YeIning O‘zbekistonga ham taalluqli bo‘lgan GSP+ imtiyozlari 4 yilga uzaytirildi
6200dan ziyod tovarlarni Yevropa Ittifoqiga bojxona imtiyozlari asosida eksport qilish imkonini beradigan GSP+ dasturining amaldagi muddati 2027 yilgacha uzaytirildi. YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianga ko‘ra, O‘zbekiston dasturga qabul qilingach, YeIga eksporti ikki yilda ikki barobarga oshgan.
2021 yilda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlar dasturiga qabul qilingan 8-davlat bo‘lgan edi. Bu bilan O‘zbekiston kompaniyalari Yevroittifoq bozorlariga 6200 dan ortiq turdagi mahsulotlarni bojsiz olib kirish imkoniga ega bo‘lgandi. 22 noyabr kuni bu dasturning amal qilish muddati 4 yilga – 2027 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.
Shu munosabat bilan 23 noyabr kuni Toshkentda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianning aytishicha, o‘tgan davrda GSP+ O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir qilib, mamlakat uchun muvaffaqiyat hikoyasiga aylangan.
“GSP+ mamlakatingizdagi xususiy sektorga katta turtki bo‘lib, 448 million iste’molchiga ega Yevropa bozorlariga kirishni osonlashtiradi, Yevropa va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni rag‘batlantiradi va xarajatlarni sezilarli tejashga olib keladi”, – dedi Sharlota Adrian.
Anjumanda ma’lum qilinishicha, 2022 yil yakuni holatiga 628 ta korxona tomonidan 647 mln dollar miqdorida, ya’ni 2020 yilga nisbatan qariyb 2 barobardan ortiq hajmdagi mahalliy mahsulotlar Yevropa bozorlariga yetkazilgan.
Jumladan, GSP+ doirasidagi imtiyozlar asosida to‘qimachilik sanoatida – 177,4 mln dollar; kimyo sanoatida – 138,3 mln dollar; qishloq xo‘jaligi va oziq ovqat sanoatida – 19,7 mln dollar; elektrotexnika sanoatida – 9 mln dollar miqdoridagi mahsulotlar Yevropa bozoriga eksport qilingan.
Xo‘sh, bu dastur orqali eksportchilar qanday qilib o‘z tovarlarini Yevropa Ittifoqiga eksport qila oladi? Qanday talablar bor? Kun.uz muxbirining bu boradagi savoliga investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov javob berdi.
“O‘zbekiston ro‘yxatdagi 12 mingdan ortiq tovarlardan yarmidan ko‘prog‘ini Yevropa Ittifoqiga eksport qilish salohiyatiga ega. Asosiy yo‘nalishlar – to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyo sanoati, qurilish materiallari, neft va gaz, metallurgiya sanoati va boshqa tovarlar guruhlarini o‘z ichiga qamrab olgan. Biz ularning hammasidan samarali foydalanayotganimiz yo‘q. Oxirgi GSP+ tizimi yo‘lga qo‘yilganidan keyin ko‘plab korxonalar bu haqda bilib oldi.
Endi talablari qanday? Oddiy ko‘rinadi, ammo oson emas. Har bir tarmoq yo‘nalishida Yevropa Ittifoqining talablari bor, ularga rioya qilish kerak. Agar tovarlar shu talablarga javob bermasa, ularni eksport qilish imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli bizning maqsadimiz standartlar, sertifikatsiya talablariga rioya qilishni ta’minlash. Korxona Yevropa bozoriga kirishni xohlasa, mahsulotni kelib chiqishini ta’minlovchi hujjat muhim. Deylik, ruchka O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu mahsulot aynan O‘zbekistonda ishlab chiqarilganini ko‘rsatuvchi hujjat kerak. Kelib chiqishi O‘zbekiston bo‘lishi kerak. Biz shu hujjatni ta’minlab bersak, YeI buni tan oladi.
Bu – birinchi talab. Ikkinchisi, shu ruchkani ishlab chiqarishda YeIdagi reglamentlarga rioya qilinadimi yoki yo‘qligini aniqlash bo‘ladi. Bir qator talablar bor – uslubi, ekologik talablar, standartlarga rioya qilish kerak. Shundagina bu imtiyozlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Hozirda bu dastur bo‘yicha 1016 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalar ro‘yxatdan o‘tgan”, – deya tushuntirdi Abidov.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi GSP+ dasturiga inson huquqlari, mehnat huquqlari, atrof-muhit himoyasi va oqilona davlat boshqaruviga doir BMTning 27 ta konvensiyasini qabul qilgan rivojlanayotgan davlatlarni qabul qiladi. Benefitsiar davlatlarning bu konvensiyalar talablarini bajarayotgani Yevroittifoq tomonidan monitoring qilib boriladi. Tashkilotning O‘zbekistonga navbatdagi kuzatuv missiyasi kelasi yili kelishi kutilyapti.
Mavzuga oid
18:56 / 19.11.2024
YeI Xitoy kompaniyalaridan ishlab chiqarishlarini Yevropaga joylashtirishni talab qiladi
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
22:39 / 04.11.2024