O‘zbekiston | 18:31 / 23.11.2023
40989
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘RVI tarqalishi kuchaydi. Vazir mas’ullarga shoshilinch topshiriqlar berdi

Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirildi. Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov o‘tkir virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni samarali davolash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘tkir virusli infeksiyalarga chalinish holatlari ko‘payishi natijasida Toshkent shahri bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar yilning boshqa davrlariga nisbatan ortgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Kuz-qish mavsumi odatda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishi uchun qulay davr hisoblanadi. Ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi.

Shu bois, butun dunyoda bo‘lgani kabi bu yil ham yurtimizda yosh o‘g‘il-qizlar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilmoqda.

Ushbu xastalikka chalinishning asosiy ulushi esa Toshkent shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar yilning boshqa davrlariga nisbatan ortgani kuzatilmoqda.

Shu bois, ehtiyot chorasi sifatida vazirlik mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. 

Biroq shunga qaramasdan mavsumiy yuqumli kasalliklar profilaktikasi va davolash jarayonlarini samarali tashkil etish hamda o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Shu sababli bugun sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov mazkur masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Toshkent shahridagi barcha klinik shifoxonalar rahbarlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari hamda tez tibbiy yordam xizmati mas’ullari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda dastlab:

  • bugungi kunda poytaxtimizdagi bolalar klinik shifoxonalaridagi holat;
  • bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar;
  • aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati xususida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng vazir bu boradagi ishlar yetarli emasligini ta’kidlab, shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarni tezda kamaytirish, bemor bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur choralar ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga shoshilinch topshiriqlar berdi.

Jumladan, Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish belgilandi.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda aholidan harorati ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli «103» xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo‘lgan 40 ta avtomashina qo‘shimcha ajratildi.

Shuningdek, joriy yil 25 noyabrdan vazirlik tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 29 ta to‘liq jihozlangan «Isuzu» rusumdagi avtomashinalari tibbiy brigadalar bilan doimiy foydalanish uchun ajratilishi aytib o‘tildi.

«Yana bir masala. Bugungi kunda poytaxtimizdagi 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 72 ta oilaviy poliklinikada ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha bo‘lgan muddatda chaqiruv bo‘yicha tibbiy brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Mazkur brigadalar «103» xizmati xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, uyda qoldirilgan yoki shifoxonaga yotqizilmasdan uyga qayta olib kelingan va ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlar ro‘yxati aniqlanib, ko‘rsatma asosida onlayn va joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida. 

Yig‘ilishda vazir klinik shifoxonalarga yuklamani kamaytirish uchun bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat qamrovini oshirish zarurligini ta’kidlab, bu bo‘yicha mas’ullarga kerakli topshiriqlar bergan.

Bundan tashqari, o‘rganishlar ko‘rsatishicha, bugungi kunda yurtimizda O‘RVI kasalligiga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning ma’lum qismi statsionar davoga muhtoj emas.

Shu sababli yig‘ilishda oilaviy polikliklinika shifokorlariga o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berish uchun ixtisoslashtirilgan markazlardagi pediatrlar va barcha tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi lozimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, birlamchi tizimdagi kunduzgi statsionarlarda kasallikka chalingan bolalarning kuzatuvini olib borish, zarur bo‘lganda shu yerning o‘zida kerakli davo muolajalarini amalga oshirish bo‘yicha ham tegishli vazifalar belgilandi.

Mavzuga oid