XX asrning eng shov-shuvli qotilligi – AQSh prezidenti Jon Kennedi qanday o‘ldirilgandi?
Bundan roppa rosa 60 yil avval, 1963 yil 22 noyabr kuni XX asrning shubhasiz eng shov-shuvli qotilligi sodir etiladi. AQShning 35-prezidenti Jon Kennedi omma oldida pistirmadagi snayper tomonidan otib o‘ldiriladi. Garchi MRB va FQB hisobotlarida qotil kimligi haqida yozilgan bo‘lsa-da aksariyat amerikaliklar unga ishonmaydi. Ular Kennedini bir kishi emas, bir guruh odamlar avvaldan tuzilgan puxta reja bilan o‘ldirgan deb hisoblashadi.
Bundan roppa rosa 60 yil avval, 1963 yil 22 noyabr kuni AQShda misli ko‘rilmagan qotillik sodir etiladi. Mamlakat prezidenti Jon Kennedi omma oldida otib o‘ldiriladi.
Qotillik kunduzi prezidentni ko‘rish va olqishlash uchun chiqqan odamlar ko‘z o‘ngida sodir etiladi. Hodisani o‘sha yerda bo‘lgan ko‘plab jurnalistlar tasvirga olishadi. Qotillik dunyo bo‘ylab katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.
O‘sha paytlarda Karib havzasida joylashgan Kuba oroli tufayli sovet-Amerika munosabatlari juda taranglashgan edi. Shu sababli Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va Federal qidiruv byurosi (FQB) Kennedining o‘limida KGB va Kubani ayblaydi.
Bir necha yil SSSRda yashagan va hodisadan biroz avval AQShga qaytgan amerikalik yigit Kennedini o‘ldirishda ayblanib, hibsga olinadi.
Oradan ikki kun o‘tgach gumondorni shahar qamoqxonasidan okrug qamoqxonasiga olib ketishayotganda fuqarolardan biri uni otib tashlaydi.
Ko‘pchilik amerikaliklar prezidentni bir kishi o‘ldirganiga ishonmaydi va qotillikni guruh amalga oshirgan deb hisoblaydi.
Demokratlardan chiqqan xalq qahramoni
1960 yilda AQShning 35-prezidenti etib saylangan Jon Fitsjyerald Kennedi media va omma e’tiboridagi odam edi.
Hollivudcha tashqi ko‘rinish, Ikkinchi jahon urushi qahramoni, meros qolgan katta pul, avtobiografik kitob uchun Pulitser mukofoti – bularning barchasiga ega bo‘lgan Kennedi amerikaliklarning qalbini zabt etgandi.
1960 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida tajribali siyosatchi Richard Nikson ustidan kichik farq bilan bo‘lsa-da g‘alaba qozonish uchun 42 yoshli Kennediga shular yetarli bo‘ladi.
Biroq Kennedi eng munozarali prezidentlardan biri sifatida Amerika tarixiga kirdi. U AQShni boshqargan uch yildan kamroq vaqt ichida bu davlat ichki va tashqi siyosatda bir qator mojarolarga aralashdi.
Uning davrida Kuba va G‘arbiy Berlin inqirozi sodir bo‘ldi. AQSh Vetnam urushiga ko‘proq aralasha boshladi. Ichki siyosatda o‘zgarishlar bo‘ldi va fuqarolar huquqlari liberallashtirildi. Natijada Amerikaning konservativ jamiyati qutblana boshladi.
Suiqasd
1963 yil 22 noyabr juma kuni Jon Kennedi va uning rafiqasi Jaklin Texas shtatidagi Dallas shahriga uchib borishadi. Bir yildan so‘ng AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak edi va Kennedi bu boy shahardan homiylar topishga umid qilgandi.
Prezident va uning rafiqasini Texas gubernatori Jon Konnalli hamda uning rafiqasi kutib oladi. Shundan so‘ng ular Lincoln Continental kabrioletiga o‘tirib, shahar markazi tomon harakatlanishadi.
Yo‘lda ularni ko‘chalar bo‘ylab saf tortgan odamlar qo‘l silkitib qutlashar, fotosuratchilar va operatorlar holatni kadrlarga muhrlashardi. Kabrioletni politsiya va mas’ul tashkilotlar kuzatib borardi.
Kortej Meyn-stritdan o‘tib Xyuston ko‘chasiga, so‘ng Elm ko‘chasiga buriladi. Soat 12:30 da yaqin atrofdagi maktab kutubxonasi joylashgan bino tomondan ikki marta o‘q ovozi eshitiladi.
Birinchi o‘q Jon Kennedining orqa tomonidan bo‘yniga, ikkinchisi boshiga tegadi. Birinchi o‘q uzilgan zahoti prezidentni qo‘riqlab kelayotgan maxfiy xizmat agenti Klinton Xill darhol Kennedi o‘tirgan mashina tomon yuguradi.
U prezident o‘tirgan kabrioletga yetmasidan ikkinchi o‘q uziladi. Klinton darhol tanasi bilan Kennedini to‘sadi. Kabriolet haydovchisi mashinani darhol kasalxona tomon yeldirib ketadi.
Kennedini Parklend kasalxonasiga olib borishganda u tirik edi. Ammo shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, prezident soat 13:00 da vafot etadi.
Kennediga otilgan birinchi o‘q Texas gubernatori Konnallini ham yaralaydi. O‘q Kennedining orqa qismiga tegib, bo‘ynidan teshib chiqqanidan so‘ng, uning old tomonida o‘tirgan gubernatorga ham tegadi.
Asosiy gumondor KGB bilan hamkorlik qilganmidi?
Prezident kasalxonaga olib ketilgandan so‘ng politsiya atrofdagi barcha binolarni tekshira boshlaydi. Shunda politsiyachilardan biri Elm ko‘chasidagi binoning oltinchi qavatida miltiq ko‘targan yigitga ko‘zi tushganini aytib qoladi.
Bino darhol o‘rab olinadi va o‘q otilgan joy topib boriladi. U yerdan miltiq va uchta bo‘sh patron topiladi. Surishtiruv davomida nafaqadagi dengiz piyodasi Li Harvi Osvald ismli shaxs qo‘lga olinadi. Biroq gumonlanuvchi o‘z aybini tan olmaydi.
Suiqasddan ikki kun o‘tib, yigit shahar qamoqxonasidan okrug qamoqxonasiga ko‘chirilayotgan vaqtda Jyek Rubi ismli tungi klub egasi uni otib o‘ldiradi. Tergov davomida Rubi bu ishni prezidentning o‘limi uchun qasos sifatida qilganini aytadi.
Keyinchalik, Osvald AQSh sotsialistik partiyasi safiga 16 yoshda kirgani, rus tilini o‘rgangani va bir necha yil SSSRda yashagani ma’lum bo‘ladi.
Osvald SSSRda 1959-1962 yillar davomida yashagandi. AQSh fuqarosi sifatida Osvald SSSRda har doim kuzatuvda bo‘ladi. Shu paytda KGB xodimlari u bilan bir necha marta suhbatlashishadi. Buni Osvald SSSRda bo‘lganida u bilan uchrashgan va keyinchalik AQShga qochib ketgan KGB xodimi Yuriy Nosenko ham tasdiqlagan.
Nosenkoning ma’lum qilishicha, 1962 yil AQShga qaytgan va Dallas shahriga qo‘ngan Osvald okean ortida ishlayotgan KGB josuslari bilan aloqada bo‘lib yuradi. U AQShdagi KGB josusi bilan so‘nggi marta Kennedini o‘ldirishidan ikki oy avval muloqotda bo‘lgani aniqlanadi.
1964 yilda Nosenko AQShga qochib borganida MRB va FQB Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha tergovni davom ettirayotgandi. Shu sababli uni ham MRBda so‘roq qilishadi. Nosenkodan Kennedining o‘ldirilishida KGBning roli bo‘lganmi-yo‘qmi shu haqda so‘rashadi. U o‘zi bilgan ma’lumotlarni oshkor qiladi.
