O‘zbekiston | 16:49 / 23.11.2023
50142
4 daqiqa o‘qiladi

Yer osti suvlaridan “hisoblagich” bilan foydalanish. Yangi tartib qanday va kimlar uchun ishlaydi? 

Shu kunlarda jamoatchilik orasida yer osti suvlaridan “hisoblagich” bilan foydalanishga o‘tilayotgani borasida turli xabarlar tarqalib, keng muhokama qilinmoqda. Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik asosli va asosga ega bo‘lsa, u kim uchun qay tartibda amal qiladi? Kun.uz muxbiri ayni savol bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Nurbek Po‘latovga yuzlandi.

— Yer osti suvlaridan “hisoblagichlar” o‘rnatgan holda foydalanish va suvning pulli bo‘lishi borasida xabarlar tarqalmoqda. Xo‘sh, bu nima degani?

— Istalgan rivojlangan va demokratik davlatlarda birinchi o‘rinda qonun ustuvorligi turadi. Bizning konstitutsiyamizda ham yer va yerosti boyliklari, ularni muhofaza qilish davlat himoyasida ekani to‘g‘risida 68-modda bor. Bundan tashqari, Respublikamizdagi barcha suv resurslariga oid tartiblar O‘zbekiston Respublikasining suv va suv resurslaridan foydalanish qonuni bilan tartibga solingan. Qonunda vakolatli organlar, suvdan foydalanuvchi va iste’molchilarning majburiyatlari ham belgilangan.

Ushbu qonunning bir qator moddalarida suv iste’molchilari va suvdan foydalanuvchilar majburiyatlaridan biri sifatida suv olish obektlarida suv hisoblagichlar o‘rnatilishi belgilangan. Suv olish obekti deyilganda daryo, kanal, yerosti quduqlari, buloqlar kabilar nazarda tutiladi.

So‘nggi yillarda yerosti suvlari monitoringi olib borilganda Respublikamizning 21 ta hududida yerosti suvlari o‘rtacha sathdan 5 metr va undan ortiq pasaygani aniqlandi. Ko‘p yillik quduqlar qurib ham qolgan. Mana shunday holatlar oldini olish, yerosti suvlarini reabilitatsiya qilish maqsadida hisoblagich o‘rnatish masalasini ko‘tardik. 2022 yil 7 dekabrda prezidentimizning 439-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 21 ta hududda yerosti suvlaridan foydalanish bo‘yicha alohida tartib joriy etiladi. 2024 yil 1 yanvardan boshlab, yerosti suvlaridan foydalanishda suv hisoblash vositalari o‘rnatish belgilandi.

— Suv hisoblash vositalari o‘rnatish aynan kimlarga majburiy?

— Kunlik 5 tonnagacha va 25 metr chuqurlikkacha bo‘lgan suvlarni oluvchi jismoniy shaxslarga mustasno holati bor. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida shunday qilingan.

Hisoblagichni, avvalo, yuridik shaxslarga o‘rnatish majburiy bo‘ladi va kunlik 5 tonnadan ko‘p va 25 metrdan chuqur yerosti suvlarini oluvchi jismoniy shaxslarga ham majburiy bo‘ladi. Yuridik shaxslarga aholini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi kommunal tashkilotlari, suv xo‘jaligiga kiruvchi tashkilotlar, fermer xo‘jaliklari va yirik sanoat ishlab chiqarish zavodlari kabilar kiradi.

— Hisoblash qanday tartibda va qanday narxlarda bo‘ladi?

— Aytganimdek, jismoniy shaxslar 5 tonnagacha suv olishi mumkin. Shu miqdorda suv olganda suv resurslariga ta’sir qilmaydi. Ilgari nasoslar orqali hisoblanar edi suv sarfi, ammo so‘nggi vaqtlarda yerosti suvlari balansi buzilgan. Shuning uchun aniq hisoblarni yuritish uchun suv hisoblash vositalari borasida alohida tadbirlar olib borilyapti hududlarda.

Birinchi navbatda aholimizning huquqiy ongini, suvga bo‘lgan munosabatini shakllantirish uchun seminarlar, muloqotlar tashkil qilinyapti.

Narx masalasiga kelsak. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 445-moddasiga ko‘ra, suv olish turlariga ko‘ra turlicha tariflar bo‘ladi. Ya’ni yerosti va yerusti suvlariga har xil tariflar belgilangan. Maqsadlar ham belgilangan, sug‘orish, qadoqlash, sanoat maqsadlari uchun turlicha soliq turlari belgilangan.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid