Iqtisodiyot | 13:14 / 22.11.2023
18062
6 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Markaziy Osiyoda savdo-sotiqni osonlashtirishga qanday yordam bermoqchi?

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining MOda savdoni yengillashtirish loyihasi menejyeri Yudit Blank mintaqada savdoni yengillashtirishga oid masalalar va ularning yechimlari, shuningdek, xalqaro savdoda sun’iy intellektdan foydalanishning afzalligi haqida gapirib berdi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) 20 yildan beri “Markaziy Osiyoda savdo jarayonlarini yengillashtirish” loyihasini amalga oshirmoqda. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirok etayotgan bu loyihaning maqsadi – konsalting yordamini ko‘rsatish orqali mintaqada savdoni osonlashtirishga ko‘maklashishdir.

Yudit Blank loyiha menejyeri sifatida 2023 yil dekabr oydan ish boshlaydi. U Kun.uz bilan suhbatda mintaqaga oid ayrim savollarga javob berdi.

– Ayni paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiqni osonlashtirish bo‘yicha loyihaning yangi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida qanday savdo cheklovlari va to‘siqlar saqlanib qolmoqda?

– Ijobiy sur’atga qaramasdan, Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy va global savdodagi ishtiroki salohiyati ro‘yobga chiqarilmasdan qolmoqda. Masalan, mintaqadagi davlatlarnnig o‘zaro savdosi umumiy savdo hajmining atigi 9 foizini tashkil qiladi. Buning turli sabablari bor, lekin ulardan eng asosiysi ba’zi jarayonlarning raqamlashtirilmaganidir. Shu sababli bunday jarayonlarni uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, transport koridorlarida davlatlararo chegaralar bilan ishlash, ayollar bilan ishlash, shuningdek transport harakatining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish yo‘llarini topishga harakat qilish kerak..

– Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari o‘zaro savdoni soddalashtirishga harakat qilmoqda, ammo ularning sa’y-harakatlari hali kutilgan natijaga erishmaganini tan olishadi. Sizningcha, buning asosiy sababi nimada?

– Buning bir nechta sabablari bor. Bilasizmi, asosiy sabablardan biri kompaniyalar taqdim etadigan mahsulotlarning raqobatbardosh emasligi bilan bog‘liq. Menimcha, savdo va savdoni osonlashtirish haqida gap ketganda asosiy muammolardan yana biri jarayonlar o‘zaro uyg‘unlashtirilmagani va standartlashtirilmaganiga oid. Shu sababli siz turli mamlakatlarda turli xil jarayonlardan o‘tishingiz kerak bo‘ladi va bu, albatta, mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni qiyinlashtiradi.

Men yuqorida raqobatbardoshlik haqida gapirgandim, aytmoqchimanki, barcha iste’mol tovarlari hali raqobatbardosh emas. Dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi va savdo xarajatlarining yuqoriligini hisobga olsak, bularning barchasi mamlakatlar o‘rtasida savdoni qiyinlashtiradi.

– Markaziy Osiyo davlatlarida bu cheklovlar va to‘siqlarni yumshatish uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

– Geosiyosiy vaziyat ham Markaziy Osiyo uchun ma’lum imkoniyatlarni taqdim etadi, chunki muqobil savdo yo‘llari o‘rganilmoqda va Markaziy Osiyo o‘z savdo yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatiga ega.

GIZ (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) 20 yil davomida Markaziy Osiyoda savdo va savdoni osonlashtirish bo‘yicha faol ish olib boryapti va ko‘plab yutuqlarga yerishildi. Imkoniyatlar haqidagi savolingizga javoban, savdoni osonlashtirish bo‘yicha kuyidagi ishlarni ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan: :

1. Davlat korxonalari xodimlarining transchegaraviy savdo bilan bog‘liq raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish.

2. Savdoni osonlashtirish samaradorligidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun ikki tomonlama va milliy darajalarda savdoni osonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

3. Mintaqaviy savdo yo‘llari bo‘ylab savdoni osonlashtirish va raqamlashtirishga mintaqaviy yondashuvlarni ilgari surish uchun mintaqaviy muloqotni rag‘batlantirish.

4. Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi transport va logistika kompaniyalariga amaliy yordam berish.

– Yaqinda Markaziy Osiyoda savdoga ko‘maklashish milliy qo‘mitalari o‘ninchi mintaqaviy yig‘ilishida transchegaraviy savdo ma’lumotlariga kirish uchun sun’iy intellektdan qanday foydalanish masalasi ham muhokama qilingandi. Mintaqa bu borada sun’iy intellektdan qanday foydalanishni ko‘zlayapti?

– Sessiyaning g‘oyasi, asosan, savdoda va savdoni osonlashtirishda sun’iy intellektdan foydalanishning ba’zi imkoniyatlarini ko‘rsatish edi. Ishtirokchilar Google Bard va ChatGPT bilan hamkorlikda muayyan tovarlarni bir mamlakatdan boshqasiga sotishda savdo tartib-qoidalari haqida tegishli ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘ldilar. Asosiy maqsad – ishtirokchilar statik axborot manbalari/veb-saytlardan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan sun’iy intellektdan foydalanish qo‘rquvini yengish edi. HS kodlarini avtomatik ravishda tasniflash yoki shubhali narsalarni aniqlash uchun skanerlarga ulangan sun’iy intellektdan foydalanish mumkin. Ushbu muxum mavzu ustida ishlashni davom ettish kerak.

– Suhbatimizdan oldin gender muammosi va savdoni osonlashtirish holati o‘rtasidagi korrelyatsiya haqida gapirgan edingi. Bu haqda batafsil gapirib bera olasizmi?

– Ta’kidlashim lozimki, ayollar ko‘pincha savdoda ba’zi qiyinchiliklarga duch kelishadi. Ular o‘z muammolarini aytishlari uchun maydon kerak, shuning uchun biz Qozog‘istonda va bu yil O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda savdo jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha Milliy qo‘mitalarning mintaqaviy uchrashuvlari doirasida Savdoda ayollar uchun tarmoqlar tashkil qilish va ularning yetakchiligini oshirishga qaratilgan konferensiyalari tashkil qilindi.Tadbir Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan savdo vazirliklarining, bojxona xizmati, karantin va veterinariya xizmati, xamda xususiy sektor ayol vakillarini birlashtirdi. Konferensiya ayollarning savdo va savdoni osonlashtirishdagi rolini oshirish, ularning yetakchilik ko‘nikmalarini oshirish va ularning raqamli tajribasini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratishga qaratilgan edi. Jahon bojxona tashkiloti spikeri bojxona xizmatlarida ayollar ulushini oshirish bo‘yicha o‘z ishlarini namoyish etdi.

Boshqa mamlakatlarda, GIZ chegaralar bo‘ylab mayda savdo bilan shug‘ullanayotgan ayollar bilan ishlayapti. Bu, masalan, ularga chegaradagi idoralar bilan muloqot qilish imkoniyatlarini oshiradi..

Bu kelajakda batafsil ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan yana bir yunalishlardan biri.

Mavzuga oid