularning oqibatlari muammosiga qaratish mas’uliyatini o‘z zimmamizga oldik. Axir avtomobilni tiklash mumkin, ammo inson hayotini qaytarib berish bizning ixtiyorimizda emas!

«XAVFSIZ HARAKAT» loyihasi doirasida yana bir faol tadbirlardan biri bu – «Yashagim kelar» qo‘shig‘i va klipi premerasidir. U tinglovchilar hamda tomoshabinlarni musiqa va klipdagi lavhalar orqali taqdiri azaldagi inson qismatlari muammosiga e’tibor qaratishga chorlaydi. Qo‘shiq yo‘llardagi xotirjamlik uchun mas’uliyat yo‘l harakatining har bir ishtirokchisi zimmasida ekanini ana shu tarzda eslatib o‘tadi», – deb « Gross sug‘urta kompaniyasi» AJ Boshqaruv raisi Nazarov Otabek Hasanovich o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

«Yashagim kelar» qo‘shig‘i fojiali yo‘l hodisalarining oqibatlari bilan to‘qnash kelgan odamlar uchragan qiyinchiliklarga qaramay, insonning hayotga bo‘lgan intilishini tarannum etadi.

Estrada yulduzlari bo‘lmish «Sahar» guruhining o‘zgarmas yakkaxon ijrochisi Anvar Jo‘rayev va reper Konsta mazkur insonlar taqdirini o‘zlarining betakror ijrosi bilan jo‘rlikda hikoya qiladi. Reper Konsta mazkur asarning muallifi va kompozitori bo‘lib hisoblanadi. Matnga shuningdek Baxtiyor Raxmonov ham «So‘ngida, hammasidan ham o‘tib, yana yashagim, yashagim kelar!» degan satrlar bilan sayqal bergan. Ayni vaqtda kompozitor Adham Abduraimov asarni sodir bo‘lgan voqealarning fojialiligini aks ettirgan holda minor ohangdoshlik sadolari jo‘rligi bilan boyitgan.

Hayotning bebaholigini his etish mushkul vazifa, u qaytmas ekanligi haqidagi fikr qo‘rquv va ojizlik hissini uyg‘otadi. Jamoatchilik bilan o‘z qayg‘uli tajribasi bilan o‘rtoqlashish maqsadida tasvirga olish jarayonlarida ishtirok etgan klip qahramonlari aynan mazkur hislarni boshdan kechirgan bo‘lsa ajab emas. Mazkur asar klip qahramonlariga aylangan insonlar bilan sodir bo‘lgan real voqelikning badiiy in’ikosi bo‘lib, ular yo‘l harakati qoidalarini pisand qilmaslik tuzatib bo‘lmas fojiali oqibatlarga olib kelishi haqidagi oddiy haqiqatni odamlarga yetkazishga urinishdir.

«Taraqqiyotga intilayotgan hozirgi dunyoda mazkur jamoa har bir inson hayotini o‘zgartirish uchun astoydil harakat qilmoqda. G‘oya a’lo darajada, jamoa tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar ajoyib. Biz hayotimizda sodir bo‘layotgan hodisalar uchun mas’ulmiz. Bizning harakatlarimiz biz sevadigan odamlar va bizlarning atrofimizdagi odamlarga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu video har birimizning hayotimizdagi qadriyatlarga ta’sir ko‘rsatadi, deb umid qilamiz», – deydi klip qahramoni Shohrux Qayumov.

Rejissyor klip g‘oyasi va undagi o‘y-mulohazalarni yetkazish maqsadida «XAVFSIZ HARAKAT» loyihasi uchun maxsus ilgari takrorlanmagan o‘ziga xos noyob formatni tanlagan, unda klipni ishlash jarayonida videoregistrator kameralari va tashqi kuzatuv videokameralaridagi tasvirlardan foydalanilgan. Aynan ushbu qurilmalar yo‘llarda sodir bo‘layotgan barcha hodisalarni qayd etadi va hodisalar aks etgan kadrlarni qayta ko‘rish imkonini beradi. Mazkur g‘oya haydovchining avtomobilni boshqarish chog‘ida kundalik mashaqqatlarini aks ettiradi.

«Biz doimiy videokontent oqimida yashaymiz. Bu asosan, memlar, tijorat videosi, videobloglar, reklama. Gohida esa bu kino.

Hayotimizni bevosita aks ettiradigan loyihalarni biz kamdan kam hollarda ko‘ramiz. Video sizni o‘ylantirishga va faol pozitsiyani egallashga majbur qilishi yanada kamyob holatdir.

Ushbu klip aynan shu tarzda yaratilgan. U hatto klipga ham o‘xshavermaydi. Bu yerda silliqlangan tasvir, aktyorlar ijrosi va hattoki, o‘ta zamonaviy kamera ham yo‘q. Barchasi aynan videoregistratorda va kuzatuv kamerasida tasvirga olingan. Shu sababli aynan mazkur kameralarning obektivlari orqali yo‘llarda sodir bo‘layotgan dahshatlarni ko‘ramiz.

Barcha qahramonlar – bu bir qarashda oddiy bo‘lgan odamlar, klip so‘ngida ularga nisbatan umuman boshqa nazar bilan qaray boshlaysiz.

Klipda qo‘shiqchilar Sharif va Anvarning o‘zaro hamkorligi muqarrar ravishda savol tug‘dirishi mumkin. Nimadir tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Ammo rejissyorlar o‘y-fikrlar haqida o‘ylashga majbur qilish uchun buni atayin qiladilar. Yordam tariqasida shuni aytishimiz mumkinki, har birimiz tasodifan haydovchi o‘rnida ham, yo‘lovchi o‘rnida ham, piyoda o‘rnida ham bo‘lib qolishimiz mumkin. Bunda kimnidir ayblash befoyda mashg‘ulot, hamma o‘zidan boshlashi kerak», – deydi klip rejissyori Ivan Proskuryakov.

Sintez agentligining ijodiy direktori Farrux Sharipov, loyiha g‘oya mualliflaridan biri ham o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi: «Bir yil oldin, loyihani ishlab chiqayotganimizda, u qanday bo‘lishini tasavvur ham qila olmasdik. Ko‘p marotaba «Yashagim kelar» qo‘shig‘ini tingladim va aytishim mumkinki, bu oddiy qo‘shiq emas, balki jismoniy va ma’naviy azoblarni, yoki undan ham yomoni, yaqin insonini yo‘qotganlarning ovozidir. Agar loyiha, klip yoki qo‘shiq hech bo‘lmasa bir kishini yo‘llardagi xavfsizlik haqida o‘ylab ko‘rishga undasa, biz baxtli bo‘lamiz».

Qo‘shiq va klip premerasi Gross sug‘urta kompaniyasi , RizaNova , reper Konsta va Toshkent shahar IIBBning rasmiy YouTube-kanallarida bo‘lib o‘tdi.

Tomoshabinlar premerani loyihaning https://taplink.cc/xavfsiz_harakat rasmiy onlayn platformalarida ham tomosha qilishi mumkin.

Biz yo‘llarda xavfsizlik uchun qayg‘uradigan har bir insonni klipni ko‘rishga, loyihani qo‘llab-quvvatlashga va ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida axborot bilan bo‘lishishga da’vat qilamiz.

Mazkur loyiha hozirda Uzum Market, InterContinental, Izzy, Zanzir kabi kompaniyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Loyihaning axborot hamkorlari – My5, BizTV, Renessans telekanallari, Toshkent shahar IIBB multimediya markazi va Platina.uz onlayn OAV.

Yo‘l harakati bu – atrofdagilarning hayoti va salomatligi uchun mazkur jarayon ishtirokchilarining har biri zimmasida bo‘lgan ulkan mas’uliyat sohasi. Biz birgalikda umumiy kelajagimiz uchun O‘zbekiston yo‘llarida xavfsizlik borasida ko‘p narsalar qilishimiz mumkin.

Reklama

Mavzuga oid