O‘zbekiston | 18:32 / 26.11.2023
11608
2 daqiqa o‘qiladi

O‘lim bilan o‘ynashish: yo‘llarda piyodalar o‘zlarini qanday tutishmoqda?

Nafaqat haydovchilar, balki piyodalar ham yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmay qo‘yishgan. Yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tuvchilar va harakat vaqtida mobil qurilmalardan foydalanuvchilar, avvalo, o‘zlarining sog‘ligi va hayotlarini xatarga qo‘yayotganliklarini anglashmayapti. Toshkentda o‘tgan navbatdagi reydda ana shunday huquqbuzar piyodalar jarimaga tortildi.

Toshkent shahrida odamlar ko‘p harakatlanadigan chorraha va bozorlar atrofida piyodalar bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida “Diqqat piyoda” profilaktik tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Shunday tadbirlarning navbatdagisi Chilonzor metro bekati atrofida o‘tkazildi. Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ko‘plab fuqarolar piyodalar o‘tish yo‘lida svetofor chiroqlariga amal qilsa-da, lekin telefonda gaplashib yoki quloqchin taqqan holda harakatlanmoqda.

Shuningdek, tadbir davomida piyodalarning belgilanmagan joylardan harakatlanishi eng ko‘p buzilayotgan qoidabuzarlik bo‘lgani kuzatildi. Qoidabuzar piyodalarning ba’zilari ogohlantirilgan bo‘lsa, boshqalariga ma’muriy chora ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 138-moddasiga ko‘ra, piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanish, kitob yoki davriy nashrlarni o‘qish, videomaterial tomosha qilish hamda audiomaterial eshitish, shuningdek, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish — bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi (110 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid