O‘zbekiston | 18:10 / 21.11.2023
18667
8 daqiqa o‘qiladi

“Amaldagisida na tish va na tirnoq bor” - yangilanayotgan “Davlat tili haqida”gi qonun qanday bo‘lishi kerak?

Ikki kun avval Kun.uz saytida “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov bilan bir qator milliy masalalar: bayroq, til, alifbo islohi kabi mavzularda o‘tkazilgan intervyu e’lon qilingan edi. Deputat Qodirov o‘sha intervyu davomida “Davlat tili haqida”gi qonun bo‘yicha ham gapirarkan, uning Qonunchilik palatasida qayta ko‘rilayotganini aytdi. O‘sha, bir paytlar Senatga borib yo‘qolib qolgan va bir muddat o‘tib, deputatlar tomonidan kun tartibidan olib tashlangan milliy qonun.

Kun.uz muxbiri tashkil qilgan navbatdagi suhbat o‘zbek tili, uning bugungi ahvoli, muammolari va yangidan ishlanayotgan “Davlat tili haqida”gi qonun aslida qanday bo‘lishi kerakligi haqida bo‘ldi.

Suhbat mehmonlari – adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev va “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri Husan Karvonli.

— Mana, sizlar o‘zbek tili uchun jon kuydirib, shu sohada doim kuyunchaklik bilan chiqish qilib yurasizlar, aytinglarchi, O‘zbekistonni amaldagi til qonunida qanday kamchilik va bo‘shliqlar borki, uni yangilash ehtiyoji paydo bo‘lmoqda? Yoki nima uchun sizlar bu qonunni o‘zgartirishga targ‘ib qilasizlar doim?

Qozoqboy Yo‘ldosh:

— Qonun bundan 34 yil oldin qabul qilingan bo‘lsa, yillar davomida hayot o‘zgardi. U qabul qilingan paytda biz ittifoq tarkibida edik, u paytda bugungi o‘zgarishlarni ko‘zda tutish qiyin edi. Qonun shu holicha yaxshi ishlab ketganda, uni o‘zgartirishga ehtiyoj bo‘lmasdi, ammo yaxshi ishlamadi.

Qonun maqomli hujjatda majburiylik, shartlilik bo‘lishi kerak. Ammo bizning qonunda ko‘proq ikki yoqlamalilik bo‘ldi, majburiylik sust edi. Bugungi kungacha qonun to‘la bajarilmay kelayotgani uchun qayta ishlash zarur edi.

Yangi qonun loyihasidan xabarimiz yo‘q, hali ochiqlanmadi. Ehtimol, yaxshi loyiha ishlanayotgandir. Qonun maqomidami, majburiylik, javobgarlik bo‘lishi kerak. Amal qilganlar esa namunali fuqaro, tashkilot sifatida e’tirof etilishi kerak. Yangi loyihada qonunni bajarmaslik imkoni qoldirilmayotganidan umidvormiz.

Zuhriddin Isomiddinov:

— Qonunni juda chiroyli, mukammal yozib qo‘yish mumkin, lekin unga amal qilsakkina qonun bo‘ladi.

Amaldagi qonunimizni boshqa davlatlarning davlat tili borasidagi qonuni bilan solishtirib ko‘rdim. Boshqalarning qonuni, deylik, 10 varaq bo‘lsa, bizniki 5 varaq. Bizning qonun matni 5 ming 187 ta belgidan iborat ekan, taxminan mingga yaqin so‘z. Qozog‘iston qonuni 15 ming 13 ta belgi, Ozarboyjonniki 12 mingdan ko‘p, Turkmanistonniki 15 ming 469 belgi, Qirg‘izistonniki 14 mingdan ortiq, Rossiyaniki 10 ming 158 ta belgi. Eng kichik bo‘lgan Rossiyaniki ham bizning qonundan 2 barobar katta, boshqalarniki 3 barobar katta.

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun matni men bilgan qonunlar ichida eng kichigi. Kichikligi mayli, lekin lo‘nda qilib yozilgan bo‘lsa, yetarli bo‘ladi shuncha ham. 1-moddada o‘zbek tili davlat tili ekani aytilib, qolgan 5 moddada shu qat’iylik yumshatilaveradi. Boshqa davlat qonunlarida davlat tilini bilish majburiy qilib qo‘yilgan millatidan qat’i nazar. Qonunga o‘xshaydi-da ularniki, bizniki esa xuddi qonunga yozilgan sharhga o‘xshaydi. Birinchi moddada aytilgan keskin gap uchun, qolgan moddalarda uzr so‘rab chiqqanga o‘xshaydi.

Biz ona tilimizni har kuni ishlatamiz, hatto tushni ham o‘zbek tilida ko‘ramiz. Demakki, biz uchun tildan katta voqelik yo‘q. Bizning hayotdagi eng katta voqelikni esa Oliy Majlis hal qiladi. Deylik, prezidentlik muddatini uzaytirish uchun referendum qilinadi, lekin til masalasi bundan-da kattaroq masala. Deputatlarning nechtasi til bo‘yicha mutaxassis o‘zi? Mutaxassis bo‘lgani ham malakalimi?

Qonun loyihasini mukammallashtirish ehtiyoji bor. Hech bo‘lmasa, bu safar maqbul qonun bo‘lsin. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, qo‘shimchalar qo‘shishsa, yanayam yaxshi bo‘ladi.

Husan Karvonli:

— 1995 yil 21 dekabrdagi yangi tahrirdagi davlat tili haqidagi qonun bor. G‘alati narsalar bor. 10-modda yuqorida aytilgan «uzr so‘rash»ga yaqqol misol: «Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarning ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin». Qonun bunaqa bo‘lmasligi kerak. Ko‘pchiligi bilmasa, o‘rgansin o‘zbek tilini, bilsin.

Endi 12-moddaga qarang: «O‘zbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Fuqarolarning talabiga ko‘ra rasmiylashtirilgan hujjat matni notarius yoki notarial harakatni bajarayotgan shaxs tomonidan rus tilida yoki imkoniyat bo‘lgan taqdirda — boshqa maqbul tilda beriladi» — O‘zbek tili to‘g‘risidagi qonunga rus tili nimaga aralashyapti? Sovet davridagi mustamlakachilik tafakkuri bilan yozilgan bu. 1989 yilgi emas, 1995 yildagi tahriri bo‘yicha o‘qiyapman bularni.

Endi 24-modda: «O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi. Fuqarolarning o‘zaro muomala, tarbiya va ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladilar». Bu yerda boshqa tillarga daxl qilganlarga javobgarlik nazarda tutilyapti, o‘zbek tiliga emas, vaholanki, qonun o‘zbek tili to‘g‘risida. Va qonunda bundan boshqa o‘rinda javobgarlik to‘g‘risida gap ketmaydi. 1989 yilgi variantining 4-moddasidagi majburiyatlar 1995 yilgi tahrirda olib tashlangan.

Oldingi tahrirda shunday band bor edi: «O‘zbekiston Respublikasida ishlovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun respublika davlat tilini yetarli darajada bilishlari shart».

1989 yilgi variantning 5-moddasida shunday deyilgan: «O‘zbekiston Respublikasi Oliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qaror va boshqa hujjatlari respublika davlat tilida tayyorlanadi, qabul qilinadi va e’lon etiladi. Rasmiy nashrlarda ularning rus, qoraqalpoq, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqa tillardagi tarjimasi beriladi». Lekin 1995 yilgi tahrirda ancha yumshatilgan bu ham.

28-modda (1989 y.): «O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va davlat boshqaruv muassasalarining, shuningdek, korxonalar, tashkilotlar va idoralarning rahbarlari o‘zlariga bo‘ysunuvchi soha doirasida ushbu Qonun talablariga rioya qilinishiga shaxsan javobgardirlar». 1995 yilgi tahrirda, ya’ni amaldagi qonunda bunday javobgarlik yo‘q.

Qozoqboy Yo‘ldosh:

— Istalgan moddada shunga o‘xshash bandlarni topish mumkin. Bunday bandlardan butkul voz kechish kerak va tilning chinakam martabasini o‘rtaga chiqarish lozim.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Suhbatni Ilyos Safarov olib bordi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi – Nizomjon Toshpo‘latov.
Ovoz rejissyori – Murodjon Sodiqaliyev.

Mavzuga oid