O‘zbekiston | 13:03 / 22.11.2023
2725
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish natijasida kamida 1 mln yangi ish o‘rni yaratiladi

Rossiyaning "Moskovskiy komsomolets" gazetasi sahifasida O‘zbekistonda turizm sohasining zamonaviy rivojlanishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

"Dunyo" xabariga ko‘ra, unda turizm O‘zbekistondagi eng istiqbolli tarmoqlardan biri bo‘lib, mamlakatda yuzlab mamlakatlar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilingani, shuningdek, soddalashtirilgan tartibda elektron viza olish imkoniyati mavjud ekanligi qayd etilgan.

Xabar qilinganidek, ikki yil ichida mamlakatda 800 dan ortiq turizm infratuzilmasi loyihalari hayotga tatbiq etildi, 70 ta yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 6 ta xususiy aviatashuvchi o‘z faoliyatini boshladi.

"Chora-tadbirlar allaqachon o‘z samarasini bergan: O‘zbekistonda chet ellik sayyohlar soni ikki baravarga ko‘paydi, turizm sohasidagi daromadlar to‘rt baravarga oshdi. Tez orada mamlakatga 15 million nafargacha chet ellik sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda", deb yozadi nashr.

Maqolada O‘zbekiston prezidenti Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasida so‘zga chiqib, turizmni kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan strategiya ishlab chiqilayotgani, bu boradagi asosiy yo‘nalish sifatida zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilishi, katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etilishini bildirgani rossiyalik o‘quvchilarning e’tiboriga havola qilingan.

"O‘zbekistonda turizmni kompleks rivojlantirish strategiyasiga binoan, turistlarni o‘ziga jalb qiladigan madaniy meros obektlari soni 800 tadan 2,5 mingtaga yetkaziladi, 745 ta madaniy meros obekti restavratsiya qilinadi, 20 ta me’moriy yodgorlikda "ochiq osmon ostidagi muzey"lar tashkil etiladi. Mintaqa davlatlari bilan qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish, Markaziy Osiyoda transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish diqqat markazida bo‘lmoqda. Sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hisobidan kelgusida kamida 1 million yangi ish joylarini yaratish maqsad qilingan", deb yozadi "Moskovskiy komsomolets" gazetasi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid