Jahon | 16:40 / 20.11.2023
16195
5 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy yomg‘ir bilan changni bostirish – Hindiston iflos havoni tozalash uchun “bulut ekish”dan foydalanmoqchi

Hindiston poytaxti Dehlida havo iflosligi yuqori darajaga yetib, maktablar qishki ta’til uchun ertaroq yopildi, qurilish ishlari to‘xtatildi. Shahar ma’muriyati ifloslanishni bostirish uchun sun’iy yomg‘ir yog‘dirish rejasi haqida o‘ylayapti. Lekin ekspertlar buni uzoqqa bormaydigan va qimmatga tushadigan yechim deb hisoblayapti.

Foto: Getty images

Hindiston poytaxti Dehli shahri iflos havo bilan doimiy kurashib keladi. Biroz muddat oldin shahar atrof-muhit mas’ullari havo ifloslanishi darajasini pasaytirish uchun sun’iy yomg‘ir hosil qilish texnologiyasidan foydalanishni reja qilayotganini ma’lum qildi.

Bu rejaning amalga oshishi uchun Hindiston Oliy Sudi va boshqa qator vazirliklarning ruxsatini olish kerak bo‘ladi. Agar rozilik olinsa, sun’iy yomg‘ir shu oy oxirida yog‘dirilishi mumkin.

Yomg‘ir yog‘ish texnikasidan foydalanish taklifi Dehli havosini tozalash uchun birinchi marta berilmayapti. Biroq ekspertlar buni murakkab va qimmatga tushadigan usul, qolaversa, qanchalik samarali ekani to‘la isbotlanmagan, deb fikr bildirishyapti. Bundan tashqari, sun’iy yomg‘irning ekologiyaga uzoq muddatli ta’siri qanday bo‘lishini ham yaxshilab o‘rganib chiqish zarur.

Lekin Dehli havosi odamlarini "bo‘g‘ish"da davom etayotgan va xalqaro nashrlar sarlavhalarida tilga olinayotgan bir paytda siyosiy liderlar ham biror chora topish kerak bo‘lyapti.

Dehlida oxirgi haftalarda shaharning havo sifati indeksida PM 2.5 darajasi havoda belgilangan miqdordan 10 barobar oshib ketdi.

Poytaxtda havo ifloslanishi avtomobil va sanoat chiqindilari hamda chang tufayli yil davomidagi muammo sifatida saqlanib turadi. Ayniqsa, qish oylarida Dehlining havosi yomonlashadi. Sababi shahar atrofidagi fermerlar ekin qoldiqlarini yoqib yuborishadi, past bosimli shamol esa havoda ifloslantiruvchi moddalar ko‘payishiga olib keladi.

Iflos havo sabab Dehli hukumati maktablarda qishki ta’til ertaroq boshlanishini e’lon qildi, qurilish ishlarini taqiqladi. Bu vaziyatda “bulut ekish” bilan havo sifatini yaxshilash va bunga tegishli tashkilotlar rozilik berishi umid qilinyapti.

“Bulut ekish” nima degani?

"Bulut ekish" — yomg‘ir hosil qilish uchun bulutlarda namlik kondensatsiyasini tezlashtiradigan usul. Bunda kumush yodid yoki xlorid moddalaridan iborat tuz zarralari bulutlarga purkaladi.

Tuz granulalari bulutda muz kristallarini hosil qilishga yordam beradi. Bulutdagi namlik muz kristallariga yopishadi va yomg‘ir hosil bo‘ladi.

Lekin bu usul har doim ham natija bermaydi.

Havo sifati bo‘yicha mutaxassis Polash Mukerjyening aytishicha, sun’iy yomg‘ir samarali yog‘ishi uchun atmosfera holati bunga mos bo‘lishi kerak. Muz kristallari hosil bo‘lishi uchun bulutlarda yetarlicha namlik bo‘lishi kerak. Shamol tezligi kabi ikkilamchi omillar ham muhim.

Bundan tashqari, tuz zarralari gorizontal emas, balki vertikal tarzda shakllanadigan bulut turiga sepilishi kerak.

Sun’iy yomg‘ir yog‘dirish tajribasi bir necha o‘n yillardan beri bor. Hindistonda ham bu tajriba 1952 yilda qo‘llab ko‘rilgan.

1960 yillarda AQSh harbiylari urush paytida Vetnamning harbiy ta’minotini to‘xtatish maqsadida yog‘ingarchilikni kuchaytirish uchun shu usuldan foydalangan.

Xitoy, BAA davlatlari va Hindistonning ba’zi shtatlari ham yog‘ingarchilikni kuchaytirish, qurg‘oqchilikka qarshi kurashish uchun sun’iy yomg‘ir yog‘dirishgan.

Sun’iy yomg‘ir havo ifloslanishini bostirishga yordam beradimi?

Dehlida hozirgi havo ifloslanishini pasaytirish uchun yomg‘ir yog‘dirish rejasi Hindiston texnologiya instituti tomonidan taqdim etildi. Ekspertlarning aytishicha, 20-21 noyabr kunlari sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun havo sharoiti ideal bo‘ladi. Bulutlar Dehlini to‘la qoplab ololmasa ham, bir necha yuz kilometrda yomg‘ir yog‘dirilishidan umid qilishyapti.

Sun’iy yomg‘irning mantig‘i shundaki, u atmosferadagi ma’lum zarrachalarni yuvib tushiradi va havoni tozaroq va nafas olish mumkin bo‘lgan darajaga keltiradi. Biroq sun’iy yomg‘irning qanchalik foydali bo‘lishi hozircha aniq emas.

Janob Mukerjyening aytishicha, "bulut ekish" havo sifatini yaxshilash va changni bostirish maqsadida boshqa davlatlarda ham ishlatiladi, biroq bu faqat epizodik holatda eng yaxshi variant bo‘la oladi.

"Sun’iy yomg‘irning havo sifatiga ta’siri shundaki, u yog‘gach, ifloslanish darajasi birdaniga tushadi. Biroq havoning doimgi yomg‘irdan so‘ng 48-72 soatda yana barqaror holatga qaytadi. "Bulut ekish" qimmat usul, u kamyob resurslarni natijasi aniq va uzoq muddatli bo‘lmagan maqsadga nisbatan ishlatishni anglatadi", deydi u.

Mavzuga oid