Nosenkoga ko‘ra Osvaldga Kennedini o‘ldirish KGB tomonidan buyurilmagan. Unda ruhiy muammolar bo‘lgani uchun KGB Osvaldga ishonmagan va u bilan hamkorlik qilishni rad etgan.
Biroq Nosenkoning ma’lumotlaridagi ayrim tafsilotlar AQShga qochib ketgan yana bir KGB josusi Anatoliy Golitsin bergan ma’lumotlardan biroz farq qiladi.
Boshqa tafsilotlarga ko‘ra, Osvald Kuba hukmdori Fidel Kastroning muxlisi bo‘lgan. Sobiq dengiz piyoda askari 1962 yil iyun oyida yosh rafiqasi bilan SSSRdan AQShga qaytib, Dallasga joylashadi. Bu yerda u mahalliy sotsialistlar va Kuba hukmdori Fidel Kastroning muxlislari safiga qo‘shiladi.
MRB ma’lumotlariga ko‘ra, Kennediga suiqasddan ikki oy oldin Osvald hatto Meksikaga borgan, u yerda SSSR va Kuba elchixonalariga tashrif buyurgan. KGB zobitlari bilan uchrashgan.
Keyinchalik, iste’fodagi KGB polkovnigi Oleg Nechiporenko Kennedi o‘ldirilishidan ikki oy oldin Osvald bilan uchrashganini tasdiqlaydi. U yigitni «beqaror ruhiyatga ega, ba’zi vaziyatlarda talvasaga tushib qoladigan xarakterli shaxs» deb ta’riflaydi.
«Sovuq urush» davridagi qarama-qarshilik va Osvaldning kommunistlar bilan aloqalari inobatga olinsa, KGBning Kennedi o‘ldirilishida ishtirok etgani eng asosiy taxmin bo‘ladi. Biroq MRB bu haqda jiddiy dalil topa olmagan.
Taxminlarga asoslangan dalillar
Agar Kennedining o‘ldirilishida KGBning qo‘li borligi haqidagi taxmin faqat tasdiqlanmagan fitna nazariyasi bo‘lsa, Osvaldning aybdorligi haqida bir nechta dalillar bor.
Kennediga o‘q uzilgandan so‘ng jinoyatchi o‘tirgan joyni topib kelgan politsiya qutilar orasidan sovetlarning Mosin miltig‘iga juda o‘xshash italiyaliklarning Carcano miltig‘ini topadi.
Keyinchalik, bu miltiqni Osvald sotib olgani, unda yigitning barmoq izlari topilgani, Kennediga tekkan o‘qlar undan otilgani aniqlanadi.
O‘shanda FQB va MRB xodimlari jurnalistlar ishtirokida sinov o‘tkazishadi. Ular miltiq topilgan joydan Kennedi ketayotgan ko‘chadagi harakatlanayotgan nishonga o‘q uzib ko‘rishadi. Biroq biron kishi qisqa vaqt ichida kerakli masofaga yuqori aniqlikda o‘q uza olmaydi.
Osvald ham mergan emasdi. Shu sababli sinovdan so‘ng MRB va FQBda aslida qotillar ko‘proq bo‘lgan va prezidentga o‘q uzgan shaxslar qochgan degan taxmin paydo bo‘ladi.
Komissiya xulosasi
Kennedi o‘ldirilgandan so‘ng AQSh prezidentligi lavozimi vitse-prezident Lindon Jonsonga o‘tadi. Yangi prezident tomonidan AQSh Oliy sudi rahbari Erl Uorren boshchiligida prezident Kennedi o‘limi sabablarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.
Komissiyaning 10 oylik faoliyati natijasida qotillik jinoyat paytida yolg‘iz harakat qilgan Li Harvi Osvald tomonidan amalga oshirilgan, degan rasmiy xulosaga kelinadi.
Biroq keyinchalik Kennedining o‘limi bilan bog‘liq gap-so‘zlar va hatto Osvaldning bu qotillikka daxli yo‘q ekani to‘g‘risida bir-biriga qarama-qarshi turli taxminlar ko‘payib ketadi.
1966 yilda Nyu-Orlean prokurori Jim Garrison suiqasd paytida olingan fotosuratlar va videolarga tayanib, Kennedi o‘ldirilishi bo‘yicha o‘z tergovini boshlaydi.
U prezidentga suiqasdni MRBning alohida xodimlari va AQShdagi kubalik muhojirlarning Kastroga qarshi qo‘poruvchi guruhlari uyushtirgan deb topadi.
Garrison uch marta o‘q otilgan deb hisoblaydi. Prokuror asosiy tashkilotchi sifatida uchuvchi Devid Ferri va bankir Kley Shouni ko‘rsatadi.
Garrison o‘tkazgan tergov haqidagi ma’lumotlar ommaga e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tgach Devid Ferri vafot etadi. Garrison ikki yillik tinglovlar davomida sudda Shouning aybini isbotlay olmaydi. Vakillar palatasi qo‘mitasi tomonidan uning tergov usullari shubhali deb topiladi.
MRB va FQB uchun savollar
Hodisa sodir bo‘lganiga 60 yil bo‘ldi, biroq o‘tgan yillar oralig‘ida AQShda Kennedi o‘ldirilishini tergov qilish masalasiga tez-tez qaytib turishdi.
Shu paytgacha e’lon qilingan ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, AQSh aholisining 70 foizi qotillikning rasmiy versiyasiga ishonmaydi. 61 foizi esa Osvald yolg‘iz harakat qilmagan deb hisoblaydi.
Xulosa shuki, maxsus xizmatlarning barcha arxivlarini oshkor qilmasdan, Kennedi o‘ldirilishining rasmiy versiyasini o‘zgartira oladigan biron bir yangi faktni aniqlash qiyin.
Amerikalik kongressmen Stiv Koenning fikricha, razvedka idoralari Kennedining o‘ldirilishiga doir arxiv hujjatlarini chop etishni sekinlashtirishga harakat qilmoqda.
Chunki arxivdagi oshkor qilinmayotgan hujjatlar va fayllar MRB, FQB va boshqa idoralarning layoqatsizligi yoki qonunbuzarliklarini ko‘rsatishi mumkin.
Amerika jurnalistlari, prokurorlar va huquq faollari o‘tgan yillar davomida Kennedining o‘ldirilishi, shuningdek, bu qotillik ortida kim turgani bo‘yicha mustaqil surishtiruvlar olib borishdi.
Bu borada 600 dan ortiq kitob chop etiladi, bir qancha hujjatli filmlar ishlanadi. Biroq ularning birontasida o‘shanda Kennedini kim o‘ldirgani haqida aniq gaplar yo‘q. Barchasida turli taxminlar ilgari suriladi.
O‘sha taxminlarga ko‘ra, quyidagilardan biri Kennediga qarshi qilingan suiqasd ortida turgan bo‘lishi mumkin.
SSSR. Asosiy gumondor Li Harvi Osvaldning Amerika sotsialistik partiyasiga a’zoligi, bir necha yil SSSRda yashagani va suiqasddan biroz avval AQShga qaytgani, KGB xodimlari bilan doimiy aloqada bo‘lgani Kennedini sovetlar buyurtmasi bilan o‘ldirishgan degan gumonni asosiy o‘ringa olib chiqadi.
Vitse-prezident Lindon Jonson. Jonsonni ayblovchilar bunga asosiy sabab sifatida vitse-prezidentning Kennedilarni umuman yoqtirmaganini va 1964 yilda bo‘ladigan saylovda Kennedi g‘alaba qozonsa, uni vitse-prezidentlikka qo‘ymoqchi bo‘lmaganini ko‘rsatishadi.
Bundan tashqari, manbalar Jonsonning Li Harvi Osvaldning qotili bo‘lgan Jyek Rubi bilan tanishligiga ishora qiladi.
MRB. Kennedi davrida Kubada Kastro tuzumini ag‘darish uchun tashkillashtirilgan isyon muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Shundan so‘ng Kennedi MRB direktori Allen Dallesni ishdan oladi.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, Kennedi bo‘lajak saylovlarda g‘olib chiqqanidan so‘ng MRB faoliyatini maxsus tekshiruvdan o‘tkazishni rejalashtirgan. Shuning uchun ham MRB rahbariyati tekshiruvda noqonuniy ma’lumotlar jamoatchilikka ma’lum bo‘lishining oldini olish uchun «prezidentga qarshi fitnaga qo‘shilgan» degan qarashlar ham mavjud.
FQB direktori Jon Edgar Guver. Boshqa farazga ko‘ra, suiqasd ortida FQB direktori Jon Edgar Guver turgan bo‘lishi mumkin. 1962 yilda MRB boshlig‘i Allen Dalles ishdan bo‘shatilgandan so‘ng ko‘pchilik Kennedi Jon Guverni ham ishdan olishini taxmin qila boshlaydi.
Guver FQBni 1924 yildan buyon boshqarib kelayotgandi. U o‘z amalida qolish uchun prezidentni o‘ldirgan degan taxminlar ham bor. Keyinchalik, Amerika matbuotida Guver FQB yurisdiksiyasini ko‘p bora buzgani va siyosiy rahbarlar to‘g‘risida muhim ma’lumotlar to‘plab borgani hamda bu ma’lumotlardan prezidentlarga bosim o‘tkazish uchun foydalangani to‘g‘risida materiallar chop etiladi.
Hattoki AQShning 1969-1974 yillardagi prezidenti bo‘lgan Richard Nikson 1971 yilda kichik doirada Guverni ishdan ololmasligining sabablaridan biri sifatida FQB direktori o‘ziga nisbatan tazyiq o‘tkazishi mumkinligini ko‘rsatgandi.
Harbiy-sanoat kompleksi. Bu kompleks mamlakat qurolli kuchlari va uni ta’minlovchi mudofaa sanoati (jumladan, xususiy korporatsiyalar) o‘rtasidagi norasmiy ittifoq bo‘lib, u davlat siyosatiga ta’sir ko‘rsatadigan manfaat sifatida qaraladi.
1961 yil 17 yanvarda AQSh prezidenti general Duayt Eyzenxauer o‘z lavozimini tark etishidan oldin qilgan xayrlashuv nutqida xalqni harbiy-sanoat kompleksining qudrati oshib borayotganidan ogohlantirgan, hukumat ishlarida uning nojoiz ta’siridan ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.
Kubaliklar. Kennedi davrida Kubada Fidel Kastro tuzumini ag‘darib tashlash uchun bir qancha harakatlar qilingan va oqibatda SSSR-AQSh munosabatlari urush yoqasiga kelib qolgandi.
Shuningdek, MRB tomonidan Kastroni yo‘q qilishga urinishlar ham bo‘lgan. Shu sababli kubaliklar ham suiqasd gumonlanuvchilari hisoblanadi.
Milliarder Aristotel Onassis. Kelib chiqishi grek bo‘lgan bu shaxs Kennedilar oilasi bilan 1958 yilda tanishadi va Jaklin Kennadini yoqtirib qoladi. Keyinchalik, 1963 yilda Jaklin Kennedi Onassisning hashamatli yaxtasida dam oladi va bu haqdagi xabar OAVda e’lon qilinadi. Bundan xabar topgan prezident qattiq g‘azablanib, xotiniga tezda Vashingtonga qaytishni buyuradi.
Kennedi o‘ldirilgandan so‘ng besh yil o‘tgach, Jaklin Onassis bilan turmush quradi. Garchi milliarderning nomi gumondorlar ro‘yxatining oxirida kelsa ham qotilni u yollagan bo‘lishi ehtimoli ham bor.
Shuningdek, Kennedining o‘limida AQSh Federal zaxira tizimining o‘sha paytdagi rahbariyati, Texas neft magnatlari, uyushgan jinoiy to‘dalar (mafiya – Kennedi ularni yo‘q qilish uchun jiddiy choralar ko‘rgandi) asosiy gumondorlar hisoblanishadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024