Jahon | 13:48 / 26.11.2023
11752
19 daqiqa o‘qiladi

«Soyuz-1»dan «Appolon-1»gacha – Eng yirik kosmik halokatlar

Kosmik tadqiqotlar boshlangandan buyon oradan o‘tgan 70 yildan oshiqroq vaqt mobaynida turli halokatlar sodir bo‘lgan. Birida kosmik kema parvoz chog‘ida, boshqasida qaytib tushayotganida, yana bir holatda saqlanayotgan joyida portlab ketgan. Oqibatda ko‘plab odamlar halok bo‘lgan.

Foto: korrespondent.net

1955 yildan boshlab fazoni tadqiq etish boshlanadi va ilk sun’iy yo‘ldoshlar uchiriladi. Keyinchalik sinovlar hayvonlar bilan o‘tkaziladi. So‘ng 1961 yildan boshlab fazoga odam uchiriladi.

O‘sha paytlarda fazoni o‘zlashtirishda asosan AQSh va SSSR raqobat olib borardi. Shu sababli parvozlar bilan bog‘liq halokatlar har ikki davlatda ham sodir bo‘lgan.

1960 yilda Gagarin parvozidan avval Boyqo‘ng‘ir kosmodromida qit’alararo raketaning sinovi paytida halokat sodir bo‘ladi. Oqibatda 100 dan oshiq odam halok bo‘ladi.

Amerikaliklar uchun eng alamli halokat Arkanzas shtatidagi raketalarni saqlash shaxtasida sodir bo‘ladi va unda 50 dan oshiq odam halok bo‘ladi.

Quyida eng ko‘p odam o‘limiga sabab bo‘lgan kosmik halokatlar haqida ma’lumot beramiz.

«Chellenjyer Ss-51-L» shattli, AQSh.

1986 yilda NASA’ga tegishli «Chellenjyer Ss-51-L» shattli parvozdan so‘ng ko‘p o‘tmasdan portlab ketadi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 7 kishi halok bo‘ladi.

1970-yillarning ikkinchi yarmida amerikaliklar ilk marta ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema yasab chiqishadi. U muvaffaqiyatli parvoz qila boshlagach, 1980-yillarning boshlarida yana bir nechta shunday turdagi kosmik kema tayyorlanadi. «Chellenjyer» shattli shulardan biri edi.

Ushbu kosmik kema 1983 yilda ilk marta parvoz qilgan bo‘lsa, keyinchalik uni tez-tez uchira boshlashadi.

1986 yilda NASA «Kosmosdagi o‘qituvchi» loyihasini o‘tkazishga qaror qiladi. Bunda kosmosga astronavtlar bilan birga maktab o‘qituvchisi ham chiqishi va kosmik kema ichida turib dars o‘tishi lozim edi.

«Chellenjyer Ss-51-L»ning parvozi AQShda juda ko‘p reklama qilinadi. Telekanallar kosmik kema parvozini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatishni reja qilishadi.

1986 yil 28 yanvar kuni tong paytida Florida shtatida joylashgan Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan kosmik kema uchiriladi. Biroq oradan 73 soniyadan keyin «Chellenjyer Ss-51-L» havoda portlab ketadi.

Astronavtlar va o‘qituvchi kosmik kema portlagan paytda tirik qolishadi. Biroq ular o‘tirgan maxsus kabina soatiga 330 kilometr tezlikda suvga kelib urilgach, astronavtlar halok bo‘lishadi. Hodisani butun mamlakat tomosha qilib turardi.

«Kolumbiya» shattli halokati va unda halok bo‘lgan astronavtlar

Halokat tufayli darhol shattllardan foydalanishga 32 oylik taqiq qo‘yiladi. Ushbu hodisadan so‘ng, shattllardagi bir qancha uskunalar takomillashtiriladi. Ularga astronavtlarni qutqaruvchi parashyut tizimi o‘rnatiladi.

«Kolumbiya» shattli, AQSh.

2003 yilda NASA’ga tegishli «Kolumbiya» shattli parvozdan so‘ng ko‘p o‘tmasdan portlab ketadi. Oqibatda, uning bortida bo‘lgan 7 kishi halok bo‘ladi.

«Kolumbiya» shattli AQShda yasab chiqilgan eng birinchi shattl hisoblanadi. Mazkur shattl 1981 yildan 2003 yil, halokatga uchragan kungacha jami 28 marta kosmosga parvoz qilgandi.

2003 yil 1 fevral kuni ertalab «Kolumbiya» shattli muvaffaqiyatli missiyadan so‘ng Yerga qaytayotgan edi. Avvaliga atmosferaga kirish odatdagidek davom etadi. Biroq ko‘p o‘tmay kosmik kemada muammo kelib chiqadi va «Kolumbiya» bilan aloqa uziladi.

Shu orada parvozlarni nazorat qilish markazi mutaxassislari hodisa yuzasidan bahslashib turganda telekanallar to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda qulab tushayotgan kosmik kemani ko‘rsatishardi. Hodisada «Kolumbiya» shattlida bo‘lgan yetti nafar astronavtning barchasi halok bo‘ladi.

Apollon-1 shattli va halok bo‘lgan astronavtlar

«Kolumbiya» shattli bilan yuz bergan hodisa NASA’ning obro‘yiga qattiq putur yetkazadi. Halokatdan so‘ng shattllarning parvoziga taqiq qo‘yiladi. Ko‘p o‘tmay AQSh prezidenti Jorj Bush shattllar texnologiyasi eskirgani uchun yopilishini va NASA yangi kosmik kemalar ishlab chiqishini e’lon qiladi.

Aynan 2003 yilda shattllarga taqiq qo‘yilgani uchun NASA o‘z astronavtlarini xalqaro kosmik stansiyaga Rossiyaning Soyuz kosmik kemasida chiqarishga majbur bo‘ladi.

Halokatdan 9 oy o‘tgach, tarixda birinchi marta xitoyliklar «Shenchjou-5» kosmik kemasini muvaffaqiyatli uchirishadi.

«Apollon-1», AQSh.

1967 yilda «Apollon-1» kosmik kemasi uch nafar astronavt bilan parvozga shaylanayotganda paytda unda yong‘in kelib chiqadi. Oqibatda astronavtlarning barchasi halok bo‘ladi.

1960-yillarda AQSh va SSSR o‘rtasida kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha poyga avjiga chiqadi. Shu paytda har ikki davlat ham Oyga birinchi bo‘lib parvoz qilish uchun harakatlarni boshlab yuborgan edi.

Amerikaliklarning Oyga parvozi bo‘yicha Apollon dasturi qabul qilingan va shu dastur bo‘yicha «Apollon-1» kosmik kemasi fazoga parvoz qilishi kerak edi.

1966 yilda avvaliga «Apollon-1»ni bo‘sh holda, uchuvchisiz uchirib ko‘rishadi va parvoz muvaffaqiyatli kechadi. 1967 yil 21 fevralda kosmik kemani astronavtlar bilan birga uchirishga qaror qilishadi.

Ekipajni tayyorlashni boshlash uchun kosmik apparat Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromga yetkaziladi. Parvozga tayyorgarlik boshlanadi.

27 yanvar kuni uch nafar astronavt Edvart Uayt, Virjil Grissom, Rojyer Chaffi «Apollon-1» ichida tayyorgarlik ko‘rayotganida u yerda yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda, ularning uchalasi ham halok bo‘ladi.

Halokatga uchragan «Soyuz-1» kosmik kemasi va halok bo‘lgan kosmonoavt

Uch nafar astronavt mashg‘ulotlarni boshlagan kezda apparatdagi uskunalar bir ishlab, bir ishlamay nosozliklar kuzatiladi. Ko‘p o‘tmay bort ichida g‘alati hid tarqaladi. Astronavtlar mashg‘ulotni to‘xtatishadi.

Navbatdagi tekshiruv paytida o‘lchov uskunalari qisqa tutashuv tufayli quvvat kuchlanishini qayd etadi. 10 soniyadan so‘ng Uayt kabinada yong‘in chiqqani haqida xabar beradi.

Ba’zi guvohlarning ta’kidlashicha, kuzatuv kameralarida Uaytning lyuk tomon yo‘l olayotgani va uni ochishga uringani ko‘ringan. Bir necha soniyadan so‘ng kosmodrom ishchilari Chaffining «Men yonayapman» deb dodlaganini eshitishgan va shu bilan aloqa uzilgan.

Ko‘p o‘tmay kosmik apparat bosimga dosh bera olmay portlab ketadi va shu tariqa uch astronavt halok bo‘ladi.

Fojiadan so‘ng kosmik apparat mukammallashtiriladi. Uning bortidagi barcha materiallarni yonmaydiganlarga almashtirishadi. Simlarni teflon bilan qoplashadi. Lyukni tashqariga ochiladigan qilishadi.

«Soyuz-11» kosmik kemasi halokatida halok bo‘lgan kosmonavtlar

«Soyuz-1» kosmik kemasi, SSSR.

1967 yilda SSSRga tegishli «Soyuz-1» Yerga qaytib tushayotganda uning parashyuti ishlamay qoladi. Kosmik kema juda katta tezlikda Yerga kelib uriladi. Oqibatda 1 nafar kosmonavt halok bo‘ladi.

1960-yillar o‘rtalarida sovetlar fazoni o‘zlashtirishda amerikaliklardan orqada qola boshlashadi. Okean ortidagilar, ayniqsa, yangi turdagi kosmik kemalar yasab chiqishda muvaffaqiyatga erishishadi.

Shundan so‘ng SSSR rahbariyati ham yangi kosmik kema sinovini tezroq o‘tkazish talabini qo‘yadi. 1967 yil 23 aprel kuni shoshmashosharlik bilan «Soyuz-1» kosmik kemasi uchiriladi.

O‘sha paytda mazkur kosmik kema parvozga tayyor emasdi. Biroq Moskvadagi rahbarlar sinov parvozini kechiktirishni xohlamaydi.

«Soyuz-1»da mahoratli uchuvchi Vladimir Komarov uchadi. Ko‘p o‘tmay fazoga «Soyuz-2» uchishi va ikkala kosmik kema tutashtirilishi kerak edi.

Biroq shu paytda kosmik kemaning avtomatik tarzda ishlashi lozim bo‘lgan uskunalari ishlamay qoladi. Komarov uni qo‘lda boshqara boshlaydi. Ko‘p o‘tmay uchuvchiga Yerga qaytish topshirig‘i beriladi.

Kosmik kema atmosfera qatlamiga odatdagiday kiradi. Biroq Yerga yaqinlashganda undagi parashyut ochilmaydi. Zaxira parashyuti ochiladi, biroq uning iplari chalkashib qolgani uchun nafi tegmaydi.

Shundan so‘ng «Soyuz-1» sekundiga 50 metr tezlikda uchib tushib Yerga uriladi. Komarov halok bo‘ladi.

Hodisadan so‘ng, «Soyuz-1» bo‘yicha boshlangan ishlar bir yarim yilga kechikadi. Ungacha sovetlar «Soyuz-1»dagi nosozliklarni tuzatish uchun yana oltita kosmik kemani sinov tarzida uchirishadi.

1960 yilda Boyqo‘ng‘irda sodir bo‘lgan halokat

«Soyuz-11» kosmik kemasi, SSSR.

1971 yilda SSSRga tegishli «Soyuz-11» fazoda uchib yurganida unda nosozlik kuzatiladi. Kosmik kema Yerga qaytib tushganda uning ichida bo‘lgan uch nafar kosmonavt o‘lik holda topiladi.

«Soyuz-11» fazoga uchirilganda uning ekipajiga kosmik kema «Salyut-1» stansiyasi bilan tutashishi kerak edi. Kosmik kema fazoga chiqqandan so‘ng uning bortida muammolar yuz beradi.

«Soyuz-11» nosoz holda fazoda 11 kun bo‘ladi. Muammolar bartaraf bo‘lmagach, ekipajga Yerga qaytib tushishga buyruq beriladi. Kosmik kema atmosferaga odatdagiday kiradi. Biroq shundan so‘ng kosmonavtlar bilan aloqa yo‘qoladi.

Kosmik kema yerga tushganda uning ichida bo‘lgan uch nafar kosmonavtning barchasi jonsiz holda topiladi. O‘shanda «Soyuz-11»da uchgan kosmonavtlarda skafandrlar bo‘lmagan, kosmik kema shunday qurilgandi.

Ushbu fojiadan so‘ng «Soyuz»dagi nosozliklar bartaraf etiladi. Kosmonavtlarga skafandr kiyib uchish majburiy bo‘ladi.

Boyqo‘ng‘irdagi hodisada halok bo‘lgan marshal Nedelin

Bayqong‘urdagi halokat

1960 yil Gagarinning parvozidan bir necha oy oldin, Boyqo‘ng‘ir kosmodromida misli ko‘rilmagan halokat sodir bo‘ladi. Oqibatda 100 dan oshiq odam halok bo‘ladi.

AQSh bilan kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha poyga o‘ynayotgan sovetlar bu halokatni qattiq sir tutishadi va omma u haqda 1989 yilga kelib xabar topadi.

«Berlin inqirozi» tufayli xalqaro munosabatlarning keskinlashishi ortidan Xrushchev 1959 yilda qit’alararo ballistik raketalarni ishlab chiqishni tezlashtirishni buyuradi.

1960 yil 24 oktyabrda Boyqo‘ng‘ir kosmodromida R-16 raketasini sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Mutaxassislar raketada kamchiliklar borligini aytishganiga qaramasdan Moskvadan sinov parvozini ortga surmaslik haqida buyruq beriladi.

Shunda ham ayrimlar sinov parvozini kechiktirish kerakligini aytishganda parvoz uchun mas’ul bo‘lgan marshal Nedelin «Parvozni kechiktirib bo‘lmaydi, Unda men Nikitaga nima deb javob beraman? Raketa belgilangan vaqtda uchadi. Butun mamlakat bu ishni amalga oshirishimizni kutmoqda» deb javob beradi.

Marshal Nedelin parvozdan xavotirlanmaslik kerakligini aytib, loyihada qatnashayotgan turli mutaxassislar bilan birga start maydonchasidan atigi 17 metr uzoqlikda joylashadi.

1965 yilda Arkanzas shtatidagi parvoz shaxtasida yuz bergan halokat

Shu paytda 30 daqiqalik so‘nggi tayyorgarlik e’lon qilinadi. Biroq shu paytda parvozning ikkinchi bosqichida ishlashi kerak bo‘lgan dvigatel ishga tushib ketadi.

Undan chiqayotgan alanga raketa ostida bo‘lgan yoqilg‘i sig‘imining qizib ketib portlashiga sabab bo‘ladi. Oqibatda raketa portlab ketadi va start maydoni atrofidagi barcha kuyib ketadi. Ular orasida Marshal Nedelin va turli mutaxassislar ham bor edi.

Start maydonidagi kuchli alanga ikki soatda pasayadi va shundan so‘ng qutqaruvchilar ish boshlashadi. Biroq bungacha atrofdagi hamma o‘lib bo‘lgandi.

Ushbu fojiadan so‘ng kosmodromda xavfsizlik rejimi kuchaytiriladi. Shuningdek, raketalarni uchirishni tashkil etish ishlariga jiddiy e’tibor berila boshlanadi.

Arkanzasdagi raketa shaxtasidagi yong‘in

1965 yilda AQShning Arkanzas shtatida joylashgan raketa shaxtasida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda 65 kishi halok bo‘ladi.

1965 yil 8 avgust kuni Sersi aholi punkti yaqinidagi raketa uchirish shaxtalaridan birida Projyect Project YARD FENCE modernizatsiya dasturi doirasida ishlar olib boriladi.

7 qavatli shaxtani modernizatsiya qilishda LGM-25C Titan-2 qit’alararo ballistik raketasini ichkarida qoldirishga qaror qilinadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan undan jangovar kallak olib tashlanadi.

Ta’mirlash ishlari ketayotgan paytda ishchilardan biri tasodifan gidravlik shlangni shikastlab qo‘yadi va undan tez yonuvchi suyuqlik oqib chiqa boshlaydi.

Suyuqlikning hidi shaxta orqali tarqaladi va sezganlar yuqori qavatdagi chiqish joyiga qarab yugurishadi. Biroq faqat ikki kishi qochib chiqishga muvaffaq bo‘ladi.

1980 yilda Plesetsk kosmodromida sodir bo‘lgan halokat

Qolganlar chiqishga ulgurmasdan shaxtada kuchli portlash sodir bo‘ladi. Hosil bo‘lgan kuchli olov shaxtalar bo‘ylab tarqaladi. Oqibatda shaxtada bo‘lgan 53 nafar ishchi halok bo‘ladi.

Shaxtada bo‘lgan raketaga jiddiy shikast yetmaydi. Shaxta faoliyati esa oradan 13 oy o‘tib qayta tiklanadi.

Plesetsk kosmodromidagi avariya

1980 yilda Arxangelsk viloyatida joylashgan Plesetsk kosmodromida «Vostok» raketasini yoqilg‘i bilan to‘ldirish paytida yong‘in sodir bo‘ladi. Oqibatda atrofda bo‘lgan 48 kishi halok bo‘ladi.

1980 yil 18 mart kuni bortida «Ikar» ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshi bo‘lgan «Vostok» raketasi Plesetsk kosmodromida uchirishga hozirlanayotgan edi.

Raketa sig‘imlariga turli xil yoqilg‘ilar – kerosin, suyuq kislorod, azot quyiladi. Oxirgi bosqichda unga vodorod perekisi quyiladi.

Ana shu bosqichda ehtiyotsizlik tufayli yong‘in kelib chiqadi va raketaga qo‘yilgan 300 tonna yoqilg‘i portlaydi. Oqibatda hammayoq alanga ichida qoladi va atrofda bo‘lgan 44 kishi voqea joyida halok bo‘ladi. Yana to‘rt kishi kasalxonada vafot etadi. 39 kishi turli darajada tan jarohatlari oladi.

2003 yilda Braziliyaning Alkantara kosmodromida sodir bo‘lgan halokat

O‘sha paytda komissiya halokatga parvoz jarayoniga javobgar bo‘lgan harbiylarni aybdor deb topadi. Oradan 16 yil o‘tgach, hodisa yuzasidan qayta tekshiruv o‘tkaziladi.

Tekshiruvda halokatga vodorod perekisi uchun ishlatilgan yonilg‘i filtrlarida xavfli materiallar ishlatilgani sabab bo‘lgan deb topiladi.

Alkantara kosmodromidagi halokat (Braziliya)

2003 yilda Braziliyadagi Alkantara kosmodromida parvozga hozirlanayotgan raketa portlab ketadi. Oqibatda 21 kishi halok bo‘ladi.

2003 yil 25 avgust kuni Alkantara kosmodromida VLS-3 raketasining parvozi belgilangandi. Raketa ikkita sun’iy yo‘ldoshni fazoga olib chiqishi kerak edi. Shunda Braziliya Lotin Amerikasidagi birinchi kosmik davlatga aylanardi.

Braziliya ikki marta raketa uchirishga uringan, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. 22 avgust kuni yakuniy sinovlar o‘tkaziladi. Parvoz kuni raketa atrofida 100 ga yaqin odam ishlardi.

Parvozga start berilmasdan avval to‘satdan raketaning birinchi bosqichida ishlashi kerak bo‘lgan to‘rtta dvigateldan biri ishga tushadi va yong‘in boshlanadi. Biroz o‘tib raketaning yoqilg‘i baklari portlaydi.

Oqibatda raketa va 10 qavatli uchirish maydonchasi butunlay vayron bo‘ladi va 21 kishi halok bo‘ladi.

Raketada ishlagan ko‘plab olimlar va muhandislar portlash oqibatida halok bo‘lgani uchun Braziliya kosmik dasturi to‘xtab qoladi. Hodisa yuzasidan keng ko‘lamda tekshiruvlar va tergov o‘tkaziladi. Biroq halokatning aniq texnik sabablari aniqlanmaydi.

Sichan kosmodromidagi falokat, Xitoy

1996 yilda Xitoyning Sichan shahridan parvoz qilgan kosmik kema ko‘p o‘tmay qulab tushadi. Oqibatda, rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 6 kishi norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 100 dan oshiq odam halok bo‘lgan.

1990-yillarning ikkinchi yarmida Xitoy o‘zining kosmik dasturini faol rivojlantira boshlaydi. Biroq mamlakatda yetarli mutaxassislar yo‘q edi.

1996 yilda Xitoy va Rossiya o‘rtasida kosmik tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuziladi. Bu xitoyliklarga fazoga kosmik kemalarni uchirishni tezlashtirish imkonini beradi.

Shuningdek, 1996 yildan boshlab xitoyliklar AQSh mutaxassislari bilan ham hamkorlik qila boshlashadi. Jumladan, o‘sha yili AQSh va Xitoy o‘rtasida ham hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolanadi.

1996 yil 15 fevralda mamlakat janubiy-g‘arbidagi Sichan kosmodromidan Xitoy raketasi AQShning Intelsat 708 sun’iy aloqa yo‘ldoshini fazoga olib chiqishi kerak edi.

Raketa belgilangan vaqtda uchiriladi. Biroq ko‘p o‘tmay u tez aylana boshlaydi. Raketa parvozdan 22 soniya o‘tib, kosmodrom yaqinidagi qishloqqa qulab tushadi va portlaydi.

Sichan kosmodromi

 

Hodisa sababini xitoyliklar bilan birga amerikaliklar ham o‘rgana boshlaydi. Oxirida har ikki tomonning xulosasi qariyb bil xil chiqadi. Faqat halok bo‘lganlar sonida tafovut yuzaga keladi.

Xitoyliklarning xulosasida jami olti kishi halok bo‘lgani yozilgandi. Amerikaliklar xulosasida esa 100 dan oshiq odam halok bo‘lgani keltirilgandi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga doir:

Mavzuga oid