Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil oxirigacha yangi yerlarni o‘zlashtirish va’dasini bajarmagan hokimlar jarimaga tortiladi
Bundan buyon viloyatlar kadastr boshliqlarini bosh vazir ishga qo‘yadi va ishdan oladi. Prezident aktivlarning kadastr va bozor bahosi o‘rtasida katta farq borligiga e’tibor qaratdi. 1 fevralgacha kamida 15 ming gektar yerni sabzavot yetishtirish uchun 1 gektardan auksionga chiqarish topshirildi. Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi 5 yilda 42,5 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi toifasidan chiqarilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish va kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yer va bino-inshootlarning bozor bahosi
Prezidentning aytishicha, O‘zbekistondagi 44 million 800 ming gektar yer maydoni, 8 million 300 mingta bino va inshootning mulk sifatidagi bozor bahosi hisoblanmagan.
Hozirda mavjud bino va inshootlarning shartli kadastr qiymati 70 milliard dollarni tashkil qiladi. Vaholanki, ularning haqiqiy bozor bahosi bundan kamida 4-5 barobar ko‘p.
“Bunga yerning bozor qiymatini ham qo‘shsa, bilasizlarmi aholi va tadbirkorlarda qanchadan qancha iqtisodiy aktiv bo‘ladi”, – dedi prezident.
Buning uchun, eng avvalo, yer hisobini joy-joyiga qo‘yish shart. Lekin ayrim hokimlar va vazirlar buni hisob-kitobini hali o‘ylab ham ko‘rmagani, o‘ziga biror-bir vazifa ham belgilab olmagani qayd etildi.
Qishloq yerlari aerosuratlar orqali monitoring qilinadi
Oxirgi uch yilda sohani raqamlashtirish hisobiga 40 million gektar yoki jami yerlarning 90 foizi kadastrdan o‘tkazildi. Endi qolgan muammoli yerlarni ham to‘liq kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligi yerlarida aerosuratga oladigan zamonaviy samolyot va laboratoriyalar olib berildi.
Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda to‘liq yakuniga yetkazish topshirildi.
Aerosuratlar asosida qishloq yerlarini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Kadastri yo‘q qishloq xo‘jaligi yerlari
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, qishloq xo‘jaligida:
- 286 ming gektar yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar to‘liq emas;
- 159 ming gektar yerning hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qiladi;
- avvalgi davrlarda doimiy foydalanish uchun ajratilgan 460 ming gektar yerning huquqiy maqomi aniq emas.
Oqibatda jami 900 ming gektardan ziyod qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tmasdan turibdi. Kadastri yo‘qligi sababli takroriy ekinlar uchun bu yerlarni rasman ikkilamchi ijaraga berish imkoni bo‘lmayapti.
Bularni oqibatida kamida 300 ming ish o‘rni, takroriy ekindan olinayotgan mahsulot hamda norasmiy ijaraning hisobi yuritilmayapti.
Plyonka ostida issiqxona tashkil qilish uchun auksion orqali yer ajratiladi
O‘tgan hafta Surxondaryoga tashrifda “plyonka ostida parnik” tashkil qilib, eksportbop sabzavot ekinlarini ekish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Hududlarda bunday usulda ekin ekishni istaganlar juda ko‘p. Lekin ular uchun yer olish murakkab. Shu bois, kelgusi yildan ekin yeri yuqori unumli urug‘, ko‘chat, agro-texnologiya, eksport ko‘nikmalariga ega bo‘lganlarga auksion orqali ijara huquqi bilan sotiladi.
Mutasaddilarga 2024 yil 1 fevralga qadar kamida 15 ming gektar yerni lotlarga bo‘lib, eksportbop sabzavot yetishtirish uchun o‘rtacha 1 gektardan auksionga chiqarish, auksiondan yer olgan aholiga urug‘, o‘g‘it, plyonka va aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish, hosildor eksportbop ekinlar urug‘ini kafolatli yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Cuv fondi yerlari tartibga solinadi
Suv havzalarini, kanal va kollektor atrofidagi bo‘sh yerlarni aholi va tadbirkorlarga berish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Lekin, yer balansida suv fondi yerlarining bor-yo‘g‘i 0,3 foizi ekin yeri sifatida ko‘rsatilgan. Bu haqiqiy ahvoldan yiroqligi, zero suv xo‘jaligida yerlarning aksariyatida egalik hujjati mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Aslida, suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olishning birdan bir yo‘li – ularni to‘liq kadastrdan o‘tkazish. Bu ish o‘rniga ham, oziq-ovqat uchun ham qo‘shimcha zaxira bo‘ladi.
Mutasaddilarga suv fondi yerlarini tartibga solish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Hokimlarga suv fondi kadastri qachon to‘liq bo‘ladi, deb kutib o‘tirmasdan, hujjati tayyor bo‘lgan bo‘sh yerlarni aholiga eksportbop ekin ekish uchun bo‘lib berish topshirildi.
Kadastrsiz yo‘llar
Yig‘ilishda yo‘l xo‘jaligida ham shu ahvol ekani ta’kidlandi. Ko‘pgina ichki yo‘llar va unga tutash yerlarning hujjati yo‘qligi bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatib o‘tildi.
Kelgusi yilda “Tashabbusli budjet” va “Mening yo‘lim” loyihalariga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ta’mirlanadigan ichki yo‘llarni loyihalashda ularga kadastr hujjatini tayyorlashni ham nazarda tutish topshirildi.
Vazirliklarning kadastrsiz mulklari
Ayrim vazirliklarga berilgan yer va binolar kadastri ham qoniqarsizligi qayd etildi. Ba’zi obektlarning egalik hujjati yo‘qligi aniqlangan. Ushbu yerlarning hujjati yo‘qligi sababli talon-toroj qilingan holatlar mavjud.
Vazirliklarga o‘zlariga qarashli barcha yer va binolarni hujjatlashtirishni yakuniga yetkazish, Bosh prokuraturaga ushbu ishlarning qat’iy nazoratini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Toifasi o‘zgartirilgan yerlar
“Qanchalik qiyin bo‘lmasin, oxirgi besh yilda qishloq xo‘jaligidan 42,5 ming gektarni qisqartirib, aholi punktlari va sanoat yerlari toifasiga o‘tkazib berdik.
Afsuski, katta-katta va’dalarni bergan ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari bu yerlardan samarali foydalana olmayapti”, – dedi prezident.
Xususan, 100 ta tumanda toifasi o‘zgargan 17,5 ming gektar yer na tadbirkorga berilgan, na auksionga chiqarilgan. Bu yerlar olinganidan buyon zaxirada yotgani tanqid qilindi.
Viloyat hokimlari yil yakuniga qadar bu yerlar auksionga chiqarilmasa, qishloq xo‘jaligi toifasiga qaytarilishi haqida ogohlantirildi.
Shuningdek, toifasi o‘zgarib, tadbirkorlarga ajratilgan 19 ming 300 gektar yerdan 5 ming 400 gektari bo‘sh turibdi. Sanoat zonalarida ham loyiha joylashtirilmagan yerlar bor. Aksincha, tayyor infratuzilmasi bo‘lgan sanoat yerlaridan boshqa maqsadda foydalanish ko‘p uchramoqda.
Yangi yerlarni o‘zlashtirish
Toifasi o‘zgargan yerlar evaziga shu yilning oxirigacha 15 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirilishi kerak edi. Biroq, 8 ming gektar yerlar haligacha o‘zlashtirilmagan.
Yil yakunigacha yangi yerlarni o‘zlashtirish va’dasini bajarmagan hokimlar jarimaga tortilishi, ularning yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflari umuman qabul qilinmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kadastr agentligiga 2024 yil 1 martga qadar barcha sanoat yerlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, viloyat hokimlariga esa 2021 yilgacha ajratilib, qurilish boshlanmagan 7 ming gektar yerni zaxiraga qaytarish topshirildi.
Bosh prokuraturaga bu borada qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Bundan buyon viloyat kadastr boshlig‘ini ishga qo‘yish va ishdan olish bosh vazir tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish
Kadastr sohasida 9 mingdan ortiq mutaxassis ishlaydi. Lekin bugungi kunda sohaga kadr tayyorlayotgan 10 ta oliygohdagi o‘qitish sifati zamondan orqada qolgan.
Ularda fakultet va kafedralar tushunib-tushunmasdan ochilgani, o‘quv dasturlari va ta’lim metodikalari eskirgani aytildi.
Shu bois, 10 ta oliygoh rektorlariga Kadastr agentligi bilan birgalikda kelgusi yilda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish, yangi o‘quv adabiyotlari va xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelishga ko‘rsatma berildi.
Mavzuga oid
21:00 / 09.12.2024
200 dollarlik fotosurat, “ish bitirgan” kurka bolalari va qo‘shmachining “tanka”si – noodatiy poralar
12:07 / 30.11.2024
Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali sobiq boshlig‘i 12 yilga qamaldi
17:35 / 11.11.2024
Namanganda to‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
22:21 / 01.11.2024