O‘zbekiston | 21:04 / 22.11.2023
28742
14 daqiqa o‘qiladi

“Anomal sovuq takrorlanishi ehtimoli inobatga olingan” - Vazir qishga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot berdi

Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda iste’molchilarga 2022 yilga nisbatan 6,5 foiz ko‘proq elektr energiyasi yetkazib beriladi. U o‘tgan mavsumdagidek anomal sovuq takrorlanishi ehtimoli bo‘yicha hisob-kitoblar qilingani, bunday kunlarda, xususan, gaz-shoxobchalariga ta’minotni 30 foizga qisqartirish ko‘zda tutilganini ma’lum qildi.

Arxiv foto: Kun.uz

O‘zbekiston Energetika vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy kuz-qish mavsumida elektr energiyasi iste’moli 45 mlrd kWh yoki o‘tgan mavsumga nisbatan 8,5 foizga ko‘p (3,5 mlrd kWh) bo‘lishi kutilyapti.

Shundan respublika bo‘yicha noyabrda 7,9 mlrd kWh, dekabrda 8,4 mlrd kWh, yanvarda 8,1 mlrd kWh, fevralda 7,5 mlrd kWh, martda 7,4 mlrd kWh elektr energiyasi iste’mol qilinishi taxmin qilinmoqda.

Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 22 noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi chiqishida ma’lum qildi.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

“Ushbu talabni qondirish uchun jami 42,6 mlrd kWh yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,9 mlrd kWh ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shundan issiqlik elektr stansiyalarida 39,3 mlrd, gidro elektr stansiyalarda 2,4 mlrd, quyosh fotoelektr stansiyalarida 732 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Buning uchun, mavsumda issiqlik elektr stansiyalariga 8,5 mlrd kubometr (kuniga o‘rtacha 46,6 mln kubometr) tabiiy gaz, 2,9 mln tonna (kunlik 15 ming tonnadan) ko‘mir – shundan 1,1 mln tonnasi import, hamda kuniga o‘rtacha 2,5 ming tonna mazut sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Bizda qo‘shni davlatlardan ayirboshlash bor, ya’ni elektr energiyasini ham eksport, ham import qilamiz. Qo‘shni davlatlardan 5,2 mlrd kWh import qilinishi ko‘zda tutilgan.

2023 yil davomida iste’molchilarga 66,8 mlrd kWh (o‘tgan davrga nisbatan 4,1 mlrd kWh ko‘proq), shu jumladan aholiga 19,8 mlrd kWh (+2,4 mlrd kWh), ijtimoiy soha obektlariga 1,8 mlrd kWh (+187 mln kWh), iqtisodiyot tarmoqlariga 45,2 mlrd kWh (+1,3 mlrd kWh) elektr energiyasi yetkazib berish ta’minlanadi”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

O‘zbekistonda bu yilgi kuz-qish mavsumida o‘tgan yilgidek qattiq sovuq kutilmayapti. Shunday bo‘lsa-da, energetiklar avvalgi mavsumdagi kabi anomal sovuq bo‘lishi ehtimoliga ham tayyorlangani ma’lum qilindi.

“Biz o‘tgan yilgi anomal sovuq paytida hosil bo‘lgan defitsitni hisob-kitob qilib, xuddi shunday ob-havo takrorlansa, qanday ta’minlaymiz, qanday ishlarni olib boramiz, degan masalada hisob-kitoblarni qildik.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, agarda yanvar oyining eng sovuq kunlari, ya’ni -20, -25 gradusgacha bo‘lgan vaqtda, 273-280 mln kWh elektr energiyasi iste’moli kutilyapti. Shuni qoplash uchun 253-255 mln kWh ishlab chiqarish hisobidan ta’minlaymiz, 19,4 mln kWh kunlik import hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, biz qo‘shimcha ravishda 28 mln kWh ehtimoliy, ya’ni defitsit bo‘ladigan bo‘lsa, nimaning hisobidan qoplanishi bo‘yicha... Bu eng avvalo elektr energiya eksportini kuniga 6 mln kWh'ga qisqartirish hisobidan, mazut yoqilg‘isi kuniga 10 ming tonnagacha oshirib, qo‘shimcha 10 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarishni ta’minlash hisobidan, hamda elektr energiyani iqtisod qilish orqali o‘rtacha kunlik 12 mln kWh'ni tejash nazarda tutilgan.

Bunda, 12 mln kWh energiyani tejash uchun 838 ta iste’molchilarning yuklamasi tungi rejimga o‘tkazilishi mumkin, bu tig‘iz vaqtlarda 1450 MW quvvatni bo‘shatish imkoniyatini beradi”, – dedi Energetika vazirligi rahbari.

Vazir mavsumni betalafot o‘tkazish uchun tarmoqdagi korxonalarda qilingan ishlarni sanab o‘tdi:

  • Reja-grafikka muvofiq, joriy yilda IESlarda 55 ta energoqurilma, shundan 14 ta energoblok, 31 ta qozon, 9 ta bug‘-gaz qurilmasi va 1 ta gaz turbinasi mukammal ta’mirdan chiqarildi.
  • Elektr ta’minoti bo‘yicha hududlarda jami 831 km magistral hamda 29 562 km taqsimlovchi elektr tarmoqlari, 8 ta magistral podstansiyadagi transformatorlar hamda 10 158 ta transformator punktlarini mukammal ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi.
  • Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi podstansiyalarning quvvati 400 MW amperga, Chirchiq podstansiyalarining umumiy quvvati 125 MW amperga oshirildi.
  • Toshkent shahridagi elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yil yakuniga qadar poytaxtning o‘zida umumiy quvvati 664 MW amper bo‘lgan 5 ta 110 kW kuchlanishli podstansiya, 101 km 35 kW va 110 kW kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilib, 4 ta podstansiyani rekonstruksiya qilish orqali ularning o‘tkazish quvvatlari 179 MW amperga oshiriladi.

“Ko‘pchilik ko‘rdi, yoz bo‘yi, yaqin kunlargacha Toshkent shahrining hatto markaziy ko‘chalarida yerlarni kavlab, ancha noqulayliklar keltirib, shu ishlarni bajarishimizga to‘g‘ri keldi. Tarmoq tarixida birinchi marta biz 110 kW liniya tarmog‘ini yer ostidan olib o‘tdik. Buning uchun xorijiy ekspertlarni, loyihalashtirish institutlarini jalb qildik. Prezidentimiz topshiriqlariga asosan, xorijdan o‘zimizda chiqmaydigan maxsus kabellar, maxsus moslamalarni olib keldik. Bu ishlar hozirgi kunda ham davom ettirilyapti”, – dedi Mirzamahmudov.

  • Eskirgan 35 kW, 110 kW elektr uzatish tarmoqlari zamonaviy turdagi 32,5 km sim, 18,1 km kuchlanish kabellariga almashtirildi.
  • Hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida qish davri uchun 258 ta har xil quvvatli transformatorlar, 70 tonna simlar, 80 km kabel, 490 tadan ortiq muftalardan iborat avariyaviy zaxira yaratildi.

“Joriy yildagidek zaxira oldingi yillarda umuman bo‘lmagan. Avariyaviy holatlar bo‘lganida, avariy brigadalarning jihozlanishi [qoniqarsiz bo‘lgan]. Mana, birgina yerosti kabellarining tahlilini o‘tkazadigan laboratoriya respublika bo‘yicha bitta bo‘lgan bo‘lsa, hozir Toshkent shahrining har bir tumaniga bittadan, respublikaning har bir viloyatiga bittadan olindi, keyingi bosqichda qo‘shimcha yana bittadan olinadi. Oldinlari biz qandaydir avariya bo‘lsa, uni 7-8 soatda aniqlab, topishga qiynalgan bo‘lsak, hozir avariya bo‘lgan joylarni 2 soat ichida aniqlab, uni bartaraf qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi ta’minlanyapti”, – dedi Energetika vazirligi rahbari.

Tabiiy gaz

Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, kuz-qish davrida tabiiy gazga bo‘lgan talab 28 mlrd kubometrni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2,5 mlrd kubometrga ko‘p bo‘lishi kutilyapti. Shundan noyabrda 4,7, dekabrda 5,4, yanvarda 5,45, fevralda 4,5, martda 4,4 mlrd kubometr tabiiy gazga talab bo‘lishi kutilmoqda.

“Ushbu talabni qoplash uchun 26,3 mlrd kubometr (o‘tgan yilga nisbatan 1,1 mlrd kubometrga ko‘proq) gaz qazib olinadi. Shundan “O‘zbekneftgaz” AJ tarafidan 16,2 mlrd kubometr, xorijiy va qo‘shma korxonalar tarafidan 10 mlrd kubometr gaz qazib chiqarish ta’minlanadi.

Bundan tashqari, xabaringlar bor, erishilgan kelishuvlarga asosan, hozirgi kunda qo‘shni davlatdan hamda shimoldan qo‘shimcha gazni import qilib, ichki bozorga yo‘naltiryapmiz”, – dedi vazir Turkmaniston va Rossiyadan importni nazarda turgan holda.

Mirzamahmudov tabiiy gaz infratuzilmasini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha qilingan ishlarni sanab o‘tdi:

  • Gaz-transport tizimida 5,7 km magistral gaz quvurlarining nuqsonli qismi almashtirildi. 2675 km qismi ichki-sirtqi qismi tozalandi, 119 km quvurlar yangitdan qurildi, kompressor stansiyalarida 8 ta gaz haydash agregatlari mukammal, o‘rta va joriy ta’mindan chiqarildi.
  • 273,7 gaz taqsimlash tarmoqlari mukammal ta’mirlanib, rekonstruksiyadan chiqarildi. 250 ta gaz taqsimlash punkti ta’mirlandi. 62 799 ta texnik taftishdan o‘tkazilib, 6345 km quvurlar bosim ostida sinaldi, tozalandi. 6686 km yerosti gaz quvurlarining holati tekshirilib, ishlar to‘liq yakunlandi.
  • Respublika bo‘yicha gaz sohasida 231 ta avariyaviy brigada tashkil etilib, 255 ta maxsus avtotransport vositalari, 480 ta payvandlash apparatlari va boshqa kerakli ehtiyot qismlari, jumladan turli diametrdagi 23 km quvurlar, 2,4 ming komplekt ehtiyot qismlar, 505 ta monometr, 5,6 tonna karbid va 2,5 tonna moylash materiallari zaxirasi yaratildi.
  • 3,5 mlrd kubometr tabiiy gaz zaxirasi gaz saqlash omborlarida yaratildi.

“O‘tgan yilgi anomal sovuq kunlarini simulyatsiya qilib, hisob-kitob qilganimizda, o‘tgan yili kuniga 21,6 mln kubometr gaz defitsit bo‘lgan. Shuning o‘rnini qoplash manbalari bo‘yicha aniq hisob-kitoblar qildik. Bu eng avvalo yerosti gaz saqlash omborlari. O‘tgan yili omborlardan kunlik 18-20 mln kubometr tabiiy gaz olingan bo‘lsa, bu yil 35-40 mln kubometrgacha olish imkoniyati yaratildi. Ya’ni defitsitning bir qismi yerosti gaz saqlash omborlaridan gaz olish hisobiga yopiladi.

Shuningdek, iqtisod qilish choralari ham ko‘riladi. Agarda anomal sovuq kunlar bo‘lsa, biz GTL zavodiga gaz berishni qisqartirib, 5 mln kubometr gazni shuning hisobidan ta’minlaymiz. Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari hozirda kuniga 15 mln kubometr gaz olayotgan bo‘lsa, ularni 30 foizga qisqartirish hisobidan, gaz defitsitini to‘liq qoplash – faqatgina anomal sovuq kunlarda – rejalashtirilgan”, – dedi vazirlik rahbari.

Suyultirilgan gaz

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda aholi va ijtimoiy soha obektlariga joriy yilda 630 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Shundan 332 ming tonnasi faqat kuz-qish davrida, ya’ni 5 oy ichida yetkazib beriladi.

Buning uchun 96 ta gaz to‘ldirish inshootlarida sutkalik quvvati 11,7 ming tonna suyultirilgan gaz tashuvchi 380 ta va aholiga gaz ballonlari yetkazib beruvchi 836 ta maxsus avtotransport vositasi tayyorlab qo‘yilgan.

Hozirda kuniga 1,8–2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilayotgan bo‘lsa, ehtiyoj oshgan paytda kuniga 2500–2700 tonna suyultirilgan gazni kafolatli yetkazib berish imkoniyati bor.

Ko‘mir

2023 yilda 5 mln tonnaga yaqin ko‘mir yoqilg‘isi importi rejalashtirilgan bo‘lib, yil boshidan 4,8 mln tonnasi yetkazib kelindi, ichki bozorga taqsimlandi. Shundan 1,5 mln tonnasi IESlarga yetkazib berilgan, 2 mln 381 ming tonnasi esa xususiy tadbirkorlar tarafidan import qilingan. Ayni paytda kuniga 5-6 ming tonna ko‘mir import qilinmoqda, dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Avtomobil benzini

Energetika vaziri AYoQShlarda ayrim markadagi benzin taqchilligi kuzatilganiga munosabat bildirdi.

“Ayniqsa, oxirgi kunlarda avtobenzin ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokama bo‘lyapti. Joylarga chiqib o‘rganyapmiz. Taqchillik deb bo‘lmaydi, lekin joylarda sun’iy manipulyatsiya qilgan “zapravka”larga nisbatan choralar ko‘rilyapti, o‘rganilyapti.

Ehtiyojni qondirish uchun ichki ishlab chiqarishni oshirish va importdan qo‘shimcha olib kelish choralari ko‘rilyapti. Rossiya hukumati tarafidan ma’lum bir muddatga kiritilgan cheklov ham ta’sir qildi. Lekin mana, xabaringlar bor, 5-6 oktyabr kunlari prezidentimiz tashriflari davomida hukumatlararo kelishuvga erishildiki, bu cheklov bo‘lsa-bo‘lmasa bizga kafolatlangan olib chiqib ketish imkoniyati yaratildi. Va hozirgi kunda Rossiya kompaniyalaridan import benzini olib kelish boshlandi. Ya’ni oktyabrda tuzilgan shartnomalar va umuman hamma jarayonlarni yakunlaganimiz bo‘yicha mana noyabr oyida dastlabki partiyalar kirishni boshladi.

Agar o‘tgan davrda hozirgi kungacha jami 1 mln 160 ming tonna avtobenzin o‘zimizda ishlab chiqarilgan, 371 ming tonna benzin import qilish rejalashtirilgan; shundan “O‘zbekneftgaz” 100 ming tonna, tadbirkorlar tarafidan 270 ming tonna benzin import qilish rejalashtirilyapti. Yil yakuniga qadar esa 1 mln 329 ming tonna benzin o‘zimizning resurslardan va tashqaridan olib kelinayotgan xomashyo hisobidan yetkazib beriladi.

Noyabr–dekabr oylarining o‘zida 80 ming tonna benzin import qilinib, ehtiyoj ortgan paytda kafolatlangan tarzda ta’minlash ko‘zda tutilgan”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Mazut

Energetika vaziri sovuq paytlarda issiqlik elektr stansiyalariga gaz bilan birga, mazut yetkazib berishga ham tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytib o‘tdi.

“O‘tgan yilgi saboqlardan xulosa qilib, yil boshidan prezidentimiz topshiriqlariga asosan tegishli choralar ko‘rilib, hatto yozda iste’mol ortgan paytda mazut yoqishga majbur bo‘ldik. O‘tgan yili 22 noyabr holatiga bizda IESlarda 46 ming tonna mazut zaxirasi bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda 340 ming tonnadan ortiq mazut zaxirasi yaratildi. Yil oxirigacha bu zaxira 500 ming tonnaga yetkazilishi ta’minlanadi. Bu – faqatgina yirik IESlar uchun.

Bundan tashqari, Toshkent shahri Shayxontohur va Chilonzor tumanlaridagi 3- va 4-issiqlik markazlarini bu yil mukammal ta’mirladik. Bular shtgan yili eng og‘ir hududlar bo‘lgan. Gaz bosimi tushib ketgan edi, shu sabab issiqlik ta’minlanmagan. Bu yil ushbu issiqlik markazlariga ham alohida gaz tarmog‘i tortildi, ham ehtimoliy bosim tushib ketgan paytlar uchun qo‘shimcha mazut yoqish uchun qozonxonalar to‘liq almashtirilib, moslashtirildi. Ularga 2 ming tonnadan kafolatlangan mazut zaxirasi yaratildi. Ya’ni bu 40 kun eng anomal sovuq paytlarda mazut hisobidan 65 gradus haroratda issiqlik bilan ta’minlash imkoniyatini beradi”, – dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Mavzuga oid