Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda
Surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga yetmaganlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarga oid qabul qilgan qaror, hukm (ajrim)lari to‘g‘risida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi shart bo‘ladi.
Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
Qonun loyihasida parlament majlislarida Bolalar ombudsmani ma’ruzasi har yili eshitilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda. Bunday huquq Bolalar ombudsmani faoliyati ta’sirchanligini oshiradi. Bu bola manfaatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan har qanday mansabdorga tegishli chora ko‘rilishiga erishish imkonini yaratadi.
Bolalar ombudsmanining Oliy Majlis, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etish va masalalar kiritish huquqi mustahkamlanmoqda. Mazkur huquq orqali Bolalar ombudsmani parlamentda, ijro organlarida va sudlarda bola huquqlarini maxsus himoya qiladi, mazkur organlar e’tiborini aynan bola manfaati ustunligiga qaratadi.
Loyihaga ko‘ra surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga yetmaganlarning hayoti, sog‘lig‘i yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarga oid qabul qilgan qaror, hukm (ajrim)lari to‘g‘risida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Bunday xabardorlik natijasida bolalarga qarshi jinoyat faktlari yashirilishi, bunday ishlarning qonunga zid ravishda tugatilishi, tergov qilinmasligi yoki sudda ko‘rilmasligi oldi olinadi.
Shu bilan birga, qonun bilan Bolalar ombudsmaniga:
– voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko‘chirma nusxalar olish;
–bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etish;
–hukm bilan tanishib, bola manfaatidan kelib chiqib, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilish kabi huquqlar berilmoqda.
Mavzuga oid
14:55 / 22.11.2024
Raqamli dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi
11:50 / 20.11.2024
Prezident: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin
12:30 / 19.11.2024
Ombudsman fuqaro shikoyati asosida o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga egaligi belgilandi
17:35 / 18.11.2